Xonobod
Xonobod — Qashqadaryo viloyati, Gʻuzor tumani ariq. Nomining tarkibi: xon + obod. Xon so‘zli boshqa nomlar: Xontepa, Xonariq (Qarshi, Chiroqchi), Xontaxti (Qamashi), Xontushdi (G‘uzor), Xonqo‘riq (Shahrixon), Xonchorvoq (Pastdarg‘om), Bandixon (Sho‘rchi), Xonimqo‘rg‘on (Yakkabog‘), Xonjizza (Denov), Xoniyon (Qarshi).
Turkiy tillarda xon — xoqon so‘zining soddalashgan shakli bo‘lib, o‘rta asrlarda oliy hokimlik unvoni va xonlik lavozimidagi shaxs ismiga qo‘shib ishlatilgan. Shu ma’noda Xonobod — xon yoki xon unvonli kishi tomonidan bunyod etilgan ariqdir.
Eroniy tillarda: "Avesto"da xan — chashma; sug‘d tilida xan/xon — ariq; parfiyan tilida xan, xanig — chashma, ariq, hovuz, suv chiqadigan joy; Yag‘nob tilida xan — suv oqar ariq yoki sug‘orish kanali, katta xan — katta ariq, pulchak xan — kichik ariq; tojik tilida xon — kichik hovuz, xani — chashma yoki suv oqib chiqqan joy.