Miokard infarkti

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Miokard infarqti - yurak tomir kasalligi; koronar qon aylanishining buzilishi (arteriyalar aterosklerozi, trombozi, spazmi) natijasida yurak muskulida infarqt hosil boʻladi. M.i.ning rivojlanishiga gipertoniya kasalligi, kandli diabet, semirib ketish, kashandalik, kam harakat qilish, jismoniy va ruhiy zoʻriqish sabab boʻladi. Juda koʻp hollarda M.i. stenokardiya zaminida roʻy beradi. M.i.ning asosiy belgilaridan biri yurak muskulining maʼlum bir qismiga birdan kam qon borishi natijasida shu joyda kislorod va oziq moddalar mikdorining kamayib ketishi tufayli koʻkrak sohasida uzoq muddatli qattiq ogʻriq paydo boʻlishidir. Asosan, koʻkrak qafasining markazi (toʻsh orqasi) yoki chap yarmida achchiq (kuydiruvchi), qisuvchi davomli ogʻriq tutadi va u koʻpincha yuqoriga, oʻngga, chap qoʻlga yoki ikkala qoʻlga, orqaga, pastki jagʻ sohasiga tarqaladi. Ogʻriq bir necha soat, baʼzan hatto bir sutka davom etadi, boʻshashish, muzdek ter bosishi, oʻlim vahimasi, hansirash, yurak faoliyatining buzilishi, qonda va elektrokardiogramma (EKG)da oʻzgarishlar roʻy beradi. Ogʻriq xurujlari bilan kechadigan boshqa kasalliklarda ham EKG da oʻzgarishlar boʻlishi mumkin. Shuning uchun faqat vrach bemorni tekshirib natijalarini taxlil qilib, xulosa chiqarishi kerak. M.i., koʻpincha, yurak ishemik kasalligining zoʻrayish davrida yuz beradi, bunda stenokardiya xurujlari kuchayib va tez-tez takrorlanib turadi. Buni infarqt oldi davri deyilib, bir necha kundan bir necha haftagacha davom etadi. Shu davrda darhol vrachga murojaat etilsa, M.i.ning oldini olib qolish mumkin.

Toʻsh ostida qattiq ogʻriq paydo boʻlganda nitroglitserin naf bermasa, zudlik bilan tez tibbiy yordamni chaqirish zarur. M.i.da nitroglitserin ogʻriqni oxirigacha qoldirmasada, uni qayta qabul qilib turish lozim. Yurak sohasiga, toʻsh ustiga gorchichnik, oyoqqa grelka qoʻyish, qoʻlni isitish bilan bemor ahvolini bir oz bulsada yengillashtirish mumkin. Bemorni iloji boricha tezroq kasalxonaga yotqizish, dastlabki kunlari tibbiyot xodimlari uni uzluksiz nazorat qilib turishlari lozim. Kasallik juda ogʻir, hayot uchun xavfli hisoblansa ham, oʻz vaqtida toʻgʻri davo qilinsa, bemor butunlay sogʻayib ketishi mumkin. [1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil