1689-yilgi Boston qo'zg'oloni

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Boston qo'zg'oloni paytida gubernator Androsning hibsga olinishi. XIX asr gravyurasi

1689-yilgi Boston qo'zg'oloni 1689-yil 18-aprel kuni Yangi Angliya dominioni gubernatori Ser Edmund Androsga qarshi ommaviy qo'zg'olondir. Provinsial ko'ngilli militsiya vakillari va fuqarolardan iborat yaxshi tashkillashgan qo'zg'olonchilar dominion poytaxti - Boston shaharchasida to'planib, dominion amaldorlarini hibsga olishgan. Dominon ma'muriyati bilan xayrxoh deb shubha qilingan Anglikan cherkovi vakillari ham hibsga olingan. Hech qaysi taraf qo'zg'olonda talofot ko'rmagan. Keyinchalik sobiq Massachusetts ko'rfazi koloniyasi gubernatori hukumat tepasiga kelgan. Boshqa koloniyalarda ham dominion tomonidan almashtirilgan ma'muriyatlar hokimiyatga qaytarilgan.

Andros 1686-yilda Yangi Angliya gubernatori etib tayinlangan edi. U aholining huquqlarini cheklovchi "Dengizda harakatlanish bo'yicha akt"ni qabul qilishi, mavjud yerga egalik qilish huquqlarini inkor qilishi, shahar kengashlarining huquqiyligini tan olmasligi, kolonial militsiya vakillariga yetakchilik qilish uchun mash'um muntazam armiya zobitlarini tayinlashi va boshqa qilmishlari bilan ommaning ko'nglini qoldirgandi. Qolaversa, u Yangi Angliyada Anglikan cherkovini qo'llab quvvatlash orqali u yerdagi ko'plab Puritanlarni darg'azab qilgandi.

Sabablari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ser Edmund Andros portreti

1680-yillarning boshida Angliya qiroli Karl II Yangi Angliya koloniyalarini qayta tashkillashtirish uchun bosqichma-bosqich ishlarni amalga oshira boshladi[1]. Massachusetts ko'rfazi koloniyasi yetakchilari koloniyada o'tkazilayotgan islohotlarga qarshi chiqqanlari uchun 1684-yilda koloniya xartiyasi bekor qilindi. Qirol ma'muriyati tomonidan Hull zarbxonasi bekor qilindi. Uni tashkil qilgan John Hull Massachusetts ko'rfazi koloniyasining Xazinaboni va zarbxona boshlig'i edi. Karl II koloniyalar ma'muriyatini o'ziga bo'ysundirib, ko'proq nazorat qilishga intildi[2]. Karl 1685-yilda vafot etdi, biroq uning vorisi, rim-katolik Yakov II uning intilishlarini davom ettirdi va Yangi Angliya dominionini tashkil qildi. U keyin sobiq Nyu York gubernatori Ser Edmund Androsni 1686-yilda dominion gubermatori etib tayinladi. Dominion Massachusetts ko'rfazi koloniyasi, Plimut koloniyasi, Konnektikut koloniyasi, Nyu Hempshir provinsiyasi, Rod Aylend koloniyasi va Providens plantatsiyalarini o'z ichiga olardi. 1688-yilda uning tasarrufidagi hududlar kengaytirilib, Nyu York, Sharqiy Jersi va G'arbiy Jersini ham o'z ichiga oladigan holatga keltirildi[3].

Sobiq Massachusetts gubernatori Simon Bradstreet

Androsning Yangi Angliyadagi hokimiyati o'ta qattiqqo'lligi bilan ajralib turgan. U mahallik vakillik hokimiyati organlariga bepisandlik qilgan, Massachusettsdagi mavjud yer egalik huquqlarini inkor qilgan (chunki ular eski xartiyaga asoslanardi), shahar kengashlariga qarshi chiqqan va Anglikan cherkovini asosan Puritanizm amal qiluvchi hududlarga majburan olib kirgan. U, shuningdek, Dengizda harakatlanish bo'yicha aktlarni amalga joriy qilgan bo'lib, ular Yangi Angliyada amal qiluvchi ba'zi savdo amaliyotlarining mavjudligiga rahna solgan. Bostonda joylashgan qirollik askarlari gubernanotni qo'llab-quvvatlagan, asosan anglikan yoki rim-katolik bo'lgan zobitlarning yomon muomalasiga duchor bo'lgan[4].

Bu orada Yakov Angliyada tobora yomon nom qozonayotgandi. U Jazolovchi qonunlarni yumshatishga urinishlari bilan o'ziga sodiq bo'lgan Torilar partiyasini o'zidan sovutdi, 1687-yilda diniy erkinliklarga urg'u beruvchi Erk berish Deklaratsiyasini e'lon qilgan bo'lib, bu qilmish Anglikan cherkovi vakillarining qarshiligiga sabab bo'lgandi. U muntazam armiya qudratini oshirdi, bu qilmish esa ko'pchilik parlament tarafdorlari tomonidan tahdid sifaitida ko'rildi, ko'plab katoliklarni muhim davlat mansablariga tayinladi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. David Lovejoy. The Glorious Revolution in America.. Middletown, CT: Wesleyan University Press, 1987 — 148–56 bet. ISBN 978-0-8195-6177-0. OCLC 14212813. 
  2. David Lovejoy. The Glorious Revolution in America (Ingliz). Middletown, CT: Wesleyan University Press, 1987 — 155–57, 169–70 bet. ISBN 978-0-8195-6177-0. OCLC 14212813.. 
  3. Viola Florence Barnes. The Dominion of New England: A Study in British Colonial Policy. (Ingliz). Ney York: Frederick Ungar, 1960 — 223 bet. ISBN 978-0-8044-1065-6. OCLC 395292. 
  4. Stephen Saunders Webb. Lord Churchill's Coup: The Anglo-American Empire and the Glorious Revolution Reconsidered (Inglizcha). Syracuse, NY: Syracuse University Press, 1998 — 184 bet. ISBN 978-0-8156-0558-4. OCLC 39756272.