Yopiq urugʻlilar gulli oʻsimliklar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

YOPIQ URUGʻLILAR (Angiospermae) gulli oʻsimliklar — yuksak oʻsimliklar boʻlimi (tipi). Urugchisining boʻlishi, qoʻsh urugʻlanishi Yo. u.ning oʻziga xos belgisidir. Urugʻchisi gulning markazida joylashib, tuguncha, ustuncha va tumshuqchadan iborat. Urugʻchi tugunchasidagi kovakda urugʻkurtak rivojlanadi. Urugʻlangan tuguncha mevaga aylanib, uning ichidagi urugʻkurtakdan bitta yoki bir nechta urugʻ hosil boʻladi (nomi ham shundan kelib chiqqan). 200 mingga yaqin turi boʻlib, 300 oilaga mansub 10 mingdan ortiq turkumi bor. Tasnifi 16-asrdan boshlangan boʻlsa ham fan tomonidan qabul qilingan tizimi hali ishlab chiqilgan emas. Oʻnlab tizimi taklif qilingan, shulardan ikkitasi — ikki pallalilar va bir pallalilar sinfi koʻproq qabul qilingan. Odamlar uchun foydali koʻpgina oʻsimliklar, jumladan oziqovqat oʻsimliklari (zigʻir, gʻoʻza, bugʻdoy va boshqalar), yemxashak oʻsimliklari (suli, beda va boshqalar), xushboʻy, dorivor, mevali va kauchukli oʻsimliklar Yo. u.ga kiradi. Baʼzi turlaridan qurilish materiallari olinadi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil