Diplomatik vakolatxona

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Diplomatik vakolatxona — oʻzaro kelishuv asosida bir davlatning boshqa davlat hududida yoki xalqaro tashkilot qoshida doimiy rasmiy aloqalarni davom ettirish maqsadida taʼsis etilgan tashqi aloqalar xorijiy davlat organi boʻlib, siyosiy va boshqa masalalarda taʼsis etgan davlatning nomidan ish yuritadi. Diplomatik vakolatxona doimiy asosda faoliyat koʻrsatadi. Turli davlatlar Diplomatik vakolatxonalarining tarkibi turlicha boʻladi va u asosan oʻz davlati anʼanalari va ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarning oʻziga xos jihatlari bilan belgilanadi. Oʻz faoliyatida ular 1961-yil qabul qilingan Diplomatik munosabatlar haqidagi Vena konvensiyasini qoʻllaydilar, imtiyozlar va immunitetdan foydalanadilar. Diplomatik vakolatxonani taʼsis etish toʻgʻrisidagi rozilikka erishgandan keyin hukumat davlatning ichki qarorini qabul qiladi. Oʻzbekiston hukumati qarori asosida OʻzRning boshqa davlatdagi vakolatxonasi taʼsis etiladi. Doimiy organlar toifasiga Diplomatik vakolatxonalar (elchixonalar va missiyalar), xalqaro tashkilotlar huzuridagi doimiy vakolatxonalar va konsullik muassasalarini kiritish mumkin. Davlatlar oʻrtasida diplomatik aloqalarning yoʻlga quyilishi ular oʻrtasida diplomatik vakillikning yoʻlga quyilishi bilan xam uzviy bogʻliqdir. Bu aloqalar zarur maxsus ishonchnomalar bilan tasdiqlanishi lozim.

Xalqaro huquq hozirda diplomat aloqalarning Diplomatik vakolatxonalar va ularning personali uchun imtiyozlar, immunitetlar yoʻlga quyilishining uch toifasini belgilaydi. Har bir toifada Diplomatik vakolatxonalar boshliqlari maxsus darajasi belgilanadi. Eng yuqori daraja — bu elchixona boʻlib, uning rahbari qoida tariqasida elchi maqomiga ega boʻlgan shaxs boʻladi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Oʻzbekiston Yuridik ensiklopediyasi