Muhammad Tabodgoniy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Muhammad Tabodgoniy (1399–1486, Hirot) – tariqat piri. Shayx Zayniddin Xavofiyning xalifasi, Hirotdagi madrasai Sabzda zohiriy ilmlarni oʻrganadi, keyin tariqatga mashgʻul boʻlib, qisqa fursatda ulugʻ natijalarga erishadi. Zohiriy va botiniy ilmlarda komil bu zot murshid darajasiga yetib, xonaqohi va koʻp muridga ega boʻlgan. Xalqning eʼtiborini qozongan. Alisher Navoiy uning fazl-u kamoli taʼrifga sigʻmasligini qayd etadi. Qirq yilga yaqin elga irshod koʻrgizgan[1].

“Qasidai Burda”ni muxammas qilib, Abdulloh Ansoriyning “Manozil us-soyirin” asariga sharh bitgan. Yana “Asmoulloh” sharhi, “Vasoyo” va “Arbaʼin” tarjimasi ham uning qalamiga mansub.

Samarqandga safari[tahrir | manbasini tahrirlash]

1461–62-yillarda Samarqandga kelib, Kafshir mahallasida Xoja Ahror Valiy va uning yaqinlari bilan uchrashadi. Samarqandda unga atigi ikki voiz – Sayid Oshiq va Abusaid Toshkandiy maʼqul boʻlgan ekan.

Muhammad Tabodgoniyda pand-u nasihat vositasi bilan xalqni hidoyatga daʼvat etish iqtidori kuchli boʻlgan. Samoʻ raqsiga alohida ahamiyat qaratgan. U qoʻshigʻu kuydan taʼsirlanib, samoʻga berilganida odamlar yigʻlashga tushganlar. Muridlar tarbiyasi, ularni chillaga solish bilan mashgʻul boʻlgan. Sayid Hasan Ardasher ham unga murid boʻlgan. Navoiyga koʻp iltifot koʻrsatgan.

Amir Sayid Hasan va Amir Shayx Ahmad (Suhayliy)ga yozgan maktublarida hazrat Navoiyga duoyi salom yoki iltimosini albatta yetkazishni soʻragan: “Hazrati amorat maobiy va iyolat panohiy mulozimlariga (yaʼni Navoiyga) duoyi darveshonamizni yetkazurlar” yoki “Hazrati amorat maobiy va iyolat panohiy (yaʼni Navoiy)ni ogohlantirsinlarki, toki ular chiroyli harakatni ishga solib, iltifot qilsinlar, to haq joyida qaror topsin”. Maʼlum boʻladiki, Muhammad Tabodgoniy yuksak lavozimdagi kishilar, jumladan, Navoiyga ham turli iltimos va talablar bilan bemalol murojaat qila olgan. “Xamsat ul-mutahayyirin”ning 1-maqolatida Navoiy Abdulloh Ansoriyning Yusuf Roziy haqida bildirgan fikriga izoh soʻrab, Muhammad Tabodgoniyga murojaat qilganida, bu zotning javobi Abdurahmon Jomiyning izohi bilan bir xil, koʻp masalalarda bu ikki zot hamfikr va maslakdosh boʻlganlarini alohida taʼkidlab oʻtadi[2].

Muhammad Tabodgoniy 87 yoshida Chilgaziy mahallasida olamdan oʻtib, Xiyobon mavzeiga dafn qilingan. “Qutbi zamon biraft” – “zamon qutbi – rahnamosi ketdi” uning vafoti taʼrixi boʻlgan (1486). Xondamirning “Makorim ul-axloq” hamda Mir Abdulavvalning “Masmuot” kitoblarida maʼlumot berilishicha, Navoiy Muhammad Tabodgoniy qabri boshida masjid va “Jamoatxona” degan xonaqoh qurdirgan[3]. Muhammad Tabodgoniyning oʻgʻli Mavlono Hamididdin Tabodgoniy ushbu xonaqohda uning ishini davom ettirgan.

Muhammad Tabodgoniy tabʼi nazmdan ham bebahra boʻlmagan va “Majolis un-nafois”da quyidagi bayti keltirilgan:

Onho, ki ba juz qomati sarvat nigaronand,

Gar rost bigoʻi, hama koʻtahnazaronand[4].

(Mazmuni: Sening sarv qomating turganda boshqa narsalarga qaraydiganlarning barchasi, rostini aytganda, nazari past kaltabinlardir).

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Alisher Navoiy: Qomusiy lug'at. 
  2. Xamsat ul-mutahayyirin. 
  3. Makorim ul-axloq. 
  4. Majolois un-nafois.