Kontent qismiga oʻtish

Xorija ibn Huzofa

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Xorija ibn Huzofa (arabcha: خارجة بن حذافة‎; 661-yil 22-yanvarda vafot etgan) – sahoba. Xalifa Umar (h. 634–644) hukmronligi davrida musulmonlarning Misrni fath qilishida ishtirok etgan musulmon qoʻmondonlaridan biri. Amr ibn al-Os Misr noibi lavozimida xizmat qilgan davrda Xorija qoʻriqlash xizmati va sud ishlariga mas’ul boʻlgan.

Xorija ibn Huzofa Makkaning Quraysh qabilasiga mansub boʻlgan[1]. Manbalarda uning aniq qaysi urugʻdan bo'lganligi boʻyicha ziddiyatli maʼlumotlar mavjud, uning Banu Sahm, Banu Adiy yoki Banu Amir ibn Lu’ayy urugʻlaridan biriga mansubligi aytiladi[1]. Xorija islom paygʻambari Muhammadning sahobalaridan boʻlgan. Paygʻambar Muhammad tiriklik vaqtida Xorija oʻzining jasorati va kuchli otliq jangchisi boʻlganligi bilan ajralib turgan[2]. 640-yilda xalifa Umar (h. 634–644) uni Amr ibn al-Osning Vizantiya imperiyasi nazorati ostida boʻlgan Misr viloyatini zabt etish yurishlarini kuchaytirish maqsadida Zubayr ibn Avvom boshchiligidagi arab qoʻshinlarining toʻrt qoʻmondonidan biri sifatida yuborgan[2]. Heliopolis jangida musulmonlar gʻalaba qozongandan soʻng, Amr ibn al-Os Xorijaning ukasi Abdullohni Heliopolis shahrini egallash va uning atrofidagi qishloqlar aholisi bilan tinchlik shartnomasi tuzish uchun joʻnatgan[3]. 641-yilning aprelida Bobil qoʻlga kiritilgach, Amr ibn Os Xorijani Fayum vohasi, Germopolis, Ahmim, Bashrudat va Yuqori Misrning boshqa qishloqlarini zabt etish va aholi bilan shartnomalar tuzish uchun yuborgan[3].

  1. 1,0 1,1 Hawting 1996.
  2. 2,0 2,1 Ahmed 2010.
  3. 3,0 3,1 Hitti 2011.