Qadriyat

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qadriyat — voqelikdagi muayyan hodisalarning umuminsoniy, ijtimoiy axloqiy, madaniy maʼnaviy ahamiyatini koʻrsatish uchun qoʻllanadigan tushuncha. Inson va insoniyat uchun ahamiyatli boʻlgan barcha narsalar, masalan, erkinlik, tinchlik, adolat, ijtimoiy tenglik, maʼrifat, haqiqat, yaxshilik, goʻzallik, moddiy va maʼnaviy boyliklar, anʼana, urf-odat va boshqalar qadriyatlar hisoblanadi. Ijtimoiy fanlarning qaysi sohasida qadriyatga doir tadqiqot olib borilgan boʻlsa, bu tushunchaga shu jihatdan taʼrif berishga intilishgan.

Holbuki qadriyat aksiologiyaga xos kategoriyadir. Qadriyatni aksiologiya nuqtai nazaridan talqin qilish uni kategoriya sifatidagi mohiyati, mazmuni, obyektiv asosi, namoyon boʻlish shakllari va xususiyatlarini oʻrganish imkonini beradi. Qadriyat kategoriyasi faqat buyum va narsalarning iqtisodiy qimmatini emas, jamiyat va inson uchun biror ahamiyatga ega boʻlgan voqelikning shakllari, holatlari, narsalar, voqealar, hodisalar. talab va tartiblar va boshqalarning qadrini ifodalash uchun ishlatiladi. Ijtimoiy jarayonlar taʼsirida kishilarning Qadryatlar toʻgʻrisidagi qarashlari oʻzgarib boradi. Tarixiy zaruriyatga qarab goh u, goh bu qadriyat ijtimoiy taraqqiyotning oldingi safiga chiqadi. Mas, yurtni yov bosganida — ozodlik, imperiya hukmronligi nihoyasida — istiklol, urush davrida — tinchlik, tutqunlikda — erkinlik, kasal yoki bemorlikda — sihatsalomatlikning qadri oshib ketadi. Qadriyatlar ijtimoiytarixiy taraqqiyot mahsuli sifatida oʻz tarixiy ildizi, rivoji, vorislik jihatlariga ega. Qadriyatlar mehnat, ishlab chiqarish sohasidagi faoliyat, insonlar oʻrtasidagi munosabatlar uchun foyda keltiradigan narsalar, hodisalar, xattiharakatlar majmuasi sifatida yuzaga kelib, ayrim kishilar, ijtimoiy guruhlar faoliyati, xattiharakatini maʼlum yoʻnalishga buradigan, tegishli meʼyorga soladigan maʼnaviy hodisaga aylanadi. Qadriyatlar umumbashariy, milliy, shaxsiy boʻlishi mumkin. Olam, tabiat va jamiyatning eng muhim tomonlarini, qonunqoidalarini, aloqadorliklarini ifodalaydigan qadriyatlar umumbashariy xususiyatga ega. Bunday qadriyatlar oʻz ahamiyatini yoʻqotmaydigan, abadiy qadriyatlardir. Muayyan bir elat, millat, xalqning hayoti, turmush tarzi, tili, madaniyati, maʼnaviyati, urf-odat va anʼanalari, oʻtmishi va kelajagi bilan bogʻliq qadriyatlar milliy qadriyatlardir. Inson, uning faoliyati, turmush tarzi, eʼtiqodi, umr maʼnosi, odobi, goʻzalligi bilan bogʻliq qadriyatlar shaxsiy qadriyatlardir. Qadriyatlar komil insonni tarbiyalashda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.