Impotensiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Impotensiya (lot. impotentia — kuchsiz, zaif), jinsiy zaiflik — erkakning jinsiy aloka qilishga bequvvatligi; raso jinsiy aloqa kila olmaslik. Bunda jinsiy funksiya — jinsiy mayl, ereksiya (jinsiy olat, yaʼni zakar tarangligi), eyakulyasiya (urugʻ otilishi) yoki orgazm (xush yoqish sezgisi) buzilishi mumkin. I.ning sabablari jinsiy aʼzolar, endokrin sistema, periferik nervlar va bosh miya oliy boʻlimlari funksiyasining buzilishi bilan bogʻliq. I. mustaqil kasallik boʻlmay, balki, odatda, azaldan mavjud kasallik asorati boʻlishi ham mumkin. I. bir necha xil boʻladi. Moyak istisqosi, jinsiy olat sohasida chandiq hosil boʻlishi va b. organik I.ga sabab boʻladi. Bosh miyadagi organik va funksional kasalliklar kortikal (serebral) I.ga olib keladi, bunda, asosan, ereksiya, eyakulyasiya va jinsiy mayl izdan chiqadi. Shikastlanish, surunkali yuqumli kasalliklar (zaxm, sil), intoksikatsiya (mishyak, alkogol va h. k.dan zaharlanish), moddalar almashinuvining buzilishi orqa miyadagi ereksiya va eyakulyasiya markazlariga zarar yetkazib, I.ga sabab boʻla oladi (spinali.), bunda ereksiya, eyakulyasiya susayadi. Jinsiy hayotga mukkadan ketish, jinsiy aloqani oxiriga yetkazmay toʻxtatish, onanizm bilan juda koʻp shugʻullanish, infeksion kasalliklar (soʻzak va b.) bilan bogʻliq boʻlgan surunkali yalligʻlanish jarayonlarida prostata bezi, uretra (siydik chiqarish kanali)ning orqa qismi va urugʻ doʻmboqchasidagi nerv oxirlari uzoq taʼsirlanishi neyroretseptor I.ga sabab boʻlishi mumkin. Moyaklarning endokrin funksiyasi buzilganda aksari jinsiy mayl susayadi, ereksiya boʻshashib va hatto butunlay yoʻqolib ketadi. Moyaklarning yoshga aloqador oʻzgarishlari, tugʻma kasalligi (yetilmaganligi, yevnuxoidizm) yoki hayot davrida orttirilgan kasalliklari (shikastlanishi, yalligʻlanishi), boshqa ichki sekretsiya bezlari (gipofiz, qalqonsimon bez, buyrak usti bezlari)ning zararlanishi, moddalar almashinuvining buzilishi (avitaminoz, diabet va b.), markaziy nerv sistemasi kasalliklari ularning endokrin funksiyasini buzishi mumkin (endokrin I). Jinsiy aloqa chogʻida har ikki jins oʻrtasidagi nomunosib xatti-harakatlar (shunchaki yengil-yelpi, yuzaki jinsiy aloqa qilish) ham jinsiy zaiflikka olib keladi. I.ni urolog vrach davolaydi; baʼzan endokrinolog va psixiatr bilan maslahatlashish lozim. Baʼzi ayollarning jinsiy yaqinlikka befarq boʻlishi, erzadaligi (qarang Vaginizm) ham I.ga olib keladi. Bunday hollarda ginekolog vrach bilan maslahatlashish maʼqul. Psixoterapiya, organizmni mustahkamlovchi dorilar, gormonal preparatlar, vitaminlar, har xil tabiiy usullar va b. bilan davolash yaxshi naf beradi.[1][2][3]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  3. "Impotensiya" OʻzME. I-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil