Kontent qismiga oʻtish

Yoqub al-Mansur

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Yoqub al-Mansur
Amir al-Moʻminin unvoni

Yoqub al-Mansurning Rabotdagi tugallanmagan masjidi
Muvahhidlar davlati hukmdori
Saltanat 1184–1199
Oʻtmishdoshi Abu Yoqub Yusuf
Davomchisi Muhammad an-Nosir
Vafoti 1199-yil 23-yanvar
Marokash
Dafn etilgan joy
Tinmal
Turmush oʻrtogʻi Ammet Allah bint Abu Isaac
Safiya bint Abu Abdulloh ben Merdnych
Farzandlari Muhammad an-Nosir
Idris al-Maʼmun
Sulola Muvahhidlar
Otasi Abu Yoqub Yusuf
Dini Islom

Yoqub ibn Yusuf Abdulmoʻmin al-Mansur (arabcha: أبو يوسف يعقوب بن يوسف بن عبد المؤمن المنصور‎; 1199-yil 23-yanvarda vafot etgan), asosan, Yoqub al-Mansur (يعقوب المنصور) yoki Moulay Yacoub (مولاي يعقوب) nomi bilan tanilgan uchinchi Muvahhidlar xalifasi[1]. Otasining vafotidan soʻng taxtga chiqqan al-Mansur 1184-yildan 1199-yilgacha hukmronlik qildi. Uning hukmronlik davri savdo, meʼmorchilik, falsafa va ilm-fan rivoji, shuningdek, harbiy gʻalabalar bilan ajralib turadi. Ayniqsa, Iberiya yarimorolida davom etayotgan Rekonkista harakatlarini qaytarishda muvaffaqiyat qozondi.

Harbiy harakatlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Al-Mansurning otasi 1184-yil 29-iyulda Portugaliyada oʻldirildi. 10-avgustda otasining jasadi bilan Sevillaga yetib kelgach, al-Mansur darhol yangi xalifa deb eʼlon qilindi[2]. Al-Mansur otasining oʻlimi uchun qasos olishga ont ichdi, biroq Banu Gʻaniya qabilasi bilan kechgan janglar uni Afrikada ushlab qoldi. Banu Gʻaniyani navbatdagi magʻlubiyatga uchratgach, u otasining oʻlimi uchun qasos olish maqsadida Pireney yarim oroli sari yoʻl oldi.

1190-yil 13-iyulda al-Mansur Portugaliya Templarlarining markazi boʻlgan Tomar qal’asini qamal qildi, ammo qal’ani qoʻlga kiritishda muvaffaqiyat qozona olmadi. Biroq janubroqda 1191-yilda u Algarve mintaqasidagi Albufeyra hududi yaqinida joylashgan yirik istehkom Paderne qal’asi va unga tutash hududlarni qayta zabt etdi. Bu hudud 1182-yildan buyon qirol Sancho I boshchiligidagi Portugaliya qoʻshini nazoratida edi. Nasroniylarga boshqa zarbalar berib, yirik shaharlarni qoʻlga kiritgach, al-Mansur Magʻribga uch ming nasroniy asirlari bilan qaytdi.

Al-Mansur Afrikaga qaytgandan soʻng, Pireney yarim orolidagi nasroniylar hujumni davom ettirdilar va Moorning koʻplab shaharlarini, jumladan Silves, Vera va Bejani egallab olishdi.

Bu xabarni eshitgan al-Mansur qaytadan Pireney yarimoroliga yoʻl oldi va nasroniylarni yana magʻlubiyatga uchratdi. Bu safar ularning koʻplari har biri ellik kishidan iborat zanjirband qilingan guruhlarga boʻlinib olib ketildi va keyinchalik Afrikada qul sifatida sotildi.

Al-Mansur Afrikada boʻlganida nasroniylar uni tor-mor etish uchun oʻsha davrning eng katta lashkari – 300 mingdan ortiq qoʻshin toʻpladilar. Biroq bu xabarni eshitishi bilan al-Mansur yana Pireneyga qaytdi va 1195-yil 18-iyulda Alarkos jangida Kastiliya qiroli Alfonso VIII ning qoʻshinini tor-mor keltirdi. Rivoyatlarga koʻra, al-Mansurning lashkarlari 150 ming kishini oʻldirgan va sanogʻiga yetib boʻlmas darajada oltin, qimmatbaho buyumlar hamda boshqa mol-mulklarni qoʻlga kiritgan. Aynan shu gʻalabadan soʻng u „al-Mansur billoh“ unvonini olgan[3].

