Kontent qismiga oʻtish

Yazid ibn Umar ibn Hubayra

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Yazid ibn Umar ibn Hubayra
Umaviylarning Jund Qinnasrindagi noibi
Mansab davri
743 – 744
Monarx Al-Volid ibn Yazid
Umaviylarning Iroqdagi noibi
Mansab davri
745 – 750
Monarx Marvon II
Oʻtmishdoshi An-Nadr ibn Said al-Haroshiy
Vorisi Isa ibn Musa,
Sulaymon ibn Ali (Abbosiy noiblar)
Shaxsiy maʼlumotlari
Vafoti 750
Vosit
Bolalari
  • Dovud
  • Musanna
  • Muxallad
Otasi Umar ibn Hubayra
Dini Islom
Yazid ibn Umar ibn Hubayra
Harbiy faoliyati
Qoʻshin turlari Umaviylar xalifaligi qoʻshini
Lavozimi Qoʻmondon

Yazid ibn Umar ibn Hubayra al-Fazariy (arabcha: يَزِيد بن عُمَر بن هُبَيْرَة الْفَزارِيّ; 750-yilda vafot etgan) Iroqning soʻnggi Umaviy noibi. Sobiq noib Umar ibn Hubayraning oʻgʻli. Uchinchi fitna davrida xalifa Marvon IIning eng muhim tarafdorlaridan biriga aylandi. Biroq Abbosiylar inqilobining shiddatli hujumini toʻxtata olmadi. Magʻlubiyatga uchragach, Vosit qamali yakunida Abbosiylar tomonidan asirga olinib, qatl etildi.

Kelib chiqishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Otasi Umar ibn Hubayra singari, Yazid ham Jaziradan chiqqan qaysiy boʻlib, oʻzini tarixiy arab zodagonlariga mansub deb hisoblardi. Biroq, tarixiy manbalarda bu oila haqida Umarning oʻzigacha boʻlgan ma’lumotlar uchramaydi[1]. Manbalarda ota va oʻgʻilning ikkalasi ham asosan shunchaki „Ibn Hubayra“ deb atalgan[2].

Uning obroʻ-e’tibori shunchalik baland ediki, nafaqat xalifa Hishom ibn Abdulmalik (h. 724–743) Yazid bilan oʻzining sevimli oʻgʻli Muoviyaning qizi, ya’ni nabirasi oʻrtasida nikoh taklif qildi, balki Yazid bu taklifni bemalol rad eta oldi[2].

Tarixiy manbalarda Yazid qahramonligi va harbiy mahorati bilan birga, shoirlar va dindorlarning saxovatli homiysi deya maqtalgan. Ma’lumki, Yazidning oʻzi vaqti-vaqti bilan huquqiy masalalar boʻyicha oʻz fikrini bildirgan. Uning cheksiz saxovati ham, ishtahasi ham yaxshi esda qolgan[2].

Uchinchi fitnadagi roli

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hishom bilan munosabatlarda masofa saqlagan boʻlsa-da, Hishomning vafotidan keyin taxtga oʻtirgan al-Valid IIni (h. 743–744) tabriklash uchun tezda bordi[2]. Buning evaziga al-Valid Yazidni Jund Qinnasrin noibi etib tayinladi[3]. Yazid III al-Valid IIni taxtdan agʻdargandan soʻng, Yazid yangi hokimiyatga qarshi chiqib, Marvon IIga (h. 744–750) yordam koʻrsatdi. Marvonni Suriyaga kelishga undadi[2][4].

Uchinchi fitna davrida Yazid Marvon IIning eng muhim tarafdorlaridan biri boʻlib, ehtimol, eng qobiliyatli harbiy qoʻmondoni ham edi[2]. 745-yilda Marvon Yazidni otasining avvalgi Iroq noibligi lavozimiga tayinladi. Oʻsha paytda bu lavozimni Marvonga qarshi kuchlar egallab turgan edi. Shuning uchun Yazid lavozimdagi dastlabki yillarni viloyatda hokimiyatini mustahkamlash bilan oʻtkazishga majbur boʻldi. 746-yilda Ayn at-Tamrda Dahhak ibn Qays ash-Shayboniy boshliq xorijiylarni magʻlub etdi. Gʻalaba natijasida Savadni boʻysundirib, oʻz hokimiyatini Ahvoz, Jibal hamda Jazira hududlariga ham yoyishga erishdi[2][5].

Yazid harbiy yurishlar bilan band boʻlib, Abbosiylar inqilobi boshlanishi bilan yuzma-yuz kelgan Xuroson noibi Nasr ibn Sayyorga yordam koʻrsatishni e’tibordan chetda qoldirdi[2][5]. Voqealar rivojida, Abbosiylar qoʻshinlari gʻarbga qarab yurar, Yazidning noibi Amir ibn Dubarani magʻlubiyatga uchratib, Iroqqa yetib kelishdi. Yazid abbosiylar qoʻmondoni Qahtaba ibn Shabib at-Toiyning hayotiga zomin boʻlgan jangda abbosiylarga katta talafot yetkazishga erishdi. Biroq, Yaman guruhining isyoni uni Kufadan quvib chiqargach, Vositga qochishga majbur boʻldi[2][5]. Abbosiylar Vositni oʻn bir oy davomida qamal qilgach, al-Hasan ibn Qahtabaga xavfsizlik va’dalari evaziga taslim boʻldi. Biroq, yangi Abbosiy xalifa as-Saffoh (h. 749–754) Yazid va uning katta zobitlarini oʻldirishga buyruq bergach, Yazid namoz oʻqiyotgan vaqtda oʻldirilgan[4][2][5].

Yazidning ikki oʻgʻli - Yazid bilan Vositda boʻlgan Dovud va al-Yamama hokimi boʻlgan Musanna ham Abbosiylar tomonidan oʻldirildi. Uchinchi oʻgʻli Muxallad esa Suriyada omon qoldi. Muxallad va uning avlodlari bu yerda oʻz ta’sirini saqlab qolishdi[4].

  1. Crone 1980, ss. 44, 107.
  2. 2,00 2,01 2,02 2,03 2,04 2,05 2,06 2,07 2,08 2,09 Judd 2019.
  3. Crone 1980, ss. 105–106, 107.
  4. 4,0 4,1 4,2 Crone 1980, s. 107.
  5. 5,0 5,1 5,2 5,3 Vadet 1971, s. 802.
Oldingisi Iroq noibi
745—749
Abbosiylar bosqini