Artel

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Artel — fuqarolarning birgalikda xoʻjalik faoliyati yuritish maqsadlarida tuzgan ixtiyoriy uyushmasi shakllaridan biri. Aksariyat hollarda A. atamasi mehnat jarayonlarini birgalikda bajarish uchun tuzilgan shirkatlarga (baliq ovlash, qishloq xoʻjaligi artellari yoki oʻz aʼzolari mehnatini umumlashtirmay, qisman ishlab chiqarish vositalariga egalikni birlashtiruvchi uyushmalarga nisbatan qoʻllaniladi. Sobiq Ittifoqda yakka tartibda mehnat faoliyati bilan shugʻullanuvchi tovar ishlab chiqaruvchilar xoʻjaliklari (hunarmandlar, kosiblar va boshqalar) 20-yillarning boshidan ishlab chiqarish vositalarini umumlashtirish asosida sotsialistik xoʻjalik yuritish yoʻliga oʻtkazilgan va qishloq xoʻjaligi, hunarmandchilik, baliqchilik A.lari kabi jamoa xoʻjaliklari tuzilgan edi. Ularning ishlab chiqarish rejalari davlat xalq xoʻjaligi rejasiga kiritilar edi. 80-yillar oxirida yakka tartibda mehnat faoliyati bilan shugʻullanishga doir qonunlar qabul qilingach, bunday A.lar oʻz ahamiyatini yoʻqotdi. Hozir baliq ov-lash, oltin izlash, kasanachilik, maishiy xizmat koʻrsatish sohalarida qisman A.lar saqlanib qolgan.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil