Baal-Shem-Tov, Besht

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Baal-Shem-Tov, Besht - (ibr. «Yaratganning sirli nomini biluvchi Solih inson») - Isroil ben Elizar 1698 yil 27 avgustda Okope (Ukraina)da tavallud topgan. Yahudiylikdagi hasidiylik harakatining asoschisi. Besht kambag‘al oilada dunyoga kelgan. Hasidiylar ta’limotiga ko‘ra, uning otasi Elizarning oldiga yo‘lovchi ko‘rinishida paygambar Ilya kelib, o‘g‘il ko‘rishi haqida bashorat beradi. Elizar vafoti oldidan o‘g‘liga nasihat qilib: “Faqatgina Yaratgandan qo‘rqishga, boshqa hech kimdan qo‘rqmaslik”ni aytadi. 1710 yilda xederni tamomlagach, melamed (ustoz)ga shogirdlikka tushadi. Isroil 1716 yilda uylanadi, biroq, ko‘p o‘tmasdan ajrashadi va Sharqiy Galitsiyadagi yahudiy manzillariga sayohatlar uyushtiradi. Yazlovsda xederada melamed lavozimiga ega bo‘ladi. Isroil bir vaqtning o‘zida turli hudud va qishloqlarda shoyxet vazifasini ham bajargan. U 1727 yilda ikkinchi bor rabbi Efraimning qiziga uylanadi. 1734 yilga kelib Baal Shem Tov mashhur bo‘lib, sadik (taqvodor, pokdomon kishi) va donishmand sifatida tanila boshlandi. U o‘z ta’limotini ommaviy va’zlar orqali emas, balki, o‘z shogirdlariga yetkazish orqali bo‘lganini ko‘rish mumkin. 1740 yilda u faoliyatining asosiy qismi kechgan Medjibojga ko‘chib o‘tadi. Sekin asta, Medjiboj hasidiylikning markaziga aylanib bordi. Isroil 1760 yil 22 mayda Medjiboj (Ukraina)da vafot etgan. U o‘limi oldidan bir eshikdan chiqib, ikkinchisiga kirayotganini ta’kidlagan[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 67.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480 bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.