Eshqobil Shukur

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Eshqobil Shukur — 1962-yil 20-iyulda Surxondaryo viloyati Qumqoʻrgʻon tumanida tugʻilgan. Toshkent davlat universitetining (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti) Filologiya fakultetida tahsil olgan[1]. „Oʻzbekiston“ telekanalida muharrir, „Saodat“ jurnalida bosh muharrir oʻrinbosari, Davlat matbuot qoʻmitasida bosh muharrir vazifalarida ishlagan. Hozirgi kunda „Maʼnaviy hayot“ jurnali bosh muharriri lavozimida xizmat qilmoqda. Eshqobil Shukur „Qadimgi bitiktoshlarga yozuvlar“, „Mengim momoning yoʻqlovi“ singari dastlabki sheʼrlari bilanoq tilga tushgan. Uning „Yurakni oʻrganish“, „Sochlari sumbul-sumbul“, „Tungi gullar“, „Yashil qushlar“, „Hamal ayvoni“, „Koʻz yumib koʻrganlarim“ kabi sheriy kitoblarini oʻquvchilar yaxshi biladi. Ijodkor „Koʻhna bogʻ rivoyatlari“, „Oqibat oqshomi“, „Padarkush“ kabi nasriy asarlar hamda „Ibtido xatosi“, „Naqshband“ nomli dramatik dostonlar, „Lahza siniqlari“, „Nasoyim-ul muhabbatga sayr“ turkumlari, „Dunyoning koʻchishi“, „Qoʻriqxonada“, „Pul sanayotgan odam“ kabi qissa va hikoyalar hamda „Bobosoʻz izidan“ nomli tilimiz tarixi va tadrijiga bagʻishlangan kitoblar muallifi hamdir. Eshqobil Shukur 2013-yil „Eʼtirof“ mukofoti sohibi, 2016-yil „Oltin qalam“ xalqaro milliy mukofoti tanlovi gʻolibi boʻlgan. Shuningdek, serqirra ijodkor 2016-yilda Turkiyaning Istanbul shahrida boʻlib oʻtgan turkiy tilli adiblar anjumanida „Turkiy tillar sharafi“ mukofotiga hamda 2022-yil iyun oyida 14-Turkiy xalqlar sheʼriyat festivalida „Qaldirgʻoch“ sheʼri uchun Baxtiyor Vahobzoda nomidagi bosh mukofotga sazovor boʻldi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]