Mir Murtoz

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Mir Murtoz (15-asr) – fors-tojik tilida ijod qilgan hirotlik shoir va olim. Nomi “Majolis un-nafois”ning toʻrtinchi majlisida tilga olinadi. Alisher Navoiy uning ilm olish bilan yoshligidan mashgʻul boʻlgani, ilmda nimaga erishgan boʻlsa, barchasi koʻp mutolaa qilganidan ekanini aytar ekan, taqvoli, doim roʻzador edi, deb taʼkidlaydi. Shu bois ustozlari unga “Mir Murtoz” (nafsini boʻysundirganlar amiri) deb taxallus berishgan[1].

Xondamir ham oʻzining “Habib us-siyar” asarida Mir Murtozning har doim roʻza tutishini, toat-ibodat shartlarini toʻliq bajarishini, falsafa va riyoziyot ilmida tengi yoʻq ekani, boshqa ilmlarda ham oʻz zamonasining koʻp olimidan ustunligini aytib oʻtadi[2]. Shuningdek, Xondamirning “Makorim ul-axloq”da maʼlumot berishicha, Mir Murtoz “Ixlosiya” madrasasida talabalarga saboq bergan, vaqf mulklaridan katta daromad olib, oʻz ehtiyojlari uchun sarflagan[3].

Alisher Navoiyning yozishicha, Mir Murtoz kim bilan biror masalada bahs boshlasa, uni to yengib, mulzam qilmaguncha tinchimas, shuning uchun shaharlik hazilkashlar uni “shilqimlar avliyosi” ham der ekan. Mir Murtoz shatranj ilmida ham mohir boʻlib, raqiblarini yengmaguncha tinchimas, agar ikki raqib paydo boʻlib qolguday boʻlsa, biri bilan oʻynab, ikkinchisi ketib qolmasligi uchun etagini qoʻyib yubormas ekan. “Majolis un-nafois”da uning quyidagi bayti keltirilgan:

To nayoyad soʻyi dil gʻayri xayoli dilsiton,

Bar sari rah mardumoni chashm gashta didabon[4].

(Mazmuni: Koʻngilga koʻngil oluvchining xayolidan oʻzga narsa kelmaguncha, (uning) yoʻli ustida koʻz qorachigʻlar nazoratchi boʻladilar).

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Alisher Navoiy: Qomusiy lugʻat. 
  2. Xondamir. Habib us-siyar. 
  3. Xondamir. Makorim ul-axloq. 
  4. Alisher Navoiy. Majolis un-nafois.