Faxri Hirotiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Faxri Hirotiy, Amiriy (ta xalluslari; asl ismsharifi Sulton Muhammad ibn Amir Muhammad) (15-asr, Hirot — 1562/63, Hindiston) — shoir, adabiyotshunos. Alisher Navoiyning "Majolis unnafois"ini "Latoyifnoma" nomi bilan forschaga qayta tarjima qilgan (1521—22). Faxri Hirotiy asarga bir necha bob ilova qilib, "Majolis unnafois"ga kirmagan 189 shoir haqida maʼlumot keltirgan. Tazkirachilikda Navoiy anʼanalarini davom ettirgan. Uning "Sanoyeʼ ulhasan" asari badiiyat ilmi, qofiya va aruzga bagʻishlangan, "Haft kishvar"da tarixiy voqealar, turli afsonalar, axloqiy masalalar aks etgan. Sheʼrlaridan 5000 baytli devon tuzgan. Faxri Hirotiy keyinchalik keng tarqalgan "Radoif ulashʼor" majmualari tuzish anʼanasini boshlab bergan. Majmua turli davrlarga mansub shoirlar sheʼrlaridan arab alifbosi tartibida gazal, qasida va boshqa sheʼrlarning radifi boʻyicha tuzilgan. Faxri Hirotiy "Boʻstoni xayol", "Tuqfat ulhabib", "Javohir ulajoyib", "Ravzat ussalotin" va boshqa asarlar ham yozgan.

As.Vohidov R., "Majolis unnafois"ning tarjimalari, T., 1984.