Dilmurod Nabiyev

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Nabiyev Dilmuroddan yoʻnaltirildi)
Nabiyev Dilmurod Xamidullayevich
Tavalludi 1978-yil 20-sentyabr
Fuqaroligi Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Taʼlimi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
Kasbi Rektor

Nabiyev Dilmurod Xamidullayevich (1978-yil 20-sentyabrda tavallud topgan) — Iqtisod fanlari doktori, professor. Milliy tiklanish demokratik partiyasi aʼzosi. Qarshi davlat universiteti rektori[1].

Hayoti va faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Nabiyev Dilmurod 1978-yil 20-sentyabrda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati oʻzbek. 2001-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan.

1996—1997-yilda „TAN-SI“ mas’uliyati cheklangan jamiyati marketing boʻlimi menejeri, 1997—2000-yilda „Oʻzbekinvest“ milliy sugʻurta kompaniyasi menejeri assistenti, 2000—2008 yillarda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi I toifali stenografisti, yetakchi mutaxassisi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri yordamchisi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Ilmiy-tadqiqot faoliyatini muvofiqlashtirish boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari lavozimlarida ishlagan.

2008-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Xalqaro iqtisodiy munosabatlar fakulteti dekani oʻrinbosari, 2008—2010-yillarda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Xalqaro iqtisodiy munosabatlar fakulteti dekani lavozimida faoliyat olib borgan.

2010—2011-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash va sportni rivojlantirish masalalari boʻyicha Davlat maslahatchisi xizmati Fan va ilmiy-texnikaviy taraqqiyot masalalari boʻyicha guruhining yetakchi konsultanti.

2011-2012 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash va sportni rivojlantirish masalalari boʻyicha xizmatining Taʼlim va kadrlarni tayyorlash milliy dasturini amalga oshirish guruhining oliy taʼlim masalalari boʻyicha yetakchi konsultanti.

2012—2014-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash va sportni rivojlantirish masalalari boʻyicha xizmatining Fan va ilmiy-texnikaviy taraqqiyot masalalari boʻyicha guruhining bosh konsultanti.

2014—2016-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash va sportni rivojlantirish masalalari boʻyicha Davlat maslahatchisi oʻrinbosari.

2016—2017-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Taʼlim, ilm-fan va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamenti mudiri.

2017—2018-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari[2].

2018—2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri lavozimida faoliyat yuritgan[3]. 2021-yil lavozimidan ozod etilgan[4][5].

Nabiyev Dilmurod 2021-yil fevral oyida Qarshi davlat universiteti rektori lavozimiga tayinlandi[1][6][7] va hozirgi kunga qadar shu lavozimda faoliyat yuritib kelmoqda.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]