Bishri Hofiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Bishri Hofiy Bishr bin Horis bin Abdurahmon bin Ato (150–220 h.q./767 Marv – 835 m., Bagʻdod) – “Naso­yim ul-muhabbat”da tilga olingan tasavvuf shayxi. Dastlabki taʼlimni Marvda olib, yoshligida Bagʻdodda fatiylar (ayyor)lar guruhiga qoʻshiladi. Tavba maqomiga erishganidan keyin yalangoyoq yurishni kasb etgani uchun “hofiy” (yalangoyoq) nomini oladi. Bishr Hofiy Kufa va Basra shahrida hadis va fiqh ilmini oʻrganadi, Molik ibn Anas hamrohligida Makkaga boradi. Sufyon bin Uyayna, Abdulloh bin Muborak, Ibrohim bin Saʼd Zuhriy, Fuzayl bin Iyoz kabi yirik olim va oriflar unga hadis ilmidan saboq beradi. Fiqh ilmida nasabini Sufyon Savriydan oladi. Sahih hadislardan iborat bir toʻplam tuzib, shogirdlariga uning asosida tahsil bergan. “Nasoyim ul-muhabbat”da maʼlumot berilishicha, Imomi Aʼzam, Imom Ahmad Hanbal kabi yirik allomalar uning shogirdi boʻlishgan. Fath bin Ali Mavsiliy, Qosim Harbiy, Ahmad bin Osim Antokiy, Abu Hamza Bagʻdodiy, Abu Said Xarroz, Abu Abdulloh Antokiy, Muhammad va Ahmad ibn Abulvard kabi valiy zotlar bilan suhbatda boʻlgan. Bishr Hofiy tavakkulning asosini rizoda, deb bilgan.

Bishr quyidagi baytda axloqiy-irfoniy masalalarni keng va yorqin bayon etish maqsadida talmeh qilingan:

Takya qilma taqviyu toatqa kim nafʼ aylamas,

Fazldin yetmay bashorat Bishr boʻlgʻil, gar Fuzayl

(“Navodir ush-shabob”, 365-gʻazal)[1][2][3].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. “Alisher Navoiy: Qomusiy lugʻat”. 
  2. “Nasoyim ul-muhabbat”. 
  3. “Navodir ush-shabbob”.