Yopiq sugʻorish tizimi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Yopiq sug`orish tizimidan yoʻnaltirildi)

Yopiq sugʻorish tizimi -sugʻoriladigan maydonlarga suv uzatadigan quvurlar tarmogʻi. Quvurlar 0,6—1,5 m chuqurlikda (quvur ustigacha) yoki yer yuzasiga yotqiziladi. Yer osti quvurlari oʻtirmaydigan va koʻpchimaydigan qumlik, shagal va sh. k. mustahkam gruntlarga yotqiziladi. Suv tekkanda oʻtiradigan gruntlarda avval transheya qazib suv quyiladi, koʻpchiydigan gruntlarda esa quvur tagiga 20 sm dan kam boʻlmagan qalinlikda qum solinadi. Yo. s. t. uchun asbestsement, temirbeton, polietilen, metall va shu kabi quvurlardan foydalaniladi. Suv uzatish usuli boʻyicha Yo. s. t. bosimli (suv nasos yordamida beriladi) va oʻzioqar bosimli (joyning tabiiy nishabi hisobiga bosim hosil boʻladi) sugʻorish shoxobchalariga boʻlinadi, odatda, bunga nishablik 0,025 dan yuqori boʻlgan joylarda erishiladi. Quvurlardagi suvning minimal oqim tezligi loyqachoʻkindilarni oqizib ketishni, maksimal tezligi esa sugorish toʻxtatilgandan soʻng quvurlarni choʻkindilardan yuvib, chiqarib tashlashni taʼminlashi lozim. Bosimli Yo. s. t.ning asosiy elementlari: suv manbai (daryo, kanal, suv ombori, yer osti suvlari va b.); nasos stansiyasi, suv tarqatgich quvurlar tarmogʻi; yomgʻirlatish va sugʻorish mashinalari; koʻchma yoki koʻchmas suv quyish quvurlari; quvurlar yoʻlidagi inshootlar va ochib-berkitadigan qurilmalar; suv tashlama va oqova kanallari.

Oʻzioqar bosimli Yo. s. t. bosimli shoxobchadan faqat nasos st-yasining yoʻkligi bilan farq qiladi. Yo. s. t. konstruksiyasi boʻyicha koʻchmas, yarim koʻchma va koʻchma boʻladi. Koʻchmas tizimlarda suv bosim ostida doimiy gidrantlar oʻrnatilgan suv quvurlarga beriladi, ular orqali esa koʻchmas sugʻorish mashinalari yoki boshqa sugʻorish qurilmalariga oqib keladi. Yarim koʻchma Yo. s. t.da suv yomgʻirlatish qurilmalari yoki suvni tuproq ichidan tomchilab yoki egatlarga oqizib beradigan joʻmraklarga doimiy yer osti va koʻchma yer usti suv quvurlaridan beriladi. Kuchma quvurli sugʻorish tarmogʻi yer yuzasiga yotqiziladigan yigʻma suv quvurdan iborat; uni osongina boʻlaklarga ajratib, boshqa joyga koʻchirish mumkin. Sugʻorma dehqonchilik zonasida oʻzi oqar bosimli sugʻorish shaxobchalari eng koʻp qurilgan. Masalan, Mirzachoʻlda 65 ming ga, Dalvarzin choʻlida 35 ming ga dan koʻproq yer shu usulda sugʻoriladi (2001). Yo. s. t. sugʻorma dehqonchilikni kompleks mexanizatsiyalash talablariga toʻla javob beradi, unumdor sugʻorish texnikasini qoʻllashga imkon yaratadi; Yo. s. t. da f.i. k. ochiq sugʻorish tarmoqlarinikiga qaraganda ancha yuqori boʻlib (0,95—0,98), ariq va kanallar bilan band boʻladigan yerlardan ham foydalanishga imkon beradi. Yo. s. t.da yerdan foydalanish koeffitsiyenti 0,92—0,98 ga teng .

Sharif Hamdamov, Nikolai Soloxin.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil