René Descartes

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
René Descartes
Tavalludi 31-mart 1596[1][2][3]
Vafoti 11-fevral 1650[1][2][3][4]
Fuqaroligi Fransiya
Bolalari Francine Descartes
Otasi maricoel que lo lea
Onasi Jeanne Brochard
Principia philosophiae, 1685

René Descartes (fransuzcha: René Descartes; 1596-yil 31-mart, Lae, Turen — 1650-yil 11-fevral, Stokgolm) — fransuz faylasufi, olimi, matematigi, fizigi, fiziologi. René Descartes La-Flesh iyezuit kollejida taʼlim oldi, yunon tili va lotin tillarini, matematika va falsafani oʻrgandi. 1629-yilda Niderlandiyaga koʻchib borib, fan bilan mashgʻul boʻlgan. Qirolicha Kristina taklifi bilan 1649-yilda Shvetsiyaga boradi va oʻsha joyda vafot etadi. Descartes falsafasi uning matematikasi, kosmogoniyasi, fizikasi bilan bogʻliq. Matematikada analitik geometriya asoschilaridan biri (toʻgʻri burchakli koordinatalar tizimi uning nomi bilan ataladi), oʻzgaruvchi miqdor va funksiya tushunchasini bergan („Geometriya, 1637-yil), bir qancha algebra belgilarini joriy qilgan. Descartes Dioptrika (1637-yil) asarida yorugʻlik nurining ikki muhit chegarasida sinishi haqidagi qonunni bayon qilgan. Harakat miqdorining saqlanish qonunini taʼriflagan. Osmon jismlarining yuzaga kelishi va harakati materiya zarralarining uyurma harakatidan deb tushuntiruvchi nazariya (Descartes uyurmalari) muallifi. Descartes fiziologiyaga oid bir qancha tajribalar oʻtkazdi va birinchi boʻlib shartsiz refleks haqidagi tasavvurni yaratdi. René Descartes Dordrext maktabining direktori Isaac Beeckman bilan tanishdi va Isaac Beeckman uchun musiqa toʻplamini 1618-yilda yozdi, 1650-yilda nashr etdi[5].

Falsafasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Descartes fazo materiya bilan toʻla, materiyasiz fazo yoʻq, deb bilgan. Descartes falsafasi asosida jon va tana, „fikrlovchi“ va „koʻlamli“ substansiya dualizmi yotadi. Materiyani koʻlam (yoki fazo) ga tenglashtirgan, harakatni jismlarning oʻz joyini oʻzgartirishidan iborat deb bilgan. Descartes fikricha, harakatning umumiy sababchisi xudo boʻlib, xudo materiya, harakat va osoyishtalikni yaratgan. Insonning jonsiz aʼzoi badani tafakkurga va irodaga ega jon bogʻlab turadi. Descartes falsafasi xudo, jism va jondan iborat uchta tugʻma gʻoya bor degan qoidaga asoslanadi. Descartes xudoning mavjudligini, tashqi olamning realligini isbotlashga harakat qilgan. Descartes gʻoyasiga koʻra, insonning mohiyati uning fikrlashidadir. „Fikrlayapman, demak mavjudman“ degan fikri shundan kelib chiqqan. Descartesning fikricha, ilmda ishonchli, isbotlangan, tajribada tekshirilgan dastlabki asosiy ikki yoʻl bilan — birinchisi induksiya va analiz orqali, ikkinchisi — deduksiya va sintez orqali izlab topiladi. Descartes ikkinchi yoʻlni maʼqul yoʻl deb hisoblaydi. Descartes inson aql-idrokining bilish jarayonidagi oʻrniga yuksak baho beradi. Descartes: „Har bir xulosaga shubha bilan qarash kerak“, — deydi. Descartes har jihatdan ratsional-faylasuf boʻlib, 17—18-asr falsafasi va fani taraqqiyotiga salmoqli hissa qoʻshdi. Descartesning falsafa va tabiatshunoslikka oid taʼlimotlari taʼsirida vujudga kelgan ilmiy maktablar majmuasi karteziychilik falsafasi nomi bilan mashhur boʻldi.

Harbiy faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Descartes 1618-yilda professional harbiy ofitser boʻlishni xohlaydi. Descartes yollanma askar sifatida Moris Nassau qoʻmondonligi ostida Bredadagi protestant Gollandiya shtatlari armiyasiga qoʻshildi. Keyinchalik Simon Stevindan harbiy muhandislikni oʻrganishni boshlaydi[6]. Descartes 1619-yildan boshlab Bavariya katolik gersogi Maksimilian xizmatida boʻlgan[7]. Descartes 1620-yil noyabrida Praga yaqinidagi Oq togʻ jangida qatnashgan[8][9].

Oʻlimi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Descartes qirolicha Kristina tugʻilgan kunidan soʻng haftasiga uch marta ertalab soat 5 da uning sovuq va qurgʻoqchil qal’asida dars berishni tashkil qildi. 1650-yil 1-fevralda u pnevmoniyaga chalindi va 11-fevralda Chanutda vafot etdi[10].

Asarlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Asosiy asarlari: „Geometriya“ (1637-yil), „Metod haqida mulohazalar“ (1637-yil), „Falsafa asoslari“ (1644-yil) va boshqa asarlar.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 (unspecified title)
  2. 2,0 2,1 (unspecified title)
  3. 3,0 3,1 (unspecified title)
  4. (unspecified title)
  5. McQuillan, J. C. 2016. Early Modern Aesthetics. Lanham, MD: Rowman & Littlefield. p. 45 (Wayback Machine saytida 1 August 2020 sanasida arxivlangan).
  6. Gaukroger 1995, s. 66.
  7. „René Descartes – Biography“ (en). Maths History. 2017-yil 19-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 27-sentyabr.
  8. Parker, N. Geoffrey. 2007. „Battle of White Mountain (Wayback Machine saytida 9 May 2015 sanasida arxivlangan)“ (revised). Encyclopædia Britannica.
  9. Jeffery, R. 2018. Princess Elisabeth of Bohemia: The Philosopher Princess. Lanham, MD: Lexington Books. p. 68 (Wayback Machine saytida 8 November 2020 sanasida arxivlangan).
  10. Bruno, Leonard C.. Math and mathematicians: the history of math discoveries around the world, Baker, Lawrence W., Detroit, MI: U X L, 2003 — 104 bet. ISBN 978-0-7876-3813-9. OCLC 41497065. 

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]