Xoʻjayli tumani

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Xo`jayli tumanidan yoʻnaltirildi)
Xoʻjayli tumani
Ходжейлийский район
tuman
Tarkibida Qoraqalpogʻiston
Maʼmuriy markazi Xoʻjayli
Asos solingan sanasi 1930
Hokim Jengis Yermashev [1]
Rasmiy tillar Oʻzbek
Vaqt mintaqasi UTC+5
Xaritada
Xoʻjayli tumani xaritada
Koordinatalari: 42°24′36″N 59°25′48″E / 42.41000°N 59.43000°E / 42.41000; 59.43000 G O

Xoʻjayli tumaniQoraqalpogʻiston Respublikasidagi tuman. 1926-yil 14-yanvarda tashkil etilgan. Amudaryoning chap sohilida joylashgan. Shimolidan Nukus, janubi-sharqdan Qoraoʻzak, shimoliy-gʻarbdan Qanlikoʻl, Shumanay tumanlari, gʻarb va janubidan Turkmanistonning Koʻhna Urganch tumani bilan chegaradosh. Maydoni 0,85 ming km². Aholisi 146,4 ming kishi (2004). Tumanda 9 ta ovul fuqarolari yigʻini (Amudaryo, Begjap, Janajap, Kenagas, Koʻlob, Naymankoʻl, Saroykoʻl, Sarichunkoʻl, Somonkoʻl), 1 ta shahar (Xoʻjayli), 1 shaharcha (Vodnik) bor. Markazi – Xoʻjayli shahri.

Tabiati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Relyefi, asosan, tekislikdan iborat. Iqdimi keskin kontinental. Yillik oʻrtacha temperatura 11°C, yanvarning oʻrtacha temperaturasi –6,9°C, eng past temperatura –32°C. Iyulning oʻrtacha temperaturasi 27,1°, eng yuqori temperatura 44°C ga teng. Vegetatsiya davri 196 kun. Yiliga 120 mm yogʻin tushadi. Tuman xududi orqali Qoʻngʻirot va boshqa kanallar oqib oʻtadi. Oʻsimliklardan chiy, qamish, qoʻgʻa, qoʻytikan, roʻvak, bugʻdoyiq, ajriq, qorabaroq, oqbosh, qaragʻay, yulgʻun, turangʻil, yovvoyi jiyda, tol, selin va boshqalar oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan, asosan, kemiruvchilar, sudralib yuruvchilar; qushlardan oʻrdak, gʻoz, oqqush, qoʻton, birqozon, chittak, inuya, dehqonchumchuq, qizilishton, sassiqpopishak, zargʻaldoq va boshqa uchraydi. Tuproqlari, asosan, qumli choʻl tuproqlardan iborat. Foydali qazilmalardan poydevorda ishlatiladigan tosh olinadi (Sarichunkoʻl, Naymankoʻl).

Aholisi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Aholisi, asosan, qoraqalpoqlar va oʻzbeklar, shuningdek, qozoq, turkman, rus, tatar, koreys va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km² ga 172 kishi (2004).

Iqtisodiyoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tumanda 10 ta sanoat korxonasi (shu jumladan, un va yorma, sholi , aralash yem zavodlari va boshqalar), 4 avtokorxona, pochta, elektr aloqasi korxonalari, temir yoʻl transporti, gaz quvurlari (RFning markaziy oʻrinlari va Uralga gaz uzatadigan kompressorlar), tikuvchilik fabrikasi, gilamchilik korxonasi va boshqa faoliyat koʻrsatadi.

Tumanda hozirgi vaqtda 26 ochiq turdagi aksionerlik jamiyati, 24 ta javobgarchiligi cheklangan jamoatchilik korxonalari, 90 dan ziyod savdo turmush boʻlimlari, dorixonalar, xususiy kichik va yakka korxonalar firmalarining soni 676 gektarga yetgan[2].

Qishloq xoʻjaligining asosiy tarmogʻi — paxtachilik. Gʻalla, sabzavot va poliz, kartoshka, sholi, yemxashak ekinlari ham ekiladi. 11 shirkat, 5 fermer xoʻjalik uyushmasi boʻlib, 490 dehqon xoʻjaligi tashkil etilgan. Tumandagi 329 ta fermer xoʻjaligi dehqonchilik, 69 tasi chorvachilik, 16 tasi bogʻdorchilik bilan shugʻullanadi. Tumanda 22,5 ming ga yerga qishloq xoʻjaligi ekinlari ekiladi. Xoʻjayli tumanidagi jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarda qoramol, qoʻy va echki, yilqi, parranda boqiladi. Pillachilik bilan ham shugʻullaniladi.

Tumanda 72 umumiy taʼlim maktabi, 2 maxsus internat maktabi, mehribonlik uyi, 4 oʻquvchilarni kasbga yoʻnaltirish markazi ishlab turibdi.

9 ta madaniyat uyi, 3 klub, xalq teatri, madaniyat va istirohat bogʻi, 35 kutubxona aholiga xizmat koʻrsatadi. 3 kasalxona, 5 poliklinika, 2 dispanser, 10 qishloq vrachlik punkti, 4 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 14 feldsherakusherlik punkti, tez tibbiy yordam boʻlimi mavjud.

Tarixiy va meʼmoriy yodgorliklardan Mizdakxon oʻrta asr shahri xarobasi, uning hududida Gabr qalʼa tepaligi, Jumard tepaligi, Antakiya shahar tepaligi (XIV asr), Mazlumxon Suluv maqbarasi (XIII asr oxiri — XIV asr boshi), Shamun Nabi maqbarasi, Rajab Xalifa uyi, Qirq choʻpon yodgorligi saqlangan[3].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. ХЎЖАЙЛИ ТУМАНИ ҲОКИМИ
  2. К.Қунназаров. Бес қала. Теңиздиң әтирапы елим. Нөкис. 2010.
  3. "Xoʻjayli tumani" OʻzME. X