Yustin (tarixchi)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Yustin
Tavalludi Ma'lum emas
Vafoti Ma'lum emas
Fuqaroligi Rim imperiyasi
Kasbi Tarixchi, yozuvchi
Faoliyat yillari taxminan III asr

Yustin (lotincha Marcus Junianus Justinus Frontinus, talaffuzi Markus Yunius Yustin Frontin) — milodiy II—III asrlarda yashagan rimlik tarixchi. Oʻzining Pompey Trogning „Filipp tarixi“ asariga epitom yozgani bilan tarixda qolgan. Yustinning epitomi dunyo, asosan, Makedoniya tarixini qadimiy davrlardan I asrgacha boʻlgan voqealarini oʻz ichiga oladi. Ushbu kitobdan V asr tarixchisi Oroziy foydalangan boʻlib, uning asari oʻrta asrlarda ham qadrlangan. Pompey Trogning ushbu asari Yustin tomonidan qisqartirilib, qayta ishlangan shaklda hozirgi kungacha yetib kelgan[1].

Yustin faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Pompey Trog haqida qisqagina maʼlumot bergan Yustin oʻzi haqida lom-lim demaydi. Shu tufayli biz Yustin haqida juda qisqa maʼlumotga egamiz. Uning Avgust asridan keyin milodiy I-II asrlarida Rimda yashab oʻtganligi maʼlum, xolos. Pompey Trog va Yustin oʻz zamonasida unchalik katta obroʻ-eʼtibor topmagan boʻlsa ham, Oʻrta asrlar va Uygʻonish davrlariga kelib, nomlari koʻpchilikka tanish boʻlib qoldi.

Yustin hayotining koʻp qismi Avgust asri va undan keyingi davrlar adabiyoti va sanʼatining rivoji bilan bogʻliqdir. Yustin tarixni juda yaxshi bilgan, ayni paytda, mahoratli yozuvchi edi. Tarixchi sifatida Pompey Trog hikoya qilgan tarixiy voqealarning asoslarini puxta oʻrgangan va ularga oʻzining munosabatini bildirgan boʻlsa, yozuvchi sifatida Pompey Trog asaridagi badiiy tasvirlarning davomchisi sifatida koʻzga tashlanadi. Chunki asarda yoʻqolib ketgan koʻpgina sahifalarning badiiy xususiyatlarini va ifoda vositalarini tiklashga harakat qilgan[2]. Yustinning yozuv uslubi soddaligi va ixchamligi bilan ajralib turib, juda koʻp qiziqarli maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi. Yustin oʻz tarixini boshqa qadimiy mualliflarning asarlari bilan taqqoslaganda koʻngilochar va ibratli faktlarning tavsifiga eʼtibor qaratadi, ammo koʻpincha maʼlumotlar orasida noaniqliklar uchraydi. Biroq, Yustin, aniqrogʻi, Pompey Trogning manbalari boshqa mualliflardan topib boʻlmaydigan noyob maʼlumotlarni yetkazadi. Yustin Pompey Trogning misrliklarning qadimiyligi haqidagi versiyasini takrorladi, skiflarning dastlabki hukmdorlari nomlarini keltiradi va ular bilan bogʻliq voqealarni tasvirlab beradi. Yustinning oʻzi haqida hech narsa maʼlum emas va hattoki uning ismi ham turli qoʻlyozmalarda boshqacha yozilgan, masalan: Markus Yunianus Yustinus yoki Yustinus Frontinus[3].

„Pompey Trog epitomi“ asari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yustinning „Pompey Trog epitomi“ asari oʻziga xos badiiy asardir. Hatto u gʻoyaviy yuksakligi va badiiy goʻzalligi jihatidan ayrim grek va Rim romanlaridan ustun turadi. Shuningdek, bu asar ilmiy xarakterga ega. Unda xalqlar tarixiga oid muhim maʼlumotlar bor[4]. Yustinning „Pompey Trog epitomi“ asari XVII asrda rus tiliga ilk marotaba tarjima qilingan, ammo bizgacha saqlanib qolmagan. XVIII asrda, aniqrogʻi 1768-yilda N. Popov, 1824-yilda S. Borzetsovskiy, 1954—1955-yillarda A. Dekonskiy va M. Rijskiylar tomonidan tarjima qilinib, nashr qilingan. Asar 2005-yilda qaytadan chop etildi[5].

