Markaziy Yevropa tekisligi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Markaziy Yevropa tekisligi- gʻarbda Atlantika okeani sohillaridan boshlanib, sharqda Oder va Visla daryolarining suv ayirgʻichigacha davom etadi.

Bu oʻlka tarkibiga

  • Fransiyaning Parij Havzasi,
  • Garonna pastekisligi,
  • Armorikon va Markaziy massivlari,
  • Belgiya va Germaniyaning janubiy qismlari,
  • Chexiya massivi
  • Oʻrta Polsha kiradi.

Markaziy Yevropa Oʻrta Yevropa tekisligidan farq qilib, uning hududi tekisliklardan, botiqlardan, togʻ massivlaridan, platformalardan va qirlardan tarkib topgan. Shuning uchun u Markaziy Yevropa togʻ-tekislik oʻlkasi yoki Gertsin Yevropasi deb ham ataladi. Markaziy Yevropaning gʻarbiy qismida Fransiya hududida bir-biridan botiq orqali ajralib turgan, kuchli peneplenlashgan qadimgi massiv -Armorikon va Markaziy massivlar joylashgan. Armorikon massivi Fransiyaning shimoli-gʻarbiy qismida gertsin burmalanishi natijasida vujudga kelgan. Bu massivda Markaziy massivga nisbatan neogen davrida koʻtarilma tektonik harakatlar kuchli boʻlmagan. Lekin choʻkish jarayonining bir necha marta takrorlanishi uning yuzasini botiqlar bilan ajralib turgan alohida-alohida balandliklarga boʻlib yuborgan. Bretan yarim orolidagi Arre togʻi, Normandiya va Gatin qirlari qadimgi yaxlit massivning qismlari hisoblanadi. Bular toʻlqinsimon yuzali koʻtarilmalar boʻlib, kristall jinslardan tarkib topgan. Ularning dengiz sathidan balandligi 400 m ga yetadi. Markaziy massiv Markaziy Yevropaning gertsin burmalanishida vujudga kelgan eng yirik va gumbazsimon baland koʻtarilma hisoblandi. Uning asosini burmalangan qadimiy kristall va vulkanik jinslar tashkil etadi. Neogenda massivning oʻrta qismida tektonik harakatlar kuchli boʻlib, uning hududini parchalagan, turli xil yoʻnalishda chuqur yoriqlar hosil qilgan. Bu yoriqlardan vulqonlar otilib chiqqan. Vulqonlar antropogenning boshlariga qadar harakatda boʻlib, bir qator vulkanik massivlarni vujudga keltirgan. Shulardan eng kattasi Mon-Dor vulkanik massivining baland nuqtasi Pyui-de-Sansi choʻqqisi 1886 m ga yetadi va oʻlkaning ham eng baland nuqtasi hisoblanadi. Bundan tashqari Kantal (1858 m), Mezenk (1754 m) va boshqa massivlar ham bor. Markaziy massivning janubiy qismidagi kristall jinslar yura davrining ohaktoshlari bilan qoplangan va Gran-Kos platosi deb ataladi. Bu platoda karst relef shakllari yaxshi rivojlangan. Massivning 1700 m balandlikkacha koʻtarilgan sharqiy va janubi-sharqiy qismlari Sevenni deb ataladi. Uning sharqiy yonbagʻiri zinapoyasimon tik, daryo vodiylari chuqur kesilgan. Massivning shimoli-gʻarbida Limuzen platosi joylashgan. Biskay qoʻltigʻi bilan Markaziy massiv oraligʻida Goronna pastekisligi yoki Akvitaniya havzasi joylashgan, janub tomondan Pireney togʻ etaklari bilan chegaralangan. Akvitaniya havzasi tektonik botiqda vujudga kelgan. Uning poydevorini gersenoidlar tashkil etib, yuza qismi paleogen, neogen va antropogen davrlarida Pireney togʻlaridan oqizib keltirilgan yotqiziqlar bilan qoplangan. Pastekislikning balandroq janubiy qismida daryo irmoqlari bilan kuchli parchalangan bir qancha asimmetrik platolar hosil boʻlgan. Qolgan katta qismi shimolga va gʻarbga tomon pasayib borgan bir xil yassi togʻlikdir. Biskay qoʻltigʻi sohili boʻylab qum dyunalari choʻzilgan, ular Landalar deb atalib, uzunligi 150–200 km, kengligi 7–8 km va balandligi 70–100 m ni tashkil etadi. Fransiyaning shimoli-gʻarbiy qismini Parij havzasi yoki Shimoliy Fransiya pastekisligi egallagan. Parij havzasi yirik botiq shaklida boʻlib, markaziy qismidan chekka tomonlarga asta-sekin koʻtarilib boradi. Oʻrta qismi boʻr va paleogen dengiz yotqiziqlari bilan toʻlgan. Chekkalarida esa qadimgi jinslar yuzaga chiqib qolgan. Parij havzasidan Sena daryosi va uning koʻplab irmoqlari oqib oʻtadi. Havzaning sharqiy qismida kuest relef shakllari, janubiy va gʻarbiy qismlarida tepalik relef shakllari keng tarqalgan. Kuest gryadalari yura, boʻr va paleogenning karbonatli jinslaridan- ohaktosh, boʻr va qumtoshlardan tarkib topgan. Parij havzasidan sharqda Shampani, Argonn, Lotaringiya kuest gryadalari choʻzilgan. Lotaringiya kuest platosi Reyn, Mozel va Maas daryolarining vodiylari bilan kesilgan. Reyn daryosi ning janubiy oqimi boʻylab choʻzilgan polosada yer yuzasi kuchli parchalangan. Janubda Reyn daryosi lyossimon va allyuvial choʻkindi jinslar bilan qoplangan Yuqori Reyn tekisligidan oqib oʻtadi. Tekislikning gʻarbiy tomonida Vogezi (1423 m) va sharqiy tomonida Shvarsvald (1493 m) massivlari koʻtarilgan. Bu togʻ massivlari shimol tomon pasayib borib, gʻarbda qumtoshli Xardt va sharqda Odenvald platolari bilan tugaydi. Yuqori Reyn tekisligidan shimolda Reyn daryosi Reyn Slanes massivi hududidan oqib oʻtib, uni ikki qismga boʻladi. Shvarsvald togʻidan sharqda trias, yura davrlarining dengiz yotqiziqlaridan tarkib topgan Shvab-Frankon kuest tipik platosi joylashgan boʻlib, uning janubi-gʻarbiy ohaktoshli qismi Shvab Albi yoki Shvab Yurasi, shimoli-sharqiy kuchli parchalangan qismi Frankon Albi yoki Frankon Yurasi deb ataladi. Kuestli hududda karst relef shakllari keng tarqalgan. Frankon Albidan shimolda daryo eroziyasi bilan kuchli parchalangan, tik yonbagʻirli gorst togʻ massivlari Tyuriyagen Oʻrmoni (982 m), Frankon Oʻrmoni va Garts massivi joylashgan. Garts togʻining Brokken choʻqqisi dengiz sathidan 1142 m baland. Oʻlkadagi Chexiya massivi gertsin epoxasida burmalangan va keyin peneplenlashgan va baland koʻtarilgan gorst togʻlar bilan oʻralgan. Massivning shimoli-gʻarbida Rudali togʻlar (1244 m), janubi-sharqida Chexiya Oʻrmoni va Shumava togʻlari qad koʻtarilgan. Shumava togʻining eng baland joyi Groser-Raxel choʻqqisi 1453 m ga yetadi. Chexiya massivining shimoli-sharqiy qismini Sudet togʻlari (Snejka,1602 m) togʻi joylashgan. Bu togʻlarning geologik strukturasi qadimgi burmalangan togʻ jinslaridan va yosh vulkanik jinslardan tuzilgan. Chexiya