Yirtqichlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Yirtqichdan yoʻnaltirildi)

Yirtqichlar, etxoʻr hayvonlar (Carnivora) — sut emizuvchilarning bir turkumi. Kattaligi har xil. Tanasining uz. 20 sm dan (latcha) 3 m gacha (oq ayiq). Ogʻirligi 0,1—700 kg . Bu turkumga, asosan, yirtqich hayvonlar kiradi. Qoziq tishi katta, oziq tishlari oʻtkir. Kurak tishlari kichik va yaxshi rivojlanmagan. Yuqori jagʻidagi oxirgi soxta va birinchi chin oziq tishlarining koʻrinishi oʻzgarib, yirtqich tishga aylangan. Y. ning tirnoqlari yaxshi taraqqiy etgan va oʻtkir. Baʼzilarining tirnoqlari ichkariga botib kirgan. Koʻrish, eshitish va hidlash organlari yaxshi rivojlangan. Oshqozoni oddiy, koʻrichagi qisqa yoki mutlaqo yoʻq. 7 ta; mushuksimonlar, viverrasimonlar, susarsimonlar, sirtlonsimonlar, itsimonlar, ayiqsimonlar va yenotsimonlar oilalariga boʻlinadi. Y. Avstraliya va Polineziyadan tashqari qamma yerda keng tarqalgan. Oʻzbekistonda 6 oilaga mansub 25 tacha turi uchraydi. Y. zararkunanda kemiruvchilar sonini cheklovchi hamda tabiatda kasal va nimjon xayvonlar sonini kamaytiruvchi tabiiy sanitarlar sifatida ahamiyatga ega.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil