Yashar kamol

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Yashar kamol (taxallusi; asl nomi Kamol Sodiq Goʻkchali) (1922, Adana shahri yaqinidagi Xamite Goʻkchali qishlogʻi) — turk shoiri va yozuvchisi. 20-asr turk adabiyotining yirik namoyandasi. Birinchi hikoyalar toʻplami — "Jazirama" (1952). Asarlarida demokratik tendensiya kuchli. Boylik va qashshoqlik oʻrtasidagi kurash Ya.K. asarlarining asosiy yoʻnalishini tashkil etadi. "Togʻlar afsonasi" (1973) romantik qissasi folklor taʼsirida yuzaga kelgan. Asarda oʻtmishdagi Turkiya hayoti, odamlarning bir-biriga munosabati, axloqiy urf-odatlar mahorat bilan aks ettirilgan.

YA.K. ijodining boshlangʻich davri sheʼrlar, ocherklar yozish bilan boshlangan boʻlsa ham, unga yozuvchi sifatida romanlari, ayniqsa, 3 jildli "Inja Mamad" asari (1955, 1969, 1984) shuhrat keltirgan. "Asosiy tayanch" (1960), "Yer — temir, osmon—mis" (1963), "Soʻnmas olov" (1969), "Temirchilar rastasi", (1974), "Chakirjalik Efe", (1972), "Ilonni oʻldirsalar" (1976), "Ollohning sinovlari" (1978), "Tepalikdagi anor daraxti" (1982) kabi roman va qissalar muallifi.