Sulaymon Xoʻjayev (aktor)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Xoʻjayev Sulaymon (aktor)dan yoʻnaltirildi)

Sulaymon Xoʻjayev (1893, Toshkent — 1937.20.8, Toshkent viloyati) — ilk oʻzbek kino aktyori, ssenariychi, kinorejissor. Oʻzbek kino sanʼatining asoschilaridan. Hamid Sulaymonovnint otasi. Toshkentdagi "Koʻkaldosh", Abulqosim madrasalari (1902—1912) va Moskvadagi kinematografiya instituti (1927—32)da tahsil koʻrgan. "Turon" teatr toʻdasi spektakllarida artist sifatida qatnashgan (1916—17), "Behbudiy" maktabida oʻqituvchilik qilgan (1927—32). "Turk adam markaziyat" va "Milliy istiqlol" aksilshoʻroviy tashkilotlari aʼzosi (1917—1921). X.20-yillarning 2-yarmi — 30-yillarning boshlarida yaratilgan dastlabki oʻzbek filmlarida artist ("Ravot qashqirlari", 1926; "Chachvon", 1927; "Soʻnggi bek", "Avliyo qizi", 1930; "Tong oddidan", 1933), ssenariy muallifi, rejissor assistenti va rejissor sifatida ishtirok etgan. Jizzax qoʻzgʻoloniga bagʻishlangan "Tong oldidan" filmida 1916-yil xalq qoʻzgʻolonining shafqatsiz bostirilishi haqqoniy tasvirlangan. Asarda X. ovozsiz kinoning barcha tasviriyemotsional imkoniyatlaridan mohirona foydalana oluvchi, montaj sanʼatini egallagan yetuk ijodkor ekanini namoyish etgan. X. navbatdagi filmni suratga olish paytida (1934) hibsga olinib, 6 yillik jazo muddatini oʻtash uchun "Malik" lagersziga yuborilgan. Koʻp utmay, aksilshuroviy targibotda ayblanib, usha yerda otib tashlangan.