massivining janubi-Sharqiy qismini balandligi 800 m atrofida boʻlgai Chexiya-Moraviya qirlari egallagan. Uning katta qismi kembriydan oldingi kristall jinslardan tuzilgan. Sharqiy qismidagi mezozoy oxaktoshlarida karst relef shakllari, gʻorlar keng tarqalgan. Pragadan janubda balandligi 700–800 m boʻlgan Brdi tepaligi koʻtarilgan. Chexiya massivining eng past joyi Laba daryosi vodiysidagi Polaba tekisligida 200 m ni tashkil etadi. Oʻlkaning sharqiy qismi Oder va Visla daryolarining suvayirgʻichida maksimal balandligi Lisitsa togʻi 611 m gacha koʻtarilgan. Oʻlka iqlimining shakllanishida Atlantika havo massasining roli katta. Nam dengiz havo massasi materik ichkarisiga kirib borgan sari transformatsiyalashib, gʻarbdan sharqqa tomon kontinentallik darajasi orta boradi. Bu yerning iqlim sharoiti uzoqlik boʻylab oʻzgarishdan tashqari relef taʼsirida ham oʻzgaradi. Jumladan, botiqlarning iqlimi togʻ yonbagʻirlariga nisbatan ancha kontinentalligi bilan farq qiladi. Bu oʻz navbatida yillik havo haroratidagi amplitudaning katta boʻlishiga, yogʻin miqdorining kamayishiga olib keladi. Oʻlkaning gʻarbiy okeanboʻyi qismlarida qish iliq, yoz salqin, namgarchilik koʻp boʻladi. Bretan yarim orolida yanvarniig oʻrtacha harorati +6°,+7°S ga, iyulniki +17°S ga teng. Yillik yogʻin miqdori 1500 mm ni tashkil etadi. Janubda Akvitaniya pastekisligida iyulning oʻrtacha harorati +21°,+22°S gacha koʻtariladi, yillik yogʻin miqdori 800 mm gacha kamayadi. Markaziy massivning gʻarbiy yonbagʻirlarida atmosfera yogʻinlarining miqdori yana ortadi. Yogʻin yil boʻyi asosan yomgʻir shaklida tushadi. Qor kamdan-kam yogʻadi. Iqlim sharoitini sharqqa tomon oʻzgarib borishi Parij havzasidan boshlab yaqqol seziladi. Bu yerda eng sovuq oyniig oʻrtacha harorati +2+3 °C ga, issiq oyniki esa +19°S ga teng. Yiliga oʻrtacha 700 mm atrofida yogʻin tushadi. Lotaringiya platosida qishning oʻrtacha harorati 0°S ga yaqin boʻladi. Markaziy massivda qish sovuqroq va qorli boʻladi. Bu fasl toʻliq uch oy davom etadi, yozi iliq va yomgʻirli. Oʻlkadagi barcha togʻlarning gʻarbiy yonbagʻirlariga 1000 mm dan ziyod yogʻin tushadi, sharqiy havo oqimiga teskari boʻlgan yonbagʻirlarda bu koʻrsatgich 500–600 mm gacha kamayadi. Togʻlarda qish va yoz oylarining harorati ham tekislik va botiqlardagi havo haroratiga nisbatan pastroq. Masalan, Garts togʻlarida yanvarning oʻrtacha harorati — 3,5°S ga va iyulniki +10°,+11°S ga teng. Qish oylarida gʻarbiy nam shamollar esib turadi, tumanli va bulutli kunlar koʻp boʻladi, qor koplami qalin boʻlib, besh-olti oygacha saqlanadi. Oʻlka hududida yil boʻyi toʻlib oqadigan daryolar va ularning irmoqlari zich joylashgan. Eng yirik daryolari Reyn (1320 km), Sena (780 km), Luara (1010 km), Garonna (650 km), Rona (812 km) va boshqalardir. Bu daryolarning gidrologik rejimi bevosita shu joyning iqlim sharoitiga va relefiga bogʻliq. Gʻarbiy hududlardagi daryolarning suv sarfi yil boʻyi deyarli bir tekisda