Oʻzbek ayollarining milliy liboslari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Oʻzbek ayollarining oʻziga xos milliyligi'

Oʻzbek ayollarining milliy liboslari — oʻzbek xalqining tarixdagi kiyim-kechaklari bilan bogʻliq maʼlumotlarni arxeologik qazilmalar jarayonida topilgan qadimiy katta devoriy suratlar, turli buyumlarga tushirilgan tasvirlar, oʻrta asrlardagi kitob miniatyuralari beradi. Oʻrta asrlarga oid miniatyuralar oʻzbek kiyimlarining oʻziga xos uslubi, yaʼni tipi shakllanganligi va ular keyingi davrgacha saqlanganligini koʻrsatuvchi noyob namunalardir. Xalqning kiyim-kechaklaridagi oʻzgarishlar, asosan, XX asr boshlarida sezilarli ravishda namoyon boʻladi va undagi transformasiya, asosan, shaharlarda ochiq koʻzga tashlanadi.XIX asrning birinchi yarmida Oʻrta Osiyoga Rusiyadan ip gazlama va boshqa matolarning keltirilishi sababli XIX asr oxiri va XX asr boshida mahalliy aholi orasida asosan fabrikada tayyorlangan ip gazlamalar: chit, boʻz, xom surpdan tikilgan kiyim-kechaklarni kiyish rasm boʻlgan. boy-badavlat kishilar esa kimxob, ipak, atlas, duxoba, rang-barang movutlarni sotib ola boshlaganlar. Shunga qaramay, kosiblar dastgoxidan chiqqan mahalliy gazlama: mato, boʻz, nimshoyi kabi gazmollar (adras, beqasam, podshoi, kimxob, xonatlas, katakshoyi kabilar)ning turli xillariga ehtiyoj katta boʻlgan.

Milliy matolarning turlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Buxoro, Samarqand, Qoʻqon, Margʻilon, Namangan va boshqa shaharlarda anʼanaviy oʻzbek ipak (kanovuz, shoyi, xonatlas), nimshoyi (beqasam, banoras, adras) gazlamalardan tikilgan turfa kiyimlar boy-badavlat kishilar orasida rasm boʻlgan. Quyida mana shu matolarning ayrimlariga taʼrif beramiz. Beqasam- yoʻl-yoʻl gazmol boʻlib undan erkak, ayol va bolalar uchun kundalik kiyiladigan toʻnlar, koʻrpa-koʻrpachalar tikishda foydalanilgan. Banoras - beqasamdan rang turlari bilan farqlanib, undan ayollarning ustki kiyimi boʻlmish paranji tikilgan. Parpasha -beqasamdan qalinroq mato boʻlib, u paranji, shuningdek, chopon tikishda ishlatilgan. Adras — abr iplar bilan gul solingan nimshoyi gazmol. Shuningdek, kanovuz, shoyi, xonatlas, guldor kimxob, duxoba kabilar ham keng qoʻllanilgan. Shoyi va nimshoyi matolar -beqasam, adras, yakruyo, kaltak shoyi, tovlanma shoyi, abrshoyi turli-tuman gullar solingan.

Ayollar milliy libos turlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Maʼlumki, oʻzbek xalqi oʻzining milliy marosimlarida alohida kiyinadi. Nikoh yoki xatna toʻyida kelin-kuyovlar liboslari, toʻy bola kiyadigan liboslarga boʻlinadi. Ayollarning milliy liboslari ichki, ustki va kishilik kiyimdan iborat boʻlgan. Ustki kiyimlar : kamzul, yengil xalat (mursak, kaltacha), yengsiz nimchalardir. Paranji ham ayollarning ustki kiyimi sanalib, u toʻn va ichidan qora ot yolidan ishlangan chachvondan iborat. XX asrning 30-yillarigacha shaharlik oʻzbek ayollarparanji yopinganlar. Paranji soxta yengli, toʻnsimon, uzun yopinchiqdan iborat boʻlib, otning dum qilidan toʻqilgan toʻn parda — chachvon betga tutilib, ustiga paranji yopilgan.

Chachvon yuzni berkitib, belgacha yetgan. Odatda, paranji uydan koʻchaga chiqqanda yopinilgan. Qishloq joylarda paranji kam ishlatilgan, uni bayramlarda va uzoq safarga chiqilgandagina yopinganlar.