Kontent qismiga oʻtish

Yaponcha imo-ishora tili

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Yaponcha imo-ishora tili
Milliy nomi 日本手話 (Nihon Shuwa)
Mamlakatlar Yaponiya
Soʻzlashuvchilarning umumiy soni 317 000
Turkumlanishi
Til oilasi Imo-ishora tillari
Alifbosi
Til kodlari
ISO 639-3 jsl

Yaponcha imo-ishora tili (yaponcha: 日本手話; qisqartmasi: JSL) — Yaponiya hududida qoʻllaniladigan asosiy imo-ishora tili. U ogʻzaki yapon tilidan farq qiluvchi, biroq uning taʼsirida shakllangan toʻlaqonli tabiiy til.

Foydalanuvchilari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2008-yilgi maʼlumotlarga koʻra, Yaponiyada 18 yoshdan oshgan karlar va eshitish qobiliyati zaif boʻlganlar soni 304 000 nafarni tashkil etadi. Biroq, aynan yapon imo-ishora tili foydalanuvchilari bilan boshqa turdagi imo-ishora shakllarini, masalan, „Yaponlashtirilgan imo-ishora nutqi“ (対応手話, taiō-shuwa) va „Pijin yapon imo-ishora tili“ni (中間手話, chūkan-shuwa) qoʻllovchilarni bir-biridan ajratish qiyin boʻlgani sababli, yapon imo-ishora tili foydalanuvchilarining aniq soni boʻyicha maxsus manba mavjud emas. Yapon imo-ishora tilini oʻrganish assotsiatsiyasi maʼlumotlariga koʻra, Yaponiyada yapon imo-ishora tilidan foydalanuvchilarning taxminiy soni qariyb 60 000 kishini tashkil etadi[1].

Edo davridan avvalgi imo-ishora tili va karlar hamjamiyati haqida maʼlumotlar juda kam saqlanib qolgan. 1862-yilda Tokugava syogunati Yevropadagi turli karlar maktablariga oʻz vakillarini yuborgan boʻlsa-da, Yaponiyadagi ilk karlar maktabi faqatgina 1878-yilga kelib Kioto shahrida tashkil etildi. Ushbu maktabga Tashiro Furukava tomonidan asos solingan boʻlib, keyinchalik u yapon imo-ishora tilining asosiga aylangan tizimni ham ishlab chiqqan[2][3].

1948-yilga qadar karlar farzandlarining maktabga borishi yoki rasmiy taʼlim olishi majburiy hisoblanmas edi[4].

XX-asrning ikkinchi yarmida Yaponiyada karlarga boʻlgan qarashlarda sezilarli madaniy oʻzgarishlar yuz berdi. Karlik tushunchasi uzoq vaqt davomida faqatgina „eshita olmaydigan odamlar“ degan maʼnoni anglatib, nogironlikning tibbiy modeli doirasida jismoniy nuqson sifatida talqin qilib kelingan edi. Lekin ushbu yondashuv asta-sekin biroz boshqacha paradigma bilan almashdi. Karlar endilikda koʻproq yapon imo-ishora tilidan foydalanuvchi shaxslar sifatida eʼtirof etila boshlandi. Boshqacha aytganda, nogironlikning tibbiy modeli oʻz oʻrnini sekin-asta ijtimoiy-madaniy yoki yapon imo-ishora tili paradigmasiga boʻshatib berdi[5].

Yapon Karlar federatsiyasi asosiy muloqot tili yapon imo-ishora tili boʻlgan yaponiyaliklar uchun oʻzaro aloqa imkoniyatlarini kengaytirish yoʻlida faoliyat olib bormoqda va bu borada maʼlum muvaffaqiyatlarga erishmoqda[6].

Yaponiyada yapon imo-ishora tili va karlar maqomini oʻzgartirish sekin kechadigan jarayon boʻlsa-da, bu yoʻnalishda muhim burilish nuqtalari mavjud. Masalan, yapon imo-ishora tili imperator oilasi aʼzolari orasida ham oʻz himoyachisiga ega. Akisino malikasi Kiko yapon imo-ishora tilini chuqur oʻrgangan boʻlib[7], u imo-ishora tili boʻyicha malakali tarjimon hisoblanadi. Malika Kiko har yili avgust oyida oʻtkaziladigan Yuqori sinf oʻquvchilari oʻrtasidagi imo-ishora tili nutq tanlovida hamda har dekabr oyida eshitish qobiliyati cheklangan bolalarni tarbiyalayotgan onalarni qadrlash marosimida muntazam ishtirok etib keladi[8]. 2008-yilning oktyabr oyida malika Kiko 38-Milliy kar ayollar konferensiyasida qatnashdi. Shuningdek, malika Kiko karlar bilan boʻladigan norasmiy uchrashuvlarda ham imo-ishora tili orqali muloqot qiladi[9].

Karlar hamjamiyati taklif etilgan Imo-ishora tili toʻgʻrisidagi qonunning qabul qilinishini faol qoʻllab-quvvatladi[10]. Natijada, 2011-yilda Imkoniyati cheklangan shaxslar toʻgʻrisidagi asosiy qonun qabul qilindi. Mazkur qonun imo-ishora tilini til sifatida rasman tan oldi[11].

  1. Itida, Y. Japanese Association for Sign Language Studies. The Estimated Population of Japanese Sign Language Users. Retrieved June, 2001.
  2. Gertz, Genie; Boudreault, Patrick. The SAGE Deaf Studies Encyclopedia (en). SAGE Publications, 2016-01-05. ISBN 9781506341668. 
  3. Minami, Masahiko. Handbook of Japanese Applied Linguistics (en). Walter de Gruyter GmbH & Co KG, 2016-01-15. ISBN 9781501500800. 
  4. Monaghan, Leila Frances. (2003). Many Ways to be Deaf: International Variation in Deaf Communities, p. 211 Google Booksda
  5. Nakamura, Karen. (2006). Deaf in Japan: Signing and the Politics of Identity, p. 9, citing Kimura, Harumi and Yasuhiro Ichida. 1995. „Roubunka Sengen“ (An Explanation of Deaf Culture), Gendai Shisou, Vol. 23, No. 3, pp. 354–399.
  6. Nakamura, Karen. „Resistance and Co‐optation: the Japanese Federation of the Deaf and its Relations with State Power“. Social Science Japan Journal (SSJJ) (2002) Vol. 5, No. 1, pp. 17–35.
  7. Valpy, Michael. „The emperor and the tennis pro“. Globe and Mail (Canada). June 27, 2009.
  8. Imperial Household Agency. Their Imperial Highnesses Prince and Princess Akishino
  9. „Princess Kiko chats with Deaf soccer players in sign language after film show“ (Wayback Machine saytida 2011-07-08 sanasida arxivlangan). Deaf Japan News. September 7, 2010.
  10. „Deaf community requests enactment of the sign language law“ (Wayback Machine saytida 2011-07-08 sanasida arxivlangan). Deaf Japan News. November 15, 2010.
  11. „Sign Language Stated in Law!“ at jfd.or.jp (Wayback Machine saytida 2014-01-16 sanasida arxivlangan); excerpt, „Every person with disabilities, wherever possible, shall be ensured opportunities to choose his or her language (including sign language) and/or other means of communication, and the expansion of opportunities to choose his or her means of acquiring or utilizing information shall be promoted.“