taqsimlangan. Sharqiy hududlarda aksincha, daryolarning suv sarfi togʻ massivlaridagi qorlarning erishi tufayli bir muncha murakkablashadi. Reyn va Rona daryolari Alp togʻlaridan boshlanib, birinchisi Shimoliy dengizga va ikkinchisi Oʻrta dengizning Leon qoʻltigʻiga quyiladi. Sena daryosi Langr platosidan boshlanib, Parij havzasini va Parij shahrini oʻrtasidan kesib oʻtib La-Mansh boʻgʻiziga quyiladi. Luara daryosi Sevenni togʻlaridan va Garonna daryosi Markaziy Pireney togʻlaridan boshlanib, Atlantika okeanining Biskay qoʻltigʻiga quyiladi. Markaziy Yevropaning sharqiy qismidan Oʻrta Yevropa tekisligining bir qator daryolari boshlanadi. Jumladan, Tyuringen Oʻrmoni togʻidan Vezer, Chexiya massividan Vltava, Sudet togʻlaridan Oder va Laba, Shvab-Frankam Albidan Nekkar va Mayn daryolari hamda Dunayning yuqori irmoqlari, Oʻrta Polsha qirlaridan Varta daryosi boshlanadi. Bu daryolarning hammasi yomgʻir suvlaridan, Alp va Pireney togʻlaridan boshlanadiganlar qor suvndan ham toʻyinadi. Markaziy Yevropaning barcha yirik daryo tizimlari — Reyn, Sena, Luara, Garonna, Sona, Mayn va boshqalar bir-biri bilan Janubiy kanal, Rona-Reyn kanali, Marna-Reyn kanali, Burundi kanali va boshqa kanallar orqali tutashgan. Bu tabiiy va sunʼiy suv tizimlar magistralli kemalarning qatnovi uchun juda qulay. Hozirgi vaqtda oʻrmonlar oʻlkaning Sudet togʻlarida, Chexiya Oʻrmonida, Bovariya Oʻrmonida, Frankon Oʻrmonida, Tyuringen Oʻrmonida, Ardennida, Shumavada va Reyn Slanes togʻlarida yaxshi saqlangan. Togʻlarning baland choʻqqilarida yel-pixta oʻrmonlari uchraydi. Rona pastekisligida va Sevenni togʻlari yonbagʻirlarining quyi qismida tuproq va oʻsimliklarning Oʻrta dengiz tipi uchraydi, Ayniqsa bu yerlarga lavanda, ladannik va timyan butalaridan tarkib topgan gariga tipidagi butazorlar xarakterli. Doimiy yashil boʻlib oʻsadigan eman butazorlari ham uchraydi. Oʻrmonlarning koʻplab kesilib ketishi yovvoyi hayvonlarning tarqalishiga va ularning areallariga kuchli taʼsir etgan. Ilgari keng tarqalgan silovsin, boʻri, oʻrmon mushugi va boshqalar hozir deyarli uchramaydi. Tekislik oʻrmonlariga xos boʻlgan hayvonlar faqat togʻ oʻrmonlaridagina saqlanib qolgan. Qoʻriqhonalarda va milliy bogʻlarda asl zotli bugʻu, kosulya, lan (bugʻu) muhofaza qilinadi. Yovvoyi hayvonlardan tulkilar va boʻrsiqlar, ochiq yerlarda dasht faunasining kemiruvchi turlari koʻpchilikni tashkil etadi. Ornitofaunasida Yevropa oʻrmonlariga xos boʻlgan barcha qushlar uchraydi. Ayniqsa kakliklar, chillar va suvda suzuvchi qushlar keng tarqalgan. Janubiy qismida Oʻrta dengiz faunasiga xos boʻlgan turlar — genettalar, sudralib yuruvchilar, ham yerda ham suvda yashovchi hayvonlar tarqalgan.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • T. V. Vlasova. Materiklar tabiiy geografiyasi (okeanlar tutash qismlari bilan birga)- Oʻqituvchi. T., 1981[1]
  • X.Vaxobov, A. A. Abdulqosimov, N. R. Alimkulov MATERIKLAR VA OKEANLAR TABIIY GEOGRAFIYASI -Toshkent ,2021[2]