Skif (sak) lar haqida[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yustin oʻz asarlarida skif (sak)larning hayoti, yashash tarzi haqida hikoya qiladi. Muallif bu bilan chegaralanib qolmasdan, skiflarning xarakteri, feʼl-atvori, dunyoqarashiga xos xarakterli belgilar haqida ham soʻz yuritadi. „Skiflar yeri kengligi va uzunligi jihatidan bepoyon oʻlka edi. Ular oʻzlariga tegishli yerlarni chegaralab olishgan edi. Ularda na uy, na qurilish va na doimiy istiqomat qiladigan joy bor. Ular mudom koʻchib, qoʻnib yurishga odatlangan. Mayda va yirik mollar boqadi. Ular xotini va bolalarini oʻzlari bilan birga olib yuradi. Ularning issiqdan va sovuqdan saqlaydigan teridan tayyorlangan maxsus yopingʻichi boʻlgan“[6].

Pompey Trog va Yustin skiflar hayotiga doir ayrim voqealarning bayonini tasdiqlash uchun koʻp oʻrinlarda Gerodot ijodiga murojaat qiladi. Ayniqsa, Yustinning "Pompey Trog epitomi" asarida berilgan skiflar haqidagi voqealar tasviri Gerodotning „Skifiya“ asari tasviriga oʻxshab ketadi.

Yustin asarining bir joyida skiflar haqida shunday yozadi: „Ular tugʻma haqiqatgoʻy edilar. Ular uchun oʻgʻrilik qilish eng ogʻir jinoyat edi“. Asarda tasvirlanishicha, „Skiflarning qoʻy-mollari alohida joylarda saqlanmasdan, keng yaylovlarda erkin yurardi. Skiflar oltin va kumushdan hazar qilardilar. Sut va asal isteʼmol qilishga odatlanganlar. Yirtqich hayvonlarning terisidan ham foydalanadilar“. Qadimgi skiflar oltin yigʻish va kumush buyumlar toʻplashga odatlanmagan. Romanning bir oʻrnida, „boylikka xirs qoʻyish uni ishlata bilgan joydagina avjiga chiqadi“, degan fikrni yozib oʻtgan. Skiflar uchun boylik oltin va kumush buyumlar emas, balki bebaho terilar va undan tayyorlangan turli xil kiyimlar hisoblangan[7].

Yustin „Pompey Trog epitomi“da skiflarning saravk va azian nomli qabilalari Baqtriya bilan Soʻgʻd hududlarini egallab, bu hududlarda yashaganligini yozadi. Bundan tashqari, Yustin asaridagi tarixiy voqealar bayoni ham beriladi. Unda taʼkidlanishicha, „Skiflar uch marta Osiyo ustidan hukmronlik qilishga muvaffaq boʻladi. Ularning gʻalabaga erisholmagan hollari ham boʻladi. Skif (sak) lar Eron shohi Doroni sharmandalarcha oʻz yerlaridan quvib chiqaradi. Kirni butun qoʻshinlari bilan qirib tashlaydi (bu oʻrinda Gerodot va Polien ijodida butun tafsilotlari bilan hikoya qilingan “Toʻmaris" va "Shiroq" asarlarini nazarda tutadi). Buyuk Aleksandrning sarkardasi Zapirion qoʻshinlari skiflar tomonidan qirib tashlangan edi"[8].Yustin skiflar hayotiga ijobiy munosabatda boʻladi. Aleksandrning Osiyoga yurishini qoralamagan holda, skiflarning mardligi, vatanparvarligini ulugʻlaydi. Ularning tashqi dushmanlarga qarshi kurashini, bosqinchi yovlarga bergan ayovsiz zarbasini maqtaydi.

