Malabsorbsiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Endoskopik biopsiya
Malabsorbsiya sindromida ichak gistogrammasi

Malabsorbsiya sindromi (soʻrilishning buzilishi) — bu ingichka ichakda hazm jarayoni va soʻrilishning buzilishi. Kasallikda ichak epiteliysi soʻrgʻichlari orqali boʻshliq va devor oldi hazmiga uchraydigan ovqat mahsulotlari, elektrolitlar va vitaminlarning qon va limfa suyuqliklariga transporti buziladi. Kasallikning klinik koʻrinishi sifatida bemorda diareya, steatoreya, poligipovitaminoz, vazn yoʻqotish, elektrolitlar muvozanati buzilishi va anemiya kabilar kuzatiladi[1].

Etiologiyasi va patogenezi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kelib chiqishiga koʻra birlamchi (tugʻma) va ikkilamchi (orttirilgan) malabsorbsiya sindromi farqlanadi. Birlamchi malabsorbsiya sindromiga nasliy va tugʻma fermentopatiyalar, ikkilamchisiga esa oshqozon-ichak tizimining turli kasalliklari sabab bo'lishi mumkin. Bundan tashqari kasallikning kelib chiqishiga ingichka ichakning normal mikroflorasi buzilishi, yaʼni dizbakteriozlar ham sabab boʻlishi mimkin[2].

Gastroenterologiyada malabsorbsiya sindromi ogʻirligiga koʻra 3 ta darajasi farqlanadi:

1. Yengil darajasi (10 kilogrammgacha vazn yoʻqotish, umumiy zaiflik, va gipovitaminozning ayrim belgilari);

2. Oʻrta darajasi (10 kilogrammdan ortiq vazn yoʻqotish, ogʻir poligipovitaminoz, suv va elektrolitlar gomeostazining buzilishi, anemiya, jinsiy gormonlar sekretsiyasining pasayishi);

3.Ogʻir darajasi (tana vaznining sezilarli darajada yetishmasligi, ogʻir multivitaminlar va elektrolitlar yetishmovchiligi, osteoporoz, ogʻir anemiya, shish, konvulsiyalar, jiddiy endokrin kasalliklar).

Klinik koʻrinishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Malabsorbsiya sindromining 3 xil klinik belgilari farqlanadi:


Enteral dispepsiya — qorin shishi va dam boʻlishi, ichaklarda istʼemol mahsuloting hazm boʻlishi, soʻrilishi va harakatining buzilishi oqibatida yuzaga keladi.

Enterit-koprologik — tez-tez keladigan (kuniga 15-20 marta), tarkibida hazm boʻlmagan ovqat qoldiqlarini saqlovchi boʻtqasimon, shilliqli va gaz pufakchali baʼzi hollarda badboʻy hidli najas bilan namoyon boʻladi. Kun davomida ajralgan najas miqdori 1,5-2 kgga yetishi mumkin. Bemorda ovqatlanishdan soʻng darhol ich kelishi hissi paydo boʻlishi va boʻshangandan soʻng sovuq ter, qoʻllarning qaltirashi va holsizlik kuzatiladi.

Bevosita malabsorbsiya sindromi — bemor vaznining kamayishi (ogʻir holatlarda kaxeksiyagacha), umumiy holsizlik va boshqa belgilar bilan namoyon boʻladi. Uning oqibatida esa poligipovitaminoz, kamqonlik, poliglandulyar endokrin yetishmovchiligi turli aʼzolarda distrofik oʻzgarishlar kuzatiladi[3].

Bemor tekshirilganda teri quruqligi, tirnoqlar sinuvchanligi, soch toʻkilishi, ogʻiz chetlarida yorilishlar va boshqa belgilar namoyon boʻladi. Ogʻriq yaqqol boʻlib, aksariyat hollarda kindik atrofida joylashadi. Qorin palpatsiya qilinganda ichakning turli qismlarida quldirash eshitiladi.

Diagnostikasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Laborotor diagnostikasi. Qonning umumiy va biokimyoviy tahlilida anemiya, gipoalbuminemiya, gipoxolesterinemiya kuzatiladi. Aniq tashxis qo'yish uchun ingichka ichak endoskopiya usuli yordamida tekshiriladi va shilliq qavat biopsiyasi tahlili yordamida aniqlanadi.

Davolash[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bemorlarni davolash dorilarsiz va dorilar yordamida amalga oshiriladi.

Dorilarsiz davolashda shifokor bemorga maxsus parhez buyuradi. Bemorga kalsiy va kaliyga boy boʻlgan mahsulotlar isteʼmol qilish tavsiya etiladi. Tarkibida hayvon yogʻlari boʻlgan taʼomlarni isteʼmol qilish tavsiya etilmaydi.

Dorilar bilan davolashda hazm jarayonini yaxshilovchi (kreon, solizim, panzinorm, festal va boshqalar), disbakterozni muvozanatga keltiruvchi (kolibakterin, bifikol, bifidumbakterin, laktobakterin), shuningdek vitaminlar va boshqa preparatlardan foydalaniladi[2].

Profilaktikasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oshqozon-ichak tizimi kasalliklarini oʻz vaqtida va toʻliq davolash, ratsional ovqatlanish, spirtli ichimliklarni koʻp isteʼmol qilmaslik va sogʻlom turmush tarziga rioya etish kerak.

Yana qarang[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Malabsorbsiya sindromi“. Qaraldi: 2024-yil 24-aprel.
  2. 2,0 2,1 Ichki kasalliklar propediftikasi — 527-528 bet. 2024-yil 30-aprelda qaraldi. 
  3. Malabsorbsiya sindromi — 17-19 bet. 2024-yil 30-aprelda qaraldi. 

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Malabsorbsiya video youtube