Yaylov yoʻli

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Yaylov Yo'lidan yoʻnaltirildi)
Jump to navigation Jump to search

"YAYLOV YOʻLI", "Oltin yoʻli" — Xitoydan Mongoliya, Oltoy va Qozogʻiston yaylovlari orqali oʻtib Janubiy Osiyo va Sharqiy Yevropa mamlakatlariga boradigan qadimiy savdo yoʻlining nomi. Keyingi paytlarda ushbu yoʻl ham Buyuk ipak yoʻli deb atalmoqda. Yoʻlning "oltin yoʻli" deb atalishi uning qadim zamondagi Oltin togʻ, yaʼni Oltoy togʻ etaklarida joylashgan yaylovlardan oʻtganligi bilan bogʻliqdir. Hun imperiyasi, Turk xoqonligi, Uygʻur xoqonligi va Moʻgʻul imperiyasi davrida siyosiy, harbiy va iqtisodiy jihatdan ushbu yoʻlning mavqei baland boʻlgan. Qadim zamondan Xitoyga sotiladigan otlar va boshqalar hayvonlarni haydab borishda ushbu yoʻldan foydalanilgan.

Xitoy, Oʻzbekiston, Eron, Turkiya kabi mamlakatlarning shim.da bepoyon dalalar va yaylovlar joylashgan. Arxeologik maʼlumotlar, qoya toshlarga solingan suratlar va yozma manbalar ham ushbu dalalarda bundan bir necha ming yillar muqaddam chorvachilik bilan shugʻullanadigan xalqlar yashaganligini toʻla tasdiqlaydi. Moʻgʻuliston, Oltoy, Shim. Qozogʻiston kabi joylarda ochilgan qabrlar ichidan topilgan ipak mato boʻlaklari, mis va jezdan yasalgan koʻzgu, temir asboblar ushbu mintaqalarning Xitoy va gʻarb mamlakatlar bilan aloqada boʻlganligidan dalolat beradi.

Xitoy adabiyotida ushbu yoʻl "Saoyuan lu" ("Yaylov yoʻli"), "Saoyuan sichou chjilu" ("Yaylovlararo oʻtgan ipak yoʻli") deb ataladi. Olimlarning fikricha, miloddan oldingi bir necha asr davomida Yevropa mamlakatlarida paydo boʻlib qolgan Xitoyning ipak matolari maʼlum miqdorda "YA.y." orqali borgan.

"YA.y."da harakat qilgan xalqlar chorva bilan birga hunarmandchilik, jundan mato, gilam toʻqish, aravalar yasash, temirchilik va metalldan qurolyaroq, turli buyumlar ishlab chiqarish bilan shugʻullangan. Oʻz mahsulotlarini oʻtroq xalqlar ishlab chiqargan mahsulotlarga almashgan.

Shu bois mazkur yoʻlni ham "ipak yoʻli" deb atasa xato boʻlmaydi. Ammo yaylovlararo oʻtgan yoʻlni Buyuk ipak yoʻlining asosiy magistral yoʻnalishi deb aytish qiyin. Binobarin, qadimiy Xitoy manbalarida Gʻarb bilan Sharqni bogʻlab turgan asosiy savdo yoʻli qadimiy Xitoydan, yaʼni Xuanxe daryosining oʻrta va quyi qirgʻoqlaridagi shaharlardan Xesi yoʻlagi, Taklamakon choʻli atrofidagi shaharlar, Pomir, hozirgi Qirgʻiziston, Oʻzbekiston, Turkmaniston, Eron, Turkiya orqali Yevropaga boradigan yoʻllardan iboratligi bayon etilgan.

Abdulahad Xoʻjayev.