Xolid ibn Yazid
| Xolid ibn Yazid | |
|---|---|
| Vafoti | milodiy 704 yoki 709 |
| Turmush oʻrtogʻi | Oyisha binti Abdulmalik ibn Marvon |
| Sulola | Umaviylar |
| Otasi | Yazid I |
| Onasi | Faxita binti Abu Hishom |
| Dini | Islom |
| Kasbi | xalifa maslahatchisi, harbiy sarkarda, shoir, da’vo qilinishicha, ilm-fan homiysi |
Xolid ibn Yazid (tax. 668–704 yoki 709), toʻliq ismi Abu Hoshim Xolid ibn Yazid ibn Muoviya ibn Abu Sufyon, Umaviy shahzodasi.
Umaviylar xalifasi Yazid I ning oʻgʻli Xolid 684-yilda katta akasi Muoviya II ning vafotidan keyin xalifa boʻlishi kerak edi. Biroq sulolaning boshqa bir tarmogʻidan boʻlgan yoshi kattaroq Umaviy shaxs Marvon I ancha yosh boʻlgan Xolidning oʻrniga xalifa etib tayinlangan. Xolid xalifalikni Marvonga boy berganiga qaramay, Marvonning oʻgʻli va vorisi, xalifa Abdulmalik bilan yaqin aloqalar oʻrnatdi. Abdulmalik uni ketma-ket maʼmuriy va harbiy lavozimlarga tayinladi. Xolid 691-yilda bir qancha muvaffaqiyatli harbiy yurishlarda ishtirok etdi, ammo keyinchalik Himsga qaytib, umrining qolgan qismini oʻsha yerda oʻtkazdi. U, shuningdek, sheʼriyat va hadis ilmi bilan ham muayyan darajada shugʻullangan boʻlishi mumkin.
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Xolid taxminan 668-yilda tugʻilgan. Umaviylar xalifasi Yazid I (h. 680–683) va Faxita binti Abu Hishom ibn Utba ibn Rabi’aning oʻgʻli[1]. 684-yilda uning katta akasi Muoviya ibn Yazid xalifa sifatida juda qisqa muddat hukmronlik qilgan. Akasi vafot etgan vaqtda Xolid hali voyaga yetmagan edi[2]. Muoviyaning oʻlimidan soʻng xalifalik uchun kurash boshlandi, bu kurashda bir tomonda yosh Xolidni qoʻllab-quvvatlovchilar, boshqa tomonda esa hukmron Umaviylar (Sufyoniylar) sulolasining asosiy tarmogʻiga mansub boʻlmagan, ammo ancha yoshi katta va tajribali boʻlgan Marvon ibn al-Hakam (623 yoki 626—685) tarafdorlari bor edi[3]. Oxir-oqibat, Umaviylarning Shom (Suriya)dagi yuqori qatlam vakillari Marvonni shartli ravishda xalifa etib sayladilar. Shartga koʻra, Marvondan keyin toʻgʻridan-toʻgʻri Xolid xalifa boʻlishi kerak edi. Bu kelishuvni mustahkamlash maqsadida Marvon Xolidning onasi Faxitani oʻz nikohiga oldi. Shu yoʻl orqali Marvon boʻlajak xalifa Xolid bilan qarindoshlik rishtalarini mustahkamladi[4].