Glyatsiologiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Glyatsiologiya (lot. glacies — muz va ...logiya) — Yer yuzasidagi barcha muz shakllari (muzliklar, qor qoplami va b.), yer osti muzlari, ularning tuzilishi, tarkibi, fizik xususiyatlari, kelib chiqishi va rivojlanishi, geol. va geomorfologik faoliyati, geografik tarqalishi haqidagi fan. Umumiy muzshunoslikning sinonimi. G. glyatsiosfera va yer yuzasi, atmosfera, gidrosfera va litosferadagi tabiiy muz va muzliklar, ularning joylashishi, rejimi va rivojlanish dinamikasi, atrof muhit bilan oʻzaro aloqasi, muzning Yer evolyutsiyasidagi ahamiyatini oʻrganadi.

G. suv oqimi, muz zaxirasi, muzliklarning iqlimga taʼsiri, geologik ishi va b. tabiiy xususiyatlarini oʻrganishda tabiiy geogr.ning gidrologiya, geomorfologiya, iqlimshunoslik va geodeziya kabi tarmoqlari metodlaridan foydalanadi. G.ning oʻtmish davrlar muzliklarini oʻrganadigan boʻlimi paleoglya siologiya deb ataladi.

Muzliklar haqidagi dastlabki yozma maʼlumot fransuz tabiatshunosi Myunster Sebastyan qalamiga mansub (1544).

G. 18—19-a.larda gidrologiya va geol. fanlari negizida shakllana boshladi. Bunda shveysariyalik tabiatshunos Oras Sossyurning (1740—99) "Alp togʻlariga sayohat" (1779—96) asari muhim oʻrin tutdi. 19-a. oxiri — 20-a. oʻrtalariga kelib qattiq va suyuq holatdagi suvni oʻrganish usullari va ular bilan bogʻliq boʻlgan muammolar turlicha ekanligi aniq boʻlib qoldi. Bu davrda qutb muzliklari, ularga xos boʻlgan qonuniyatlar oʻrganildi, muz tabiatiga va muzliklardagi fizik hodisalar mohiyatiga chuqur kirib borildi, materik va togʻ muzliklarining nisbatini solishtirish imkoniyati yaratildi va G. geografiya, gidrologiya, geol. va geofizika fanlari sohalarining tutashgan joyida yuzaga kelgan mustaqil fanga aylandi. Oʻrta Osiyo muzliklarining dastlabki katalogini 1930 y. N.L. Korjenevskiy nashr qilgan. Unda jami 1223 vodiy muzligi, jumladan Pomirda 296 ta, Hisor-Olayda 199 ta muzlik qayd qilingan. Muzliklarning soʻnggi koʻp jildli katalogi 1965—82 y.larda sobiq Ittifoq FAning Geografiya instituti, Oʻrta Osiyo gidrometeorologiya i.t. instituta (OʻOGMITI) va "Gidrometxizmat"ning boshka institut va muassasalari tomonidan yaratildi. Oʻrta Osiyo togʻlaridagi muzliklarga tegishli maʼlumotlar 14-jildda jamlangan. Ushbu katalog Jahon qormuzlik resurslari atlasini tuzishda asos boʻlgan. G. fizika, mat., geofizika, geokimyo, geodeziya, haritagrafiya, geogr., geologiya va b. fanlar usullaridan foydalanadi. Keyingi yillarda glyatsiologik tadqikrtlarning yangi usullari (termik burgʻilash, fotogrammetriya, aerofotosʼyomka va b.) paydo boʻldi. G. oʻrganadigan obʼyektlariga bogʻliq holda muzlikshunoslik, qorshunoslik, qor koʻchkilari ilmi, suv havzalari muzshunosligi, paleoglyatsiologiya kabi sohalarga boʻlinadi. Ikkinchi tomondan, G.da oʻziga yaqin boʻlgan fanlar bilan aloqasi va qoʻllaniladigan usullarining turlichaligi asosida glyatsioiqlimshunoslik, glyatsiogidrologiya, strukturaviy G., dinamik G., geokimyoviy G. kabi yoʻnalishlar farqlanadi. G.ning amaliy ahamiyati jadal suratlarda oʻsmoqda, natijada oʻziga xos yangi yoʻnalish — muhandislik G.si toʻla shakllandi. G. doimiy muzloq yerlarni oʻrganadigan geokriologiya bilan qoʻshilib, kriosferani oʻrganadigan Yer kriologiyasini tashkil etadi. Hoz. zamon G. si atrof muhit muhofazasi hamda tabiat va jamiyatning oʻzaro aloqasi muammolari bilan chambarchas bogʻliq. G. sohasidagi tadqiqotlar dunyoning koʻpgina mamlakatlari (Avstraliya, AQSH, Buyuk Britaniya, Daniya, Kanada, Norvegiya, Rossiya, Fransiya, Shvesiya, Shveysariya, Yaponiya va b.)da keng miqyosda amalga oshirilmoqda. Bunda Xalqaro geofizika yillari (1882 — 83, 1932—33 va 1957—58), Xalqaro geofizika hamkorlik yili (1959) va Xalqaro gidrologik oʻn yillik (1966 —75)larning ahamiyati katta boʻldi. Oʻsha yillarda Yer kurrasidagi barcha muzliklar holati kuzatib turildi. Ayrim davlatlar va jahon miqyosida faoliyat koʻrsatadigan Xalqaro glyatsiologiya uyushmalari, jamiyatlari mavjud. 1907 y.dan Angliyaning Kembrij shaxrida Xalqaro miqyosda "Glyatsiologiya jurnali" chop etiladi. Glyatsiologik tadqiqotlar Oʻzbekistonda OʻOGMITIning G. boʻlimida, Oʻzbekiston FA Geol. va geofizika institutining G. laboratoriyasida amalga oshiriladi. 1967 y. Abramov muzligida OʻOGMITIning glyatsiologik tadqiqotlar oʻtkazuvchi maxsus st-yasi tashkil etildi. "Oʻrta Osiyoda glyatsiologik tadqiqotlar" mavzuida doimiy ravishda ilmiy toʻplamlar chop etiladi. G. fani rivojiga N.L. Korjenevskiy, O.P. Shcheglova, V.F.Suslov, A.A.Akbarov, G.Ye.Glazirin, B.A.Kamolov, L.A. Kanayev, V.G.Konovalov, A.S.Shchetinnikov va b. olimlar salmoqli hissa qoʻshdilar.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Golubev G.N., Gidrologiya lednikov, L., 1976; Injenernaya glyatsiologiya, M., 1971.