Aleksandr yurishlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yustinning asarida qayd etilishicha, „Aleksandr Hindikush togʻlari orqali Baqtriyaga eramizdan avvalgi 329-yilning bahorida kirib keladi“. Bundan koʻrinadiki, Soʻgʻdiyonaga ham u oʻsha yili bahor oylarining oxirlarida keladi. Chunki baqtriyaliklar Makedon qoʻshinlariga deyarli qarshilik koʻrsatmaydi. Shuning uchun ham, Aleksandr Baqtriyada koʻp ushlanmasdan, tezda Soʻgʻdiyona tomon yoʻl oladi. Sababi, Soʻgʻdiyonada ashaddiy dushmani Bess yashirinib yurganligi haqidagi xabarni eshitadi. Bess Eron shohi Doro III ning eng yaqin kishisi boʻlib, Baqtriya hokimi qilib tayinlangan edi. Ayrim grek va rim asarlarida Bessning Baqtriyada qoʻlga olinganligi maʼlum qilinadi. Yustin asarida esa bu voqea aniq dalillar bilan koʻrsatilib, Bessning Soʻgʻdiyonada asir olinganligi taʼkidlanadi[9]. Yustin „Pompey Trog epitomi“ asarida Aleksandr Baqtriya va Sugʻdiyonada 7 ta shahar qurdirganligini yozadi. Shulardan biri Sirdaryo sohilida 17 kunda qurib bitkazilgan „Aleksandriya Esxata“, yaʼni olisdagi Aleksandriya edi. Ushbu shahar Xoʻjand bilan Bekobod oraligʻida joylashgan edi. Aleksandr mazkur shaharlarda yunon-makedon qoʻshinlarini joylashtirib, kelgusi joylarni zabt etishda ushbu shaharlardan platsdarm sifatida foydalangan edi. Shu sababdan, Aleksandr „Aleksandriya Esxata“ni tezda barpo etib, bu yerdan saklar ustiga yurish boshlagan edi. Bundan tashqari, Aleksandning Markaziy Osiyoda olib borgan yaratuvchilik faoliyatiga qaraganda, uning vayronagarchilik va buzgʻunchiligi oʻn chandon ortiqroq boʻlgan, behisob shahar hamda qishloqlarni vayron etgan[10].

Klit fojiasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yustin asarida Dionis sharafiga bagʻishlangan ziyofat chogʻida Aleksandr tomonidan oʻldirilgan Klit fojiasi bilan bogʻliq voqealar ancha taʼsirli epizodlarda berilgan. Shuningdek, Klit fojiasi Maroqanda yaqinidagi togʻda miloddan avvalgi 328-yilda roʻy berganligi qayd etiladi. F. Boynazarov bu joyni Urgut togʻlari, Omonqoʻton atrofida ekanligini aytadi[11].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Doniyorov A. X. Markaziy Osiyo xalqlari tarixshunosligi / Darslik. Toshkent: NIF MSH, 2020. 64-bet.
  2. Boynazarov F. Qadimgi dunyo tarixi / Darslik. T.: „IQTISOD-MOLIYA“, 2006. 150-151-betlar
  3. Doniyorov A. X. Markaziy Osiyo xalqlari tarixshunosligi / Darslik. Toshkent: NIF MSH, 2020. 64-bet.
  4. Boynazarov F. Qadimgi dunyo tarixi / Darslik. T.: „IQTISOD-MOLIYA“, 2006. 151-bet
  5. Doniyorov A. X. Markaziy Osiyo xalqlari tarixshunosligi / Darslik. Toshkent: NIF MSH, 2020. 64-bet.
  6. Yustin. Epitoma Pompey troga. Jurnal „Vestnik vremeney istorii“ 1954, № 2, str. 212.
  7. Boynazarov F. Qadimgi dunyo tarixi / Darslik. T.: „IQTISOD-MOLIYA“, 2006. 152-153-betlar
  8. Boynazarov F. Qadimgi dunyo tarixi / Darslik. T.: „IQTISOD-MOLIYA“, 2006. 156-bet
  9. Boynazarov F. Qadimgi dunyo tarixi / Darslik. T.: „IQTISOD-MOLIYA“, 2006. 158-bet
  10. Doniyorov A. X. Markaziy Osiyo xalqlari tarixshunosligi / Darslik. Toshkent: NIF MSH, 2020. 64-bet.
  11. Boynazarov F. Qadimgi dunyo tarixi / Darslik. T.: „IQTISOD-MOLIYA“, 2006. 158-bet