Yazid ibn Hotim al-Muhallabiy
Yazid ibn Hotim al-Muhallabiy يزيد بن حاتم المهلبي | |||||||||||
---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|
Ozarbayjon noibi | |||||||||||
Monarx | al-Mansur | ||||||||||
Misr noibi | |||||||||||
Mansab davri 762 – 769 | |||||||||||
Monarx | al-Mansur | ||||||||||
Oʻtmishdoshi | Humayd ibn Qahtaba | ||||||||||
Vorisi | Abdulloh ibn Abdulrahmon ibn Muoviya ibn Hudayj at-Tujibiy | ||||||||||
Ifriqiya va Magʻrib noibi | |||||||||||
Mansab davri 771 – 787 | |||||||||||
Monarx | al-Mansur, al-Mahdiy, al-Hodiy, Horun ar-Rashid | ||||||||||
Oʻtmishdoshi | Umar ibn Hafs Hazarmard | ||||||||||
Vorisi | Dovud ibn Yazid ibn Hotim al-Muhallabiy | ||||||||||
Shaxsiy maʼlumotlari | |||||||||||
Vafoti |
787-yil 13-mart Qayravon, Ifriqiya, Abbosiylar xalifaligi | ||||||||||
Bolalari | Dovud | ||||||||||
Otasi | Hotim al-Muhallabiy | ||||||||||
|
Yazid ibn Hotim al-Muhallabiy (arabcha: يزيد بن حاتم المهلبي) (787-yil 13-martda vafot etgan) Muhallabiylar xonadoni aʼzosi boʻlib, Abbosiylarning Ozarbayjon, Misr (762—769) va Ifriqiyadagi (771—787) noibi lavozimlarida xizmat qilgan.
Yazid boʻlajak xalifa al-Mansurning (h. 754–775) yaqin hamkori boʻlib[1], 750-yilda Vosit shahrining taslim boʻlishi paytida uning qarorgohida boʻlgan[2]. Keyinchalik Ozarbayjon noibi etib tayinlanib, u yerda Basradagi Yaman arablarini viloyatga koʻchirib oʻtkazish ishlarini yoʻlga qoʻydi[3]. 755-yilda Mosul hududidagi xorijiy isyonchi Mulabbid ibn Harmala ash-Shayboniyni bostirishga uringan lashkarboshilardan biri edi. Biroq, magʻlubiyatga uchrab, ortga chekinishga majbur boʻlgan[4][5].
762-yilda al-Mansur Yazidni Misr viloyati noibi etib tayinladi. Mazkur lavozimda 769-yilgacha ishlab, sakkiz yillik boshqaruv muddati bilan ilk Abbosiylar davrida viloyatni eng uzoq boshqargan noib boʻldi. Xalifaning ishonchli yordamchisi Yazidning tayinlanishi Misr ustidan Abbosiylar hukmronligini mustahkamlashga qaratilgan edi. Bu, ayniqsa, oʻtmishdoshi Humayd ibn Qahtaba e’tiborsiz qoldirgan Aliylar harakatiga qarshi choralar koʻrish uchun muhim edi. Aliylar bilan bogʻliq notinchliklar oxir-oqibat 762—763-yillarda Madina va Basradagi Muhammad Sof Qalb qoʻzgʻoloni bilan choʻqqisiga yetdi. Biroq, Yazid va uning sohib ash-shurtasi Abdulloh ibn Abdulrahmon at-Tujibiy Misrdagi Aliylar guruhining Fustatda ham qoʻzgʻolon koʻtarish rejalarini barbod qilishga erishishdi[6][7]. 767-yilda Yazidning isyonkor Bashmur hududiga yuborgan qoʻshini magʻlubiyatga uchrab, chekinishga majbur boʻladi[8].
771-yilda Ifriqiya noibi Umar ibn Hafs al-Muhallabiy xorijiy qoʻzgʻolonchilar qoʻlida halok boʻlgach, al-Mansur Yazidni ushbu lavozimga tayinlab, ulkan qoʻshin bilan viloyatga joʻnatdi. Yazid Tripoliga yetib kelganch, 772-yil boshlarida Ibodiylarga qarshi hujum boshladi. Yirik jang olib borib, Ibodiylar rahbari Abu Hotim Yaqub ibn Labib al-Xorijiy hamda koʻplab isyonchilarni halok etdi. Bir oy davomida tirik qolgan ibodiylarni izlab topgandan soʻng, viloyat markazi Qayravonga yoʻl oldi. Shaharga kirib, viloyat ustidan oʻz hukmronligini muvaffaqiyatli oʻrnatdi[9][10][11].
Yazid umrining qolgan qismini Ifriqiya noibi lavozimida oʻtkazdi. Oʻtmishdoshlaridan farqli oʻlaroq, Yazidning boshqaruvi davrida viloyatda tinchlik va barqarorlik hukm surdi. 773-yilda Xorijiylar qoʻzgʻoloni[12] hamda 781-yilda Zab hududidagi Varfajuma berberlarining isyoni[13] muvaffaqiyatli bostirildi. Yazid oʻz boshqaruvi davrida Qayravon bozorlarini tartibga solib, shahar jome masjidini qayta tikladi[14]. Yazid Qayravonda oʻn besh yil-u uch oy hukmronlik qilib, 787-yil 13-martda vafot etdi va shahar darvozasi yonida dafn qilindi[15][16]. Vafotidan soʻng oʻgʻli Dovud qisqa muddat Ifriqiya noibi boʻlib turdi. Keyinchalik noiblik lavozimiga Ravh ibn Hotim al-Muhallabiy tayinlandi[17][18].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Kennedy 1981, s. 191.
- ↑ Al-Tabari 1985, s. 190.
- ↑ Al-Ya'qubi 1883, s. 446.
- ↑ Al-Tabari 1995, s. 45.
- ↑ Ibn al-Athir 1987, s. 114.
- ↑ Kennedy 1998, ss. 77-78 (note 75).
- ↑ Al-Kindi 1912, ss. 111 ff..
- ↑ Megally 1991.
- ↑ Kennedy 1981, ss. 191–92.
- ↑ Ibn al-Athir 1987, ss. 197–98.
- ↑ Al-Tabari 1990, ss. 67, 69.
- ↑ Ibn al-Athir 1987, s. 210.
- ↑ Ibn al-Athir 1987, s. 198.
- ↑ Kennedy 1981, s. 192.
- ↑ Ibn Khallikan 1842, s. 529.
- ↑ Ibn Khallikan 1871, ss. 213, 217.
- ↑ Al-Ya'qubi 1883, s. 496.
- ↑ Ibn al-Athir 1987, s. 278.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Ibn al-Athir, 'Izz al-Din. Al-Kamil fi al-Tarikh, Vol. 5. (ar). Beirut: Dar al-'Ilmiyyah, 1987.
- Kennedy, Hugh. The Early 'Abbasid Caliphate: A Political History. London: Croom Helm, 1981. ISBN 0-389-20018-2.
- Kennedy, Hugh „Egypt as a province in the Islamic caliphate, 641–868“, . Cambridge History of Egypt, Volume One: Islamic Egypt, 640–1517. Cambridge: Cambridge University Press, 1998 — 62–85-bet. ISBN 0-521-47137-0.
- Ibn Khallikan. Ibn Khallikan's Biographical Dictionary, Translated from the Arabic. Vol. I. Paris: Oriental Translation Fund of Great Britain and Ireland, 1842. OCLC 1184199260.
- Ibn Khallikan. Ibn Khallikan's Biographical Dictionary, Translated from the Arabic. Vol. IV. Paris: Oriental Translation Fund of Great Britain and Ireland, 1871. OCLC 1204583307.
- Al-Kindi, Muhammad ibn Yusuf. The Governors and Judges of Egypt (Arabic). Leyden and London: E. J. Brill, 1912.
- Megally, Mounir (1991). "Bashmuric Revolts". in Aziz Suryal Atiya. The Coptic Encyclopedia. 2. New York: Macmillan Publishers. cols. 349b–351b. http://ccdl.libraries.claremont.edu/cdm/singleitem/collection/cce/id/326.
- The History of al-Ṭabarī, Volume XXVII: The ʿAbbāsid Revolution, A.D. 743–750/A.H. 126–132, SUNY Series in Near Eastern Studies.. Albany, New York: State University of New York Press, 1985. ISBN 978-0-87395-884-4.
- The History of al-Ṭabarī, Volume XXVIII: The ʿAbbāsid Authority Affirmed: The Early Years of al-Mansūr, A.D. 753–763/A.H. 136–145, SUNY Series in Near Eastern Studies.. Albany, New York: State University of New York Press, 1995. ISBN 978-0-7914-1895-6.
- The History of al-Ṭabarī, Volume XXIX: Al-Mansūr and al-Mahdī, A.D. 763–786/A.H. 146–169, SUNY Series in Near Eastern Studies.. Albany, New York: State University of New York Press, 1990. ISBN 978-0-7914-0142-2.
- Al-Ya'qubi, Ahmad ibn Abu Ya'qub. Historiae, Vol. 2. (ar). Leiden: Brill, 1883.