Kontent qismiga oʻtish

Yaʼqub ibn Toriq

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Yaʼqub ibn Toriq (forscha: یعقوب ابن طارق‎; baʼzi manbalarda Yaʼqub deb atalgan[1], tax. 796-yilda vafot etgan) – Bagʻdodda yashagan fors astronomi va matematigi.

William Muirning tomonidan tasviri, Yaʼqub ibn Toriq faol boʻlgan dumaloq shahar (Bagʻdod) (1883).

Yaʼqub ibn Toriq Bagʻdodda hukmronlik qilgan ikkinchi abbosiy xalifa al-Mansur (h. 754–775) davrida astronom sifatida faoliyat yuritgan[1][2]. Ptolemey astronomiyasi bilan tanish boʻlmagan boʻlishi mumkin[1], chunki zardushtiylik taqvimidan foydalangan, bu taqvim har biri 30 kundan iborat 12 oydan tashkil topgan boʻlib, qolgan kunlar sakkizinchi oy Aban oyidan soʻng qoʻshilgan[1].

Yaʼqub ibn Toriqning „Tarkīb al-Aflāk“ nomli asarida osmon jismlarining tuzilishi va joylashuvi haqida soʻz boradi[3]. Bu asardagi osmon jismlarining oʻlchamlari va ular orasidagi masofalarga oid hisob-kitoblar keyinchalik XI asrda mashhur olim al-Beruniy tomonidan Hindistonga bagʻishlangan asarida jadval shaklida keltirilgan. Yaʼqub in Toriq Yerning radiusini 1 050 farsax, Oy va Merkuriy diametrini 5 000 farsax (Yer radiusining 4,8 barobari) hamda Venera, Quyosh, Mars, Yupiter va Saturn sayyoralari diametrlarini esa 20 000 farsax (Yer radiusining 19 barobari) deb koʻrsatgan[4]. Uning yozishicha, har bir sayyora oltitadan sferaga ega, Quyoshda ikkita, Oyda esa uchta sfera mavjud. Yaʼqub, shuningdek, sayyoralarning epitsikllari va tezliklari haqida ham fikr bildirgan[1]. Uning tomonidan berilgan osmon jismlarining uzunlik va apogey (eng uzoq nuqta) koordinatalari maʼlumotlari Yazdigird III hukmronligi davrida forslar tomonidan tuzilgan „Zīǧ aš-šāh“ astronomik jadvallaridan olingan. Biroq Yaʼqub Oy fazalarini hisoblashda hind astronomiyasiga oid usullardan foydalangan[1].

Nasroniy munajjim Ibn Hibinto Yaʼqubni Quyosh va yulduzlarning joylashuvidan joy kengliklarini aniqlashda foydalanganini taʼkidlagan[1].

Qoʻshimcha oʻqish uchun

[tahrir | manbasini tahrirlash]