Arktikaning Yevrosiyo sektori

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Arktika hududlar xaritasi

Arktikaning Yevrosiyo sektori rayoni-Shimoliy Muz okeanining Yevrosiyodan shimoli-gʻarbda va shimolida joylashgan orollari tabiati bir qancha umumiy belgilarga ega boʻlib, bu umumiylik ularning arktika va subarktika iqlim mintaqalarida joylashganligi bilan bogʻliq. Bu hudud tabiatining tafovutlari esa ularning paydo boʻlishi, tarkibi va relefi, shuningdek, qaysi sektorda joylashganligi bilan bogʻliq holda yuzaga kelgan. Arktikaning Atlantika sektori Shimoliy Atlantika oqimi tarmogʻining taʼsiri tufayli iqlimning nisbatan yumshoq ekanligi bilan ajralib turadi. Sharqqa tomon iqlimning kontinentalligi va arktika tabiiy sharoitining ogʻirligi (qahraton sovuqligi) orta boradi. Arktikaning Yevrosiyo sektorining gʻarbiy qismiga Islandiya, Novaya Zemlya, Shpitsbergen va Frants Iosif yeri orollari kiritilsa, sharqiy qismiga Severnaya Zemlya, Novacibirsk va Vrangel orollari kiritiladi. Shpitsbergen arxipelagi. Arxipelag 76,5° va 80,5° sh.k. lar orasida joylashgan orollar toʻplamidan iborat boʻlib, maydoni 62000 km2 ni tashkil qiladi, u asosan Gʻarbiy Shpitsbergen oroli, Shimoli-Sharqiy yer oroli va bir qancha kichik bir-biriga yaqin joylashgan orollardan iborat, tor boʻgʻizlar orqali ajralib turadi. Ularning hammasi paydo boʻlishiga koʻra materik orollar boʻlib, kaynozoy erasining ikkinchi yarmiga qadar Yevropani Grenlandiya bilan tutashtirib turgan quruqlikning qoldiqlaridan iborat. Arxipelagning 800 sh.k. parallel yaqinida joylashganligi, yillik radiatsiya balansining iyulga yaqinligi, qutb kechasining uzoq davom etishi bu yerda qoplama muzliklarning, muzdan holi yerlarda koʻp yillik muzloqlarning hosil boʻlishiga, sohillar yaqinida tundra oʻsimliklari, togʻlarda esa sovuq sahrolar oʻsimliklarining tarqalishiga sharoit tugʻdiradi.

Orollar relyefi qadimgi qoplama muzlanishlar taʼsiri, sovuqdan nurashning keng tarqalganligi, katta yer yoriqlarining mavjudligi va muzlanishdan keyingi vaqtlarda roʻy bergan koʻtarilishlar bilan bogʻliq. Arxipelagning shimoli-gʻarbi va shimoli-sharqida togʻ tizmalarining oʻtkir choʻqqilari hamda qirralari 1500–1700 m gacha balandlikka koʻtarilgan, muzlik vodiylari bilan boʻlingan va nurash natijasida oʻyilgan platolar ustun turadi. Shimol va gʻarbda sohilni yer poʻsti yoriqlari boʻyicha oʻtgan fordlar parchalagan. Arxipelagning 1/2 qismiga yaqini muzlar bilan qoplangan, muzlarning qalinligi baʼzan 700 m ga yetadi. Shpitsbergenning iqlim sharoiti qahraton sovuqligi va gʻarbi hamda sharqi bir-biridan farq qilishi bilan ajralib turadi. Bu farq mavjudligining sababi, Shpitsbergen orollarining gʻarbidan iliq dengiz oqimi oʻtadi. Qutb tuni oktyabrdan fevralgacha davom etadi. Havo harorati yil davomida past, yanvarning oʻrtacha harorati sharqda −18°S, gʻarbda −12°S, iyulning oʻrtacha harorati +30 dan +5°S gacha, maksimal harorat +16°S, minimal −40°S gacha boʻladi. Arxipelagning muzdan holi yerlarini tundra egallagan, bu yerda boʻyi 20 sm dan oshmaydigan pakana tol va qayinlar uchraydi, yozda boʻtakoʻz, qutb koʻknorisi, gazak oʻt mavjud, katta maydonlarni torfzorlar egallaydi. Arxipelag faunasining turlari kam, lekin shunday boʻlsada, bu fauna tarkibida qutb tulkisi, oq ayiq, shimol bugʻusi uchraydi.

Islandiya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Islandiya oroli

Atlantika okeanining shimoliy qismida, shimoliy qutb doirasi bilan 63°25 sh.k. orasida joylashgan va maydoni 103000 km2 ni tashkil qiladi. Islandiya tabiati vulqonlarning intensiv harakati, hozirgi zamon muzlanishi va sernam sovuq dengiz iqlimining birgalikdagi taʼsiri natijasida oʻziga xosdir. Islandiya vulkanik orol boʻlib, butunlay qadimgi, yosh va hozirgi vulqon jinslaridan tarkib topgan. Orollar zamini toʻq tusli bazalt lavalari qatlamlaridan tuzilgan, bu qatlamlar neogenda koʻtarilgan va yoriqlar hosil boʻlgan, bunda yer yoriqlari boʻylab yangi vulqon mahsulotlari oqib chiqqan. Islandiya hozirgi vaqtda Yer sharidagi eng aktiv vulkanik hududlardan biri boʻlib, bu yerda vulqonlar harakatining barcha koʻrinishlari vulqonlar, issiq suv hamda gazlarning otilib chiqishi va hatto yangi vulqonlarning paydo boʻlishini kuzatish mumkin. Orol relyefi asosan togʻli boʻlib, pastekisliklar yer yuzasining 1/3 qismidan kamrogʻini egallagan. Islandiya orolining katta qismi balandligi 400–600 m li bazalt platodan iborat, bu plato dengizga tomon tik yonbagʻir hosil qilib tushadi. Janub va janubi-sharqda bazalt platosini chuqur tektonik yoriqlar kesib oʻtgan, bu tektonik yoriqlar chekkasi boʻylab bir qancha vulqon konuslari joylashgan. Islandiyaning eng katta massivlari va uning yaqinida joylashgan Erayvayyokudl massividagi Xvandalsxnukur vulqoni Islandiyaning eng baland choʻqqisi (2219 m) hisoblanadi. Janubiy sohil yaqinida Mirdalsyokudl (1600 m), orolning markaziy qismida Xovsyokudl (1700 m) va boshqa massivlar joylashgan. Massivlarning eng baland choʻqqilari harakatdagi yoki soʻngan vulqonlardan iborat. Oroldagi 140 ta vulqondan 26 tasi harakatdagi vulqonlar hisoblanadi. Orolning janubi-gʻarbiy qismida Islandiyaning eng aktiv vulqoni Gekla (1447 m) qad koʻtargan. Islandiyaning baland massivlari firn muzliklar bilan qoplangan, hozirgi muzlanishning umumiy maydoni 12000 km2 ga yaqin boʻlib, buning 8500 km2 qismi Vatnayyokudl massividagi juda katta muzlikka toʻgʻri keladi. Vulqonlar bilan bogʻliq holda gaz, issiq buloq va geyzerlar otilib chiqadi. Islandiyaning Atlantika okeanida qishda tarkib topadigan bosim depressiyasi markazida joylashgan orol ekanligi uning iqlim xususiyatlarini belgilaydi. Iliq oqimning taʼsiri qishda kuchli, orolning janubiy va janubi-gʻarbiy qismida eng sovuq oyning oʻrtacha harorati +2°,+3°S boʻladi. Yogʻinlar janub va janubi-gʻarbda 1000 mm, baland massivlarning yonbagʻrida 3000 mm ga yetadi. Orolning daryolari muzliklardan toʻyinadi, ular juda sersuv, zinapoyasimon platolarni kesib oʻtadi va koʻplab ostonalar hosil qiladi. Eng katta daryolar Toursau (210 km) va Xvitau (180 km) ham ostona hamda sharsharalarning koʻpligi (50 m) va suv rejimi beqaror. Islandiya oʻsimliklari asosan mox va lishaynik, erika, chernika va brusnika butachalaridan iborat. Orolda daraxtlar juda kam, ular podzol tuproqlarda oʻsuvchi, pakana qayin, butasimon tol, ryabina va archalardan iborat. Islandiyada materikdan keltirilgan va yovvoyilashib ketgan shimol bugʻusi, qutb tulkisi, islandiya sichqoni uchraydi. Ichki suv havzalarining qirgʻoqlarida va dengiz boʻylarida juda koʻp miqdorda suv qushlari yashaydi.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • T. V. Vlasova.Materiklar tabiiy geografiyasi (okeanlar tutash qismlari bilan birga)- Oʻqituvchi. T., 1981[1]
  • X.Vaxobov, A. A. Abdulqosimov, N. R. Alimkulov MATERIKLAR VA OKEANLAR

TABIIY GEOGRAFIYASI -Toshkent ,2021[2]

  1. „Geografiya-oqitish-metodikasi 1983“. Qaraldi: 2024.08.05.
  2. X.Vaxobov, A. A. Abdulqosimov, N. R. Alimkulov MATERIKLAR VA OKEANLAR TABIIY GEOGRAFIYASI -Toshkent ,2021