Yogʻlarni tozalash

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Yog'larni Tozalashdan yoʻnaltirildi)

Yogʻlarni tozalash - yoglarni zaharli (zararli) moddalar va mexanik aralashmalardan tozalash. Yogʻlarni mexanik va kimyoviy tozalash usullari bor. Mexanik tozalash yogʻlarni tindirish, suzish (filtrlash) va separatsiyalash (yot moddalardan ajratish) jarayonlarini oʻz ichiga oladi. Yogʻlarni kimyoviy tozalash ularni triglitserid boʻlmagan, ammo urugʻ (magʻiz) tarkibida uchraydigan har xil yoʻlakay moddalardan xoli qilish. Urugʻ murakkab kolloid sistema boʻlib, oʻsimlikning turi, agrotexnika usuli va saqlash sharoitlariga qarab uning tarkibida triglitseridlardan tashkari erkin holdagi yogʻ kislotalari, fosfolipidlar, oqsillar, karbon suvlar, har xil rang hamda hid beruvchi moddalar boʻladi. Yogʻ olish jarayonida yuqorida qayd etilgan moddalar ham yogʻ bilan birga chiqadi. Ovqatga ishlatiladigan yogʻlar triglitserid boʻlmagan aralashmalardan tozalanishi — rafinatsiya qilinishi shart. Aralashmalarning tarkibi va xususiyati hamda yogʻning qaysi maqsadda ishlatilishiga qarab rafinatsiya jarayoni koʻp bosqichli boʻlishi mumkin. Koʻp hollarda rafinatsiya yogʻlarni suv bilan ishlab (gidratatsiya) fosfolipid — oqsilkarbon suvlar kompleksini ajratib olishdan boshlanadi. Yogʻlarni erkin holdagi yogʻ kislotalari va b. yoʻlakay aralashmalardan tozalash uchun, mas, paxta yogʻini ishqor (NaOH) eritmasi bilan ishlanadi. Hosil boʻlgan sovunli eritma (soapstok) tindirish va suzish yoʻli bilan yogʻdan ajratib olinadi. Soʻngra yogʻ osh tuzi eritmasi va suv bilan yuviladi, quritiladi. Bunda u erkin yogʻ kislotalari, kisman rang va hid beruvchi moddalardan tozalanadi. Ayrim hollarda, mas, past navli paxta chigiti yogʻini oqartirish, yaʼni rang beruvchi gossipol va yoʻlakay moddalardan tozalash uchun turli adsorbentlardan foydalaniladi. Yogʻlardagi qoʻlansa hidni yoʻqotish (dezodaratsiya) uchun yogʻ 160—200° gacha qizdirilib, vakuumda 220—240° li suv bugʻi bilan ishlanadi. Tozalangan yogʻ oziqovqat mahsulotlari tayyorlashda, chiqindilarni esa sovun, sirt faol moddalar, doridarmonlar, fosfolipidlar va b. olishga ishlatiladi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil