Kontent qismiga oʻtish

Improvizatsiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Improvizatsiya (lot. improvisus — kutilmagan, bexosdan) — sheʼr, musiqa va b.ni oldindan tayyorgarliksiz, ijro davomida ijod etish; aktyor oʻyinida bexosdan paydo boʻladigan ilhom, ijodiy fantaziya, ruhiy koʻtarinkilik, fikr, soʻz, ohang va tasvirning erkinligi. Aktyor oʻyinidagi I. ijro etilayotgan rolni jonlantiradi, unga yangi maʼno beradi. Qad. xalq teatri aktyorlari — skomoroxlar, mimlar, bizda masharaboz va qiziqchilar, ay-niqsa, italyan xalq komediya teatri ("Del Arte") aktyorlarining oʻyinida I. asosiy oʻrin egallagan. Oʻzbek aktyorlaridan Hoji Siddiq Islomov, Soyib Xoʻjayev, Gʻani Aʼzamov kabi aktyorlar ijodida I. muhim rol oʻynagan (yana q. Badiha).

Musiqada I.ning ikki asosiy turi mavjud. Anʼanaviy (ogʻzaki anʼanadagi) musiqada, shu jumladan, oʻzbek musiqa merosida muayyan kuyni I. tarzida talqin etish — musiqa ijrosining asosiy shakllaridan biri hisoblanadi. Bunda sozanda yoki xonanda turli musiqa bezak (melizm)laridan mohirona foydalanadi, yangi ohang ibora va jumlalarini ustalik bilan kiritadi, avj yoki joʻr ovozlarni oʻzgartirish kabi usullardan foydalanadi. Ikkinchi turi — I. uslubida yangi musiqa asari (yoki maʼlum qismini, mas, kadensiya) yaratishdir. Kompozitorlik ijodida I. shakllari 16—17-asrlarda rivoj topib, ayniqsa 19-asrda (belkanto sanʼatida, virtuoz musiqasida) o`z choʻqqisiga koʻtarilgan. Jaz musiqasida I. asosiy oʻrin tutadi. Oʻzbek sozandalaridan A.Abdurashidov, A.Ismoilov, Q.Dadayev va b. I.dan mohirona foydalanishadi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil