Gumanoid robot

Vikipediya, ochiq ensiklopediya


Engineered Arts Ltd. labaratoriyasida suratga olingan Amecaning 1-avlodi

Gumanoid robot — inson tanasi shakliga oʻxshash qilib yaratilgan robot. Dizaynning bunaqa boʻlishi turli xil maqsadlarda qoʻllanilishi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Masalan funksional maqsadlarda robot, insonlar yashaydigan muhit va ular ishlatadigan uskunalarni oʻrganish bilan, tajriba maqsadlarida, ikki oyoqli harakatlarni oʻrganishda va boshqa maqsadlarda qoʻllanilishi mumkin. Umuman olganda, gumanoid robotlarning tanasi, boshi, ikki qoʻli va ikki oyogʻi bor, ammo baʼzi gumanoid robotlarda tananing faqat bir qismi yaʼni, beldan yuqori qismi boʻladi. Ayrim gumanoid robotlarning inson yuz ifodalarini takrorlashga moʻljallangan koʻzlari va ogʻizlari boʻladi. Androidlar estetik jihatdan insonlarga taqlid qilish uchun yaratilgan gumanoid robotlardir.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Gumanoid robot tushunchasi dunyoning turli madaniyatlarida paydo boʻlgan. Gumanoid mexanizmlar gʻoyasi haqidagi dastlabki maʼlumotlar miloddan avvalgi IV asrga toʻgʻri keladi, ular yunon mifologiyalarida va Xitoydan kelgan turli diniy va falsafiy matnlarda uchraydi. Keyinchalik Yaqin Sharq, Italiya, Yaponiya va Frantsiyada gumanoid mexanizmlarning jismoniy prototiplari yaratilgan.

Gretsiya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yunon temirchilik xudosi Gefest turli afsonalarga koʻra bir nechta turli xil gumanoid mexanizmlarni yaratgani aytiladi. Gomerning „Iliada“sida Gefest tilla choʻrilarni yaratdi va ularni soʻzlashuvchi yordamchi yoki asboblar sifatida xizmat qilish uchun odamga oʻxshash ovozlar bilan boyitdi[1]. Yana bir yunon afsonasi, Gefest Krit orolini bosqinchilardan himoya qilish uchun Talos ismli ulkan bronza robotni qanday yasaganligi haqida batafsil maʼlumot beradi[2].

Xitoy[tahrir | manbasini tahrirlash]

Miloddan avvalgi III asrda Xitoy faylasufi Li Yukou tomonidan yozilgan Liezi deb nomlangan daoistik falsafiy matnda insonga oʻxshash mexanizm gʻoyasi batafsil bayon etilgan. Matnda Xitoy Chjou sulolasining beshinchi qiroli Qirol Mu uchun haqiqiy oʻlchamdagi, odamga oʻxshash robot yaratgan Yan Shi ismli muhandis haqida aytib oʻtilgan[3]. Robot asosan teri va yogʻochdan yasalgan boʻlib, yurishga, qoʻshiq aytishga va tanasining barcha qismlarini harakatga keltirishga qodir edi[3].

Yaqin Sharq[tahrir | manbasini tahrirlash]

XIII asrda Ismoil al-Jazariy ismli musulmon muhandis turli xil odamsimon mexanizmlarni ishlab chiqdi. U ichimliklar quyib beradigan va eshikdan eshikka yurib xizmat qiladigan robot yaratdi[4]. Uning yana bir ixtirosi suv havzasi tozalanayotgan vaqtda qoʻl yuvish uchun ishlatiladigan uskuna edi[5].

Italiya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Leonardo robotining ichki ishlash mexanizmi modeli

1400-yillarda Leonardo da Vinchi sovut kiygan, oʻtirish, turish va qoʻllarini mustaqil ravishda harakatga keltira oladigan murakkab mexanik robot gʻoyasini yaratdi[6]. Butun robot tanasi vint va simlar orqali boshqarilardi.

Yaponiya[tahrir | manbasini tahrirlash]

XVII — XIX asrlarda yaponlar karakuri qoʻgʻirchoqlari deb ataladigan odamga oʻxshash robotlarni yasadilar. Bu qoʻgʻirchoqlar teatrlarda, uylarda va diniy bayramlarda oʻyin-kulgi uchun ishlatilgan[7]. Teatr spektakllari uchun ishlatiladigan qoʻgʻirchoqlar butay karakuri deb atalgan[8]. Uylarda ishlatilgan, zashiki kurakuri deb ataladigan kichik karakuri qoʻgʻirchoqlari raqsga tushish, baraban chalish yoki ichimliklar berish uchun stollarga qoʻyilgan[8]. Diniy bayramlarda ishlatiladigan qoʻgʻirchoqlar dashi karakuri nomi bilan tanilgan va ular afsonalarni qayta gavdalantirish uchun xizmat qilgan[9].

Fransiya[tahrir | manbasini tahrirlash]

XVIII asrda fransuz ixtirochisi Jak de Vokanson „Naychi“ deb nomlangan muhim insoniy avtomatni yaratdi. Yogʻochdan yasalgan, odam oʻlchamidagi bu robot nay bilan turli xil kuylarni chala olardi[10].

Yana qarang[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Gera, Deborah Levine. Ancient Greek ideas on speech, language, and civilization. Oxford: Oxford University Press, 2003. ISBN 0-19-925616-0. OCLC 52486031. 
  2. University, Stanford „Ancient myths reveal early fantasies about artificial life“ (en). Stanford News (2019-yil 28-fevral). Qaraldi: 2021-yil 3-noyabr.
  3. 3,0 3,1 Needham, Joseph. Science and Civilisation in China: Volume 2, History of Scientific Thought. Cambridge University Press, 1991. ISBN 978-0-521-05800-1. 
  4. @NatGeoUK „Medieval robots? They were just one of this Muslim inventor's creations“ (en-gb). National Geographic (2020-yil 1-avgust). Qaraldi: 2021-yil 3-noyabr.
  5. Rosheim, Mark E.. Robot Evolution: The Development of Anthrobotics. Wiley-IEEE, 1994 — 9–10 bet. ISBN 0-471-02622-0. 
  6. Moran, Michael E. (2006-12-01). „The da Vinci Robot“. Journal of Endourology. 20-jild, № 12. 986–990-bet. doi:10.1089/end.2006.20.986. ISSN 0892-7790. PMID 17206888.
  7. Law, Jane Marie. Puppets of nostalgia : the life, death, and rebirth of the Japanese Awaji ningyō tradition. Princeton, N.J.: Princeton University Press, 1997. ISBN 0-691-02894-X. OCLC 35223048. 
  8. 8,0 8,1 Brown, Steven T.. Tokyo cyberpunk : posthumanism in Japanese visual culture. New York: Palgrave Macmillan, 2010. ISBN 978-0-230-10360-3. OCLC 468854451. 
  9. Frenchy Lunning. Limits of the human. Minneapolis: University of Minnesota Press, 2008. ISBN 978-0-8166-6968-4. OCLC 320843109. 
  10. „Living Dolls: A Magical History Of The Quest For Mechanical Life by Gaby Wood“ (en). the Guardian (2002-yil 16-fevral). Qaraldi: 2021-yil 3-noyabr.

Tashqi havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]