Yeyilish

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Yeyilish — buyumlar sirtining oʻzaro ishqalanishi, tashqi muhitning bevosita taʼsiri tufayli ularning oʻlchamlari, shakli, massasi yoki sirtqi holatining asta-sekin oʻzgarishi. Mashina detallari, inshootlarning qismlari, kiyimlar va boshqa uchun yeyilish ishqalanish sharoitiga, materialning xossasiga va buyumning tuzilishiga bogʻliq boʻladi. Tashqi taʼsirlarning tabiatiga koʻra buyumlarning sirtqi qatlamlari abraziv, mexanikaviy, kimyoviy oksidlanib, termik yeyilish xillariga boʻlinadi. Abraziv yeyilishga asosan ishqalanish sabab boʻladi. Mexanikaviy yeyilishda ishqalanish, ezilish, toliqish natijasida buyum oʻlchamlari va massasi yoki ish sirtining holati oʻzgaradi. Kimyoviy, oksidlanib va termik yeyilishda buyum ob-havo (yogʻingarchilik, haroratning keskin oʻzgarishi, chang) va emiruvchi (oksidli va ishqorli) muhitlar taʼsirida korroziyalanib (metallda), eskirib yeyiladi. Yeyilish buyumlarning sifatini pasaytirishga, isteʼmol (ishlatish) qiymatini yoʻqotishga olib keladi. Mashina detallarining yeyilishini kamaytirish uchun maxsus moylar va surkov moylarini ishlatish, zanglashga chidamli materiallardan foydalanish va boshqa tavsiya etiladi. Buyumlar (mashina detallari va boshqa ishqalanuvchi buyumlar) materialining yeyilishga karshilik koʻrsata olish xususiyati eyilishga chidamlilik deb ataladi. U ishlash jarayonida buyumning massasi kamayishi va oʻlchami kichrayib borishi bilan baholanadi[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil