Oftalmologiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Oftalmologiya (qadimgi yunoncha: ὀφθαλμός [oftalmo] — koʻz va λόγος [logiya] fan) — koʻzning normal holati va kasalliklarini oʻrganadigan fan boʻlib klinik tibbiyotning bir boʻlimi hisoblanadi. Oftalmologiya sohasida yetakchi mahsulotlari boʻlgan dunyodagi eng qimmatli farmatsevtika mahsulotlari Makula degeneratsiyasini (AMD) kompaniyalarida davolash uchun asbob uskunalar esa Regeneron (AQSh) va Bausch Health (Kanada) davlatlarida ishlab chiqariladi[1].

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Koʻz anatomiyasi, miloddan avvalgi 1200 yil.

Oftalmologiya fanining tarixi Ibn Sino davriga borib taqaladi. U yaratgan „Tib qonunlari“ kitobining 3-jildi koʻz va koʻz kasalliklariga bagʻishlangan. Oftalmologiya XVII asrda mustaqil fan sifatida rivojlana boshladi, koʻz tipik muhitlarining nur singdiruvchi xossalari (dioptrikasi) haqidagi tasavvur oʻsha vaqtda vujudga keldi, refraksiya anomaliyalarini tushunish va ularni koʻzoynak bilan tuzatishga shu tariqa asos solindi, koʻzning toʻr pardasi uning yorugʻlik sezuvchi qismi ekanligi, katarakta koʻz gavharining xira tortishidan iboratligi aniqlandi. XVIII asr oxirida Oftalmologiya bilan asosan, xirurglar shugʻullanishgan. XIX asrning 1-yarmida koʻzning asosan, tashqi kasalliklari oʻrganildi va operatsiya texnikasi ishlab chiqildi. Shu asrning 2-yarmida, oftalmoskop kashf etilgach, koʻz „tubi“ — toʻr pardasi va koʻrish nervi kasalliklari chuqurroq oʻrganila boshlandi. XIX asr oxirida bakteriologiya fanining muvaffaqiyatlari tufayli bir qancha koʻz kasalliklarining yuqumli ekanligi aniqlandi. XX asrda koʻzni tekshirishning nozik usullari taraqqiy etib, jumladan, biomikroskopiya usullari (goniskopiya, tonografiya va boshqalar) joriy qilindi. Koʻzoynak optikasi muvaffaqiyatlarga erishdi.

Daltonizmini aniqlash uchun kartalar

Oftalmologiya sohasi hozirgi kunda[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oftalmologiya fani yutuqlari amaliyotda joriy etilishi tufayli Oʻzbekistonda oʻtkir epidemik konʼyunktivit epidemiyasi, traxoma (shilpiq) butunlay tugatildi. Koʻz qon tomiri kasalliklari, miopiya, gʻilaylik va boshqa kasalliklar muammolarini ilmiy asosda hal qilish ustida ilmiy ishlar olib borilmoqda. Koʻz mikroxirurgiyasi rivojlanmoqda, koʻzning turli kasalliklarini davolash uchun mahalliy xom ashyodan tayyorlangan yangi dori-darmonlar qoʻllanilmoqda (N. M. Normatova, M. S. Krsimo-va, M. H. Karimova va b). Hozir Oʻzbekistondagi barcha tibbiyot institutlari kafedralari va ularning klinikalari, shuningdek, Respublika oftalmologiya ilmiy markazida oftalmologiya sohasida ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda[2].

Oftalmologik jarrohlik[tahrir | manbasini tahrirlash]

Operatsiyani amalga oshirayotgan oftalmolog jarroh

Ko'z jarrohligi — oftalmolog tomonidan koʻz yoki uning qoʻshimcha qismida amalga oshiriladigan jarrohlik amaliyoti. Koʻz nozik a'zo boʻlib, jarrohlik amaliyotidan oldin, jarrohlik amaliyoti davomida va undan keyin juda ehtiyot boʻlishni talab qiladi. Koʻz jarrohi bemor uchun tegishli jarrohlik muolajasini toʻgʻri tanlash va zarur xavfsizlik choralarini koʻrish uchun javobgar hisoblanadi.

Floresan angiografiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Floresan angiografiyasi

Floresan angiografiyasi koʻz kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan shifokorlar (oftalmologlar) tomonidan retinaning, koroidning, optik diskning va irisning qon tomirlarini baholash uchun ishlatiladi[3]. Oftalmologik kasalliklarning keng tarqalgan guruhlari orasida Floresan angiografiyasi diabetik retinopatiyani (neovaskulyarizatsiya), tomirlarning tiqilishi, retinal arteriyalarning tiqilishi[4], optik diskning shishishi va oʻsmalarni aniqlashi mumkin. Bundan tashqari, boʻyoq oʻtish vaqtida (boʻyoqni yuborish va u tekshirilgan qon tomirlarida paydo boʻlish davri) tasvirlangan qon tomirlari orqali qon oqimining tezligini ob’ektiv oʻlchashga yordam beradi[3].


Yana qarang[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Top Global Pharmaceutical Company Report“. The Pharma 1000 (2021-yil noyabr). 2022-yil 15-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 29-dekabr.
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  3. 3,0 3,1 Kunimoto, Derek. The Wills eye manual: office and emergency room diagnosis and treatment of eye disease., 4th, Philadelphia, PA: Lippincott Williams & Wilkins, 2004 — 365 bet. ISBN 978-0781742078. 
  4. Kumar, Vinay „Chapter 29: Eye, Retina and Vitreous, Retinal Vascular Disease“,. Robbins basic pathology, 8th, Philadelphia: Saunders/Elsevier, 2007. ISBN 978-1416029731.