Yer tuzish

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Yer Tuzish Tartibidan yoʻnaltirildi)

Yer tuzish, yer tuzish tartibi — mamlakatda yerga boʻlgan munosabatlarni tartibga solish va mukammallashtirish, yerni i.ch. vositasi sifatida muhofaza qilish va undan samarali foydalanishga qaratilgan davlat tadbirlari tizimi. Yerdan toʻliq ilmiy asoslangan tarzda oqilona va samarali foydalanishni tashkil etish, dehqonchilik madaniya-tini oshirish va yerlarni muhofaza qilish maqsadlarini koʻzlaydi. Ye.t. loyiha qidiruv, joy tafsilotini (sʼyomka) va dala tadqiqoti ishlarini oʻz ichiga oladi, uni yer tuzuvchi tashkilotlar amalga oshiradi. Ye.t. yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilishni tashkil qilishga, yer resurslarini hisobga olish va baholashga, qulay ekologik muhitni vujudga keltirishga va tabiiy landshaft larni yaxshilashga, Ye.t.ning hududiy va ichki xoʻjalik Ye.t. rejalarini tuzishga qaratilgan tadbirlar tizimini oʻz ichiga oladi.

E.t.ning iqtisodiy (yerni asosiy i.ch. vositasi sifatida tashkil etish), huquqiy (yerdan foydalanish sohasida davlat organlari qarorlarini amalga oshirishga qaratilgan davlat tadbirlari tizimi majmui); texnikaviy (loyiha qidiruv, joy tafsilotini tasvirlash va dala tadqiqoti kabi texnik ishlarni amalga oshirish) masalalari mavjud. Ye.t. istiqbolga moʻljallangan, loyihalash oldidan, xoʻjaliklararo hamda ichki xoʻjalik turlariga boʻlinadi. Istiqbolga moʻljallangan va loyihalash oldidan amalga oshiriladigan Ye.t.da respublika va mintaqalarning yer-suv resurslaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish chizmalari; tumanlar va viloyatlar yer tizimi chizmalari tayyorlanadi, tuproq unumdorligini oshirish, yerlardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish bilan bogʻliq istiqbol rejalari ishlab chiqiladi. Xoʻjaliklararo Ye.t.da joyning oʻzida maʼmuriy birliklar (qishloq, tuman, shahar, viloyat) chegaralari belgilanadi, yerlarning joylashishidagi noqulayliklarni bartaraf etgan holda yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, ijarachilar va mulkdorlarning yangi yer uchastkalarini tashkil qilish va mavjud yer uchastkalarini tartibga solish loyihalari tuziladi, yer munosabatlariga doir turli hujjatlar, ish loyihalari tuziladi, yerlarni baholash tadbirlari va b. oʻtkaziladi.

Ichki xoʻjalik Ye.t. turli qishloq xoʻjaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining hududini ichki xoʻjalik negizida belgilab olib, ilmiy asoslangan almashlab ekishni joriy qilish, barcha qishloq xoʻjaligi yerlarini (pichanzorlar, yaylovlar, bogʻlar, tokzorlar va b.) joylashtirish, tuproq eroziyasiga qarshi kurash tadbirlarini ishlab chiqish, shuningdek, sugʻoriladigan yerlarni toʻla rekonstruksiyalashdan iborat.

E.t. tarkibida topografiya-geodeziya, haritagrafiya, tuproq, agrokimyo, geobotanika jihatidan, tarixiy-madaniy va b. yoʻnalishlarda ham tekshirishlar olib boriladi. Ye.t. jarayonida foydalanishni qulaylashtirish uchun chegaralari turgʻun boʻlgan optimal oʻlchamdagi ixcham maydonlar tashkil etiladi. Ayni paytda qishloq xoʻjaligi korxonalarining ichki Ye.t. ishlari sugʻorish shaxobchalari va zovurlar tarmogʻini qayta qurish asosida takomillashtiriladi: almashlab ekish joriy qilinadi, hamma ekin maydonlari batafsil belgilab qoʻyiladi.

E.t. ishlarini bajarishda tumanlar va xoʻjaliklarning tabiiy, iqtisodiy va meliorativ sharoitlari: i.ch. hajmi, xoʻjaliklar va ularning boʻlinmalaridagi ixtisoslashuv, tarmoqlar nisbati va ularning rivojlanish koʻrsat-kichlari, ishchi kuchi va i.ch. vositalari bilan taʼminlanganlik, aholining joylashuv tizimi, suv resurslari, sugʻorish tarmoqlarining holati va b. hisobga olinadi.

E.t. boʻyicha belgilangan hamma tadbirlar qishloq xoʻjaligi, suv xoʻjaligi va turar joy qurilishiga zarur kapital sarflar hisob-kitoblari bilan asoslab beriladi.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksi, T., 1998; Yer tuzish asoslari, T., 1998.

Qosimjon Rahmonov.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil