Kontent qismiga oʻtish

Mavlono Yaqiniy (shoir)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Mavlono Yaqiniy (15-asr) – fors-tojik tilida ijod qilgan zullisonayn shoir, Alisher Navoiyning zamondoshi.

Ijodi[tahrir | manbasini tahrirlash]

“Oʻq va Yoy” munozarasi bilan mashhur. Majoziy uslubda yozilgan bu nasriy asarda Oʻq va Yoy timsolida toʻgʻrilik va egrilik, manmanlik va kamtarlik, maqtanchoqlik va xoksorlik, xushomadgoʻylik va haqiqatparastlik kabi ijobiy va salbiy xususiyatlar bir-biriga qarama-qarshi qoʻyiladi. Oʻq – navqiron yigitga, yoy – qaddi xam qariyaga tashbeh qilinadi. Oʻq barcha ezgu fazilatlarni oʻziga, hamma salbiy illatlarni yoyga nisbat beradi. Oʻqning talab va takliflaridan bezor boʻlgan Yoy oqibatda tarxoniy zihgir va barlosiy kirish bilan oʻzaro ittifoq tuzib, oʻqni yetti qat yerga tiqib yuboradilar. Muallifning yozishicha, “bu munozaradin maqsud ulkim, bu davr­ning kajtabʼlarining qolinda har kim yo(y)dek egri boʻlsa, yonlaridin yiroq boʻlmas va har kim oʻqtek rost boʻlub, tuz yurusa, Yaqiniydek yiroq tushar...”

“Oʻq va Yoy” munozarasi bilan Mavlono Yaqiniy turkiy va forsiy adabiyotdagi munozara janridagi asarlar tajribasidan samarali foydalanib, uning imkoniyatlarini kengaytirdi, janr rivojiga munosib hissa qoʻshdi. Asarning yagona qoʻlyozma nusxasi Britaniya muzeyida saqlanadi[1].

Navoiy eʼtirofi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Alisher Navoiy “Majolis un-nafois”da “Mavlono Yaqiniy tundroq mashrabliq kishi erdi. Turkiy va forsiy sheʼr aytur erdi”, deb yozadi va ijodidan namuna sifatida bir turkiy va bir forsiy matlaʼsini keltiradi: “Turkchasidin bu matlaʼni koʻp mubohotlar bilan oʻqur erdikim:

Ohkim, jonimgʻa yettim yori nodon ilgidin, Dodu faryod ul jafochi ofati jon ilgidin.

Ammo forsiysidin bu matlaʼi yomon voqe boʻlmaydurkim:

Subhe, ki dam ba mehr nazad yak nafas, tui,

Naxle, ki bar naxoʻrad az oʻ hech kas, tui”.

(Mazmuni: Quyosh bir nafas ottirolmagan tong sensan, mevasidan hech kim totmagan daraxt sensan)[2].

“Muhokamat ul-lugʻatayn”da Mavlono Yaqiniyni oʻzigacha oʻtgan isteʼdodli shoirlar qatorida tilga oladi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Alisher Navoiy: Qomusiy lugʻat. 
  2. Majolis un-nafois.