Fiziologiya va biofizika instituti

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Fiziologiya va biofizika instituti — fiziologiya va biofizika sohalari boʻyicha ilmiy tadqiqotlar ishlari olib boruvchi ilmiy muassasa. Dastlab 1959-yilda Zoologiya va parazitologiya instituti tarkibida umumiy fiziologiya laboratoriya. tashkil etilgan. Lab. 1969-yilda fiziologiya boʻlimiga, 1975-yilda Fiziologiya institutiga aylantirilgan. 1985-yildan institutda biofizika sohasida ham tadqiqotlar olib borila boshlanishi bilan F. va boshqa instituti deb atala boshlandi. Institutda ovqat hazm qilish, elektrofiziologiya, yoshlar fiziologiyasi, molekulyar fiziologiya, membranalar biofizikasi, hujayra biofizikasi, molekulyar biofizika laboratoriya. mavjud. Institutda markaziy nerv va endokrin sistemasining ichki organlar bilan oʻzaro funksional bogʻlanishi, turli ekstremal omillar taʼsirida moddalar almashinuvi, termoregulyatsiya sistemasining faoliyati, tabiiy va sunʼiy membranalarni tadqiq qilish, nerv va muskul qoʻzgʻaluvchanlik, ion tashuvchi membranalar tuzilishining molekulyar mexanizmlari va boshqa muammolar ustida tadqiqot ishlari olib boriladi. Keyingi yillarda institut olimlari Orolboʻyi mintaqasida roʻy berayotgan ekologik tanglik va uning odam hamda hayvonlar organizmiga taʼsirini oʻrganishmoqda. Institut qoshida odam va hayvonlar fiziologiyasi hamda biofizikasi boʻyicha ixtisoslashgan ilmiy kengash mavjud. Institut Yaponiya milliy fiziologiya instituti, AQSH ning Alabama va Luisvill universitetlari, Shotlandiyaning Glazgo universiteti bilan ilmiy hamkorlik qiladi. Institutda AQSH va Ukraina olimlari bilan hamkorlikda biofizikaga oid muammolar boʻyicha xalqaro kompleksmaqsadli dasturlar asosida ilmiy tadqiqotlar ishlari olib borilmokda.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil