Foydalanuvchi:Jamshid Uktamjonov/Komil inson tushunchasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

KOMIL INSON TUSHUNCHASI—ijtimoiy taraqqiyotning asosiy gʻoyalaridan biri. Komil inson  gʻoyasi va uni amalga oshirishga boʻlgan intilishlar insoniyat sivilizatsiyasining maʼno-mazmunini tashkil qiladi. Tarixga nazar tashlasak, xar qanday jamiyatga komillikning eng asosiy koʻrsatkichi insonning ezgulikka, ijtimoiy baxt-saodatga, gumanistik gʻoyalarga munosabatida hamda ularga asoslangan amaliy faoliyatida namoyon boʻladi, ya'ni, jamiyatning umumiy rivojiga, insoniyat sivilizatsiyasiga ijobiy taʼsir koʻrsatuvchi komillik mezoni shaxsning barkamolligi orqali jamiyatni baxt-saodatli qilishdan iborat boʻlib kelgan. Insondagi komillik, eng avvalo, uning fikr, tafakkur va amaliy faoliyat erkinligini anglashidadur. Shu maʼnoda buyuk yunon faylasufi Suqrotning:  "Oʻzing-oʻzingni bil", - degan daʼvati insonning oʻz nasl-nasabini, hayot mazmunini, kishining kelajak avlodlar oldidagi masʼuliyat va majburiyatini anglashga qaratilgan chaqiriqdir. Komil insonni milliy istiqlol gʻoyasidan ajratib boʻlmaydi. Boshqacha aytganda Komil insonning mohiyati, avvalo jamiyatni barkamol qilish yoʻlidagi saʼy-harakatlarda namoyon boʻladi. Komil inson va jamiyat munosabatlarida oʻzaro bogʻliq boʻlgan ikki jarayonni koʻrish mumkin. Birinchisi Komil insonning jamiyati taraqqiyotiga ijobiy taʼsir qilishi. Komil inson gʻoyasining mavjudligi va u bilan bogʻliq amalyot jamiyat rivojlanish darajasini belgilaydigan mezon sifatida namoyon boʻladi. Zero, biz har qanday jamiyatni unda yashayotgan kishilarning xatti-harakatlariga qarab baholaymiz. Ikkinchisi jamiyatning xarakteri, uning Komil inson qilib tarbiyalash borasidagi imkoniyatlarida, unga boʻlgan munosabatida namoyon boʻladi. Ya'ni, erkinlik, mustaqillik Komil inson gʻoyasini amalga oshirish uchun tegishli shart-sharoit yaratadi. Shuning uchun ham Oʻzbekistonda Komil insonni tarbiyalash uchun ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, ma'naviy-tashkiliy vazifalar davlat siyosatining eng muhim va ustuvor yoʻnalishi etib belgilangan. Zero, barkamol avlod kelajagi uchun qaygʻurmagan xalq, millat va davlatning istiqboli boʻlmaydi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

“Falsafa qomusiy lug’at”,”O’zbekiston faylasuflari milliy jamiyati nashriyoti” ,”Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati.Toshkent 2004.200-sahifa.