Oʻzbekiston ashula va raqs ansambli

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

"OʻZBEKISTON" ASHULA VA RAQS ANSAMBLI — M. Qoriyoqubov nomidagi Xalq badiiy jamoalar direksiyasi qoshidagi badiiy jamoa. 1936-yil XKS qaroriga binoan, Oʻzbekiston ashula va raqs Katta ansambli nomi bilan Oʻzbek davlat filarmoniyasi tarkibida tashkil etilgan (rahbari T. Jalilov, 120 kishidan iborat). 1968— 97 yillarda "Shodlik" ashula va raqs ansambli nomi bilan faoliyat koʻrsatgan. 1997-yildan hoz pomda. Tarkibida xonanda, raqqos(a) va sozandalar (jami 70 kishidan iborat) guruhlari mavjud. Ansamblning koʻp qirrali repertuaridan yirik kompozitsiyalar ("Jon Oʻzbekiston" vokalxoreografik syuitasi, "Navroʻz" teatrlashtirilgan tomoshasi va boshqalar), oʻzbek mumtoz ("Rok", "Soqiynomai Savti Kalon", "Abdurahmonbegi" kabi) va turli vohalarga xos xalq ashula, qoʻshiq va raqslari ("Surxondaryo termalari", "Norinnorin", "Fargʻona ruboiysi", "Buxoro naqshlari" va boshqalar), N. Hasanov, M. Mirzayev, S.Zokirov, B. Aliyev, T.Otaboyev kabi oʻzbek kompozitor va bastakorlarining asarlari oʻrin olgan. Jamoa chet mamlakatlarda oʻtkazilgan Oʻzbekiston madaniyat kunlari, oʻzbek sanʼati va adabiyoti dekadalari, turli tanlov va festivallar, "Navroʻz", "Mustaqillik" kabi milliy va boshqalar bayram va tantanalarning doimiy qatnashchisi. Ansambl Oʻzbekistonning barcha viloyatlarida muntazam konsertlar uyushtirib, turli qurilishlar, Ikkinchi jahon urushi jangchilari huzurida madaniy xizmat qilgan. U, shuningdek, Osiyo, Yevropa, Shimoliy va Janubiy Amerika, Afrika mamlakatlari va Avstraliyada gastrolda boʻlgan. Ansambl tarkibida badiiy va musiqa rahbarlari D.Zokirov, H.Yamshoyaov, M.Mirzayev, N.Hasanov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar K. Otaboyev, S. Yoʻldoshevlar, baletmeysterlar I. Oqilov, L. Petrosova, Q. Moʻminov, D. Jabborova, raqqos(a)lar Q. Mirkarimova, Q. Doʻstmuhamedova, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist N. Shermatov, xonanda va sozandalar E. Yoʻldoshev, F. Umarov,Sh. Joʻrayev, Gʻ. Yoqubov, N. Haydarov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar D. Islomov, Gʻ. Azimov, soʻz ustalari Gʻ. Tojiaʼloyev, Oʻ.Siddiqov va boshqalar sanʼatkorlar faoliyat koʻrsatgan.

Hozirda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar T. Otaboyev musiqa rahbari, bosh baletmeysteri — G. Shirinova. Yetakchi ijrochilari — Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar H. Azimov, S. Moʻminov, M. Sohibov, H.Rasulov, shuningdek, A. Sharipov, S. Mansurxoʻjayeva, N. Olimovalar. Ansambl bir necha kino va telefilmlarda suratga tushgan ("Shashmaqom", 1972; "Ali bobo va 40 qaroqchi", 1980 va boshqalar).

Avaz Vahobov.