Ichki siyosat

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Bob Udaya darvozasi al-Mansur hukmronligi davrida Qasbat al-Avdayaga qoʻshilgan

Meʼmorchilik

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻz hukmronligi davrida al-Mansur bir qancha yirik qurilish loyihalarini amalga oshirdi. U Rabotdagi Kasba Udaya qal’asida ulkan darvoza qurdirdi. Shuningdek, al-Mansur Marokashdagi hozirgi Kutubiya masjidining qurilishini yakunlash uchun ham mas’ul boʻlgan boʻlishi mumkin. Bundan tashqari, xalifa Marokashda keng koʻlamli shohona qal’a va saroy majmuasini ham bunyod etdi. Bu majmua keyingi asrlar davomida shahardagi hukumat qarorgohi boʻlib xizmat qildi. Ushbu qirollik hududiga Marokashdagi Kasba masjidi (yoki al-Mansuriya masjidi) ham kirgan boʻlib, unga al-Mansur davrida barpo etilgan Bab Agnau darvozasi orqali kirilardi. Bundan tashqari, al-Mansur Rabotda yanada kattaroq va mustahkam poytaxt barpo etishga kirishdi va u yerda dunyodagi eng katta masjidni qurishni rejalashtirdi, amo masjid va yangi qal’a qurilishi uning vafotidan keyin toʻxtab qoldi. Masjidning faqat boshlangʻich qismi, jumladan, hozir „Hasan minorasi“ nomi bilan mashhur ulkan minora qurib bitkazilgan edi.

Rabotdagi tarixiy darvozalardan ayrimlari, xususan, Bab ar-Rouoh ham aynan shu davrga taalluqlidir[4][5][6]. Al-Mansurning mashhur asarlaridan biri Marokesh Bimaristoni boʻlib, u Marokashda qurilgan birinchi shifoxona edi. Al-Mansur uni nafis bezaklar va haykallar bilan chiroyli qilib bezattirdi, shifoxona hududida bogʻlar va unga ulangan suv kanallari mavjud edi. Uning qurilishi Muvahhidlar hukumatining shaxsiy mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilgan. Rivoyatlarga koʻra, Ibn Rushd ham u yerda maʼlum muddat faoliyat yuritgan[7][8].

Falsafa va din

[tahrir | manbasini tahrirlash]
"Averroesning sharmandaligi": al-Mansur Averroesni oʻz saroyidan quvib yuborgan (Lui Figye, 1867-yilgi tasvir)

Al-Mansur faylasuf Ibn Rushdni qoʻllab-quvvatlagan, Ibn Rushd saroyda xalifaning eng sevimli kishilaridan boʻlgan. Muvahhid xalifalarining koʻpchiligi kabi al-Mansur ham diniy bilimga ega edi. U Muvahhidlar taʼlimotiga koʻra musulmon huquqshunosligining Zohiriy (yaʼni soʻzma-soʻz talqin qiluvchi) maktabini yoqladi va musulmon paygʻambar anʼanalari boʻyicha nisbatan keng taʼlim olgan edi. U hatto paygʻambar Muhammadning soʻzlari va qilgan amallari toʻgʻrisida kitob ham yozgan[9]. Mansurning Zohiriylikka sodiqligi shunda yaqqol namoyon boʻldiki, u qozilariga faqat Qur’on, paygʻambarning soʻzlari va mutlaq ijmo asosida hukm chiqarishni buyurdi. Mansurning otasi Abu Yoqub kordovalik olim Ibn Madani bosh qozi etib tayinlagan va ular Muvahhidlar islohotlari doirasida barcha Zohiriy taʼlimotiga mansub boʻlmagan diniy kitoblarni taqiqlashni nazorat qilganlar[10]. Ammo Mansur taxtni meros qilib olgach, faqatgina bunday cheklovlar bilan qoniqib qolmay, Ibn Madaga bunday kitoblarni yoqib yuborishni ham buyurdi[11].

Oʻlimi va merosi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Al-Mansur 1199-yil 23-yanvarda Marokashda vafot etdi[12]. Uning jasadi vaqtincha Marokashdagi saroyga dafn qilingan, soʻngra Tinmalga koʻchirilgan. U yerga undan avvalgi Muvahhid xalifalari va Ibn Tumart ham dafn etilgan edi[13]. 

Al-Mansurning Alarkosdagi gʻalabasi keyingi asrlar davomida urush taqdiri musulmonlar zarariga oʻzgarib ketgan paytlarda ham eslab kelingan. Bu voqea tarixchi Ibn Abu Zar tomonidan 1326-yilda yozilgan „Ravd al-Qirtas“ (tarjimasi „Mag‘rib hukmdorlari tarixi“) asarida hikoya qilingan[14].

Marokashning Fos shahri yaqinidagi Moulay Yacoub shaharchasi al-Mansur nomi bilan atalgan boʻlib, hudud, asosan, davolovchi issiq buloqlari bilan mashhurdir.

  1. Huici Miranda, A. (1986) [1960]. "Abū Yūsuf Yaʿḳūb b. Yūsuf b. ʿ Abd al-Muʾmin al-Manṣūr". in Bearman, P.; Bianquis, Th.; Bosworth, C.E. et al.. Encyclopaedia of Islam. I (2nd nashri). Leiden, Netherlands: Brill Publishers. p. 165. ISBN 9004081143. https://referenceworks.brillonline.com/entries/encyclopaedia-of-islam-2/abu-yusuf-yakub-b-yusuf-b-abd-al-mumin-al-mansur-SIM_0278. 
  2. Huici Miranda, A. (1986) [1960]. "Abū Yūsuf Yaʿḳūb b. Yūsuf b. ʿ Abd al-Muʾmin al-Manṣūr". in Bearman, P.; Bianquis, Th.; Bosworth, C.E. et al.. Encyclopaedia of Islam. I (2nd nashri). Leiden, Netherlands: Brill Publishers. p. 165. ISBN 9004081143. https://referenceworks.brillonline.com/entries/encyclopaedia-of-islam-2/abu-yusuf-yakub-b-yusuf-b-abd-al-mumin-al-mansur-SIM_0278. 
  3. Huici Miranda, A. (1986) [1960]. "Abū Yūsuf Yaʿḳūb b. Yūsuf b. ʿ Abd al-Muʾmin al-Manṣūr". in Bearman, P.; Bianquis, Th.; Bosworth, C.E. et al.. Encyclopaedia of Islam. I (2nd nashri). Leiden, Netherlands: Brill Publishers. p. 165. ISBN 9004081143. https://referenceworks.brillonline.com/entries/encyclopaedia-of-islam-2/abu-yusuf-yakub-b-yusuf-b-abd-al-mumin-al-mansur-SIM_0278. 
  4. Deverdun, Gaston. Marrakech: Des origines à 1912. Rabat: Éditions Techniques Nord-Africaines, 1959. 
  5. Salmon, Xavier. Maroc Almoravide et Almohade: Architecture et décors au temps des conquérants, 1055-1269. Paris: LienArt, 2018. 
  6. Bennison, Amira K.. The Almoravid and Almohad Empires. Edinburgh University Press, 2016. 
  7. 'Abd al-Wahid al-Marrakushi, al-mujib fi talkhis akhbar ahl al-Maghrib, p. 287
  8. Moussaoui، Driss؛ Glick، Ira D. (2015).
  9. Kojiro Nakamura, „Ibn Madaʼs Criticism of Arab Grammarians.“ Orient, v. 10, pgs.
  10. Kees Versteegh, The Arabic Linguistic Tradition, pg.
  11. Shawqi Daif, Introduction to Ibn Madaʼs Refutation of the Grammarians, pg.
  12. Huici Miranda, A. (1986) [1960]. "Abū Yūsuf Yaʿḳūb b. Yūsuf b. ʿ Abd al-Muʾmin al-Manṣūr". in Bearman, P.; Bianquis, Th.; Bosworth, C.E. et al.. Encyclopaedia of Islam. I (2nd nashri). Leiden, Netherlands: Brill Publishers. p. 166. ISBN 9004081143. https://referenceworks.brillonline.com/entries/encyclopaedia-of-islam-2/abu-yusuf-yakub-b-yusuf-b-abd-al-mumin-al-mansur-SIM_0278. 
  13. Bennison, Amira K.. The Almoravid and Almohad Empires. Edinburgh University Press, 2016. 
  14. French translation by A. Beaumier, 1860
Oʻtmishdoshi:
Abu Yoqub Yusuf
Muvahhidlar sulolasi
1163–1184
Vorisi:
Abu Yusuf Yoqub al-Mansur