Yangiyoʻl yogʻmoy aksiyadorlik jamiyati

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

"YANGIYOʻL YOGʻMOY" AKSIYADORLIK JAMIYATI — oziqovqat sanoatining yirik korxonasi. "Yogʻmoytamakisanoat" uyushmasi tarkibida. Rafinatsiyalangan paxta moyi, distillangan yogʻ kislotalar, xoʻjalik sovuni, chorvachilik uchun ozuqa boʻlgan shrot va shulxa ishlab chiqaradi. Dastlab 1916-yilda Qovunchi qishlogʻida "Besh bosh" aksiyadorlik kompaniyasi yogʻsovungarlik zavodini qura boshladi. 1917-yilda Oktyabr toʻntarishidan keyin chala qurilgan zd davlat ixtiyoriga olindi va "Glavxlopkoprom" tomonidan 1919—22 yillarda 8 ta pressi boʻlgan va quvvati 25 t/sutka chigitni qayta ishlaydigan korxona (4yogʻ zavodi) qurilishi va montaji yakunlandi. 1922-yil 10 iyunda ishga tushirildi. 1930 va 1937-yillarda korxona rekonstruksiya qilindi, qoʻshimcha 4 ta yogʻ pressi oʻrnatildi. 1956 yilda korxona sobiq qand zavodi (1950 y.gacha ishlangan) hududiga koʻchirildi, 1960-yilda yogʻ-moy kombinatiga aylantirildi, 14 ta shnek press oʻrnatildi, 2 ta ekstraksiya liniyasi ishlay boshladi, chigitni qayta ishlash boʻyicha quvvati sutkasiga 500 t ga, sovun sexining sutkalik ishlab chiqarish quvvati 42 t ga yetkazildi.

1980-yilga kelib kombinatda sutkasiga 800 t chigitni qayta ishlash quvvatiga erishildi, ekstraksiya sexidagi shnek bugʻlatkichlar oʻrniga tosterlar oʻrnatiladi, missellani filtrlash uchun diskli filtrlar oʻrnatildi. 1994-yilda korxona ochiq aksiyadorlik jamiyatiga aylantirildi. 1999-yilda paxta moyini 1 va 5 litrli polietilen idishlarga qadoqlaydigan boʻlim, 2000-yilda shrotni qadoqlash boʻlimi,2002-yilda ishlab chiqarish quvvati sutkasiga 50 t boʻlgan dezodoratsiya boʻlimi ishga tushirildi. 2004-yilda 250 g li 60% li xoʻjalik sovunini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

2003-yilda korxonaga xorij investitsiyasi jalb etildi. Korxonadagi barcha boʻlimlar zamonaviy kompyuterlar bilan jihozlangan.

2004-yilda korxonada 8,9 ming t paxta yogʻi, 14,8 ming t xoʻjalik sovuni, 27,9 ming t shrot, 21,8 ming t shulxa mahsulotlari isteʼmolchilarga yetkazib berildi. Mahsulotlari ichki bozorda sotiladi, qoʻshni mamlakatlarga eksport qilinadi.