Yadro kimyosi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Yadro kimyosi — moddaning yadroviy xossalarini fizik kimyo bilan oʻzaro bogʻliq holda umumlashtirib oʻrganuvchi fan. Baʼzan "YA.k." termini radioknmyo maʼnosida qoʻllanadi. Bu notoʻgʻri, chunki Yadro kimyosining tadqiqot obʼyekti atom yadrosining xossalari va yadro reaksiyalari boʻlsa, radiokimyoning tadqiqot obʼyekti radioaktiv yadrolarning xossalarini kimyoviy muammolar yechimi uchun qoʻllanishidir. Yadro kimyosining asosiy yoʻnalishlari: yadro reaksiyalarini va yadroviy oʻzgarishlarning kimyoviy oqibatlarini oʻrganish; "yangi atomlar" kimyosi; Myossbauer effekti; yangi elementlar va radionuklidlar, radioaktiv parchalanishning yangi turlarini topish. Bu muammolarni yechishda radiokimyo, ionizatsiya, soʻnggi yillarda massspektrometriya, shuningdek, qalin qatlamli fotoemulsiya usullaridan foydalaniladi.