Kontent qismiga oʻtish

Yusuf al-Barm

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Yusuf al-Barm – 770-yillarda Xurosonda Abbosiylar xalifaligiga qarshi isyonchilar yetakchisi.

Yusuf al-Barmning kelib chiqishi haqida maʼlumotlar juda oz. Otasining ismi Ibrohim boʻlgan. Tarixchi Yaʼqubiy tomonidan berilgan maʼlumotlarga koʻra, Buxoroda yashovchi Banu Saqif qabilasi mavlosi boʻlgan[1]. Yusufning qaysi dinga eʼtiqod qilgani haqida hech narsa aytilmagan, shuningdek, uning „al-Barm“ taxallusining maʼnosi ham nomaʼlum[2].

Yusuf al-Barm tomonidan koʻtarilgan qoʻzgʻolon ilk Abbosiylar davrida Xurosonda sodir boʻlgan qator isyonlardan biri edi[1]. Bu isyon taxminan shu davrda sodir boʻlgan Muqanna qoʻzgʻoloniga oʻxshash edi[2]. Qoʻzgʻolonning aynan nima maqsadda sodir etilgani aniq emas. Baʼzi manbalarda Yusuf Xorijiylar vakili sifatida koʻrsatilgan boʻlsa, yana boshqa manbalar uni kofir deb oʻtgan[1]. C. E. Bosworthning taʼkidlashicha, „qoʻzgʻolon aslida siyosiy xarakterga ega boʻlib, xalifa va uning noiblari tomonidan amalga oshirilgan zoʻravonliklarga qarshi qaratilgan edi“[1]. Qoʻzgʻolon aynan qachon boshlanganligi nomaʼlum, biroq Humayd ibn Qahtaba Xuroson hokimi boʻlgan davrda, yaʼni 768-yilda boshlangan[2]. Ushbu qoʻzgʻolon Xurosonning janubiy hududlariga, ya'ni hozirgi shimoliy Afgʻoniston hududlari boʻlgan Badgʻis, Marvirud, Joʻzjon va Taliqon viloyatlariga tarqalgan[1].