Meshekli karvonsaroyi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

MESHEKLI KARVONSAROYI — Meshekli qal’a Dul-dul sakragan degan joydan tahminan 23 km shimoli-gʻarbiy tomonda, Amudaryoning oʻng sohilida joylashgan. Dastlab 1939 yilda S. P. Tolstov tomonidan moʻgʻullargacha boʻlgan karvonsaroy sifatida qayd qilingan va Xorazm arxeologik xaritasiga kiritilgan. Akademik Ya. Gʻulomov Meshekli qal’ani oʻrta asrlardagi Sandal raboti bilan aynan bir deb koʻrsatadi. XX asrning 70-yillarida yodgorlikni M.Mambetullaev tadqiq qiladi va XI-XII asrlarga oid madaniy qatlam qoldiqlarini aniqlashga muvaffaq boʻlgan. Meshekli qal’a rejalashtirilishiga koʻra kvadrat shaklda (hajmi 60x60 m) boʻlib, burchaklari dunyo tomonlariga qaragan. Janubi-sharqiy devor yarim aylanali gofrilar (qat-qat burma) bilan bezatilgan. Saqlanib qolgan devorlarning balandligi 4–8 m ni tashkil qiladi. SHarqiy devorda qal’aga kirish joyi -darvoza oʻrni mavjud. Qal’a devorlari paxsa, guvala va xom gʻishtlardan tiklangan. 2004-2005 yillarda S. R. Baratov boshchiligidagi Xorazm Maʼmun akademiyasining arxeologik guruhi tomonidan tadqiq qilingan. Yodgorlikning janubiy qismida bir nechta xoʻjalik xonalari ochib oʻrganildi. Ularning poydevori toshlardan va 35x35x4 sm, 37x37x4 sm hajmli pishgan gʻishtlardan terilgan. Madaniy qatlamlardan topilgan sopol idishlar — xumlar, xumchalar, koʻzalar va kosalar XII-XIII asrlar boshlari bilan belgilanadi. S. R. Baratov fikriga koʻra, xoʻjalik faoliyatida qoʻllaniladigan koʻplab sopol idishlarning topilishi va xonalarning joylashishidagi nomutanosiblik hamda qal’adan janubda mustahkamlanmagan rabotning mavjudligi bu yodgorlikni karvonsaroy sifatida emas, balki boy dehqonning qoʻrgʻoni sifatida talqin qilinishiga sabab boʻldi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

{Baratov S. R. Arxeologicheskie issledovaniya na yuge Xorezma v 2004-2005 godax. // Arxeologicheskie issledovaniya v Uzbekistane v 2004-2005 godi. Vip.5. 47-55 betlar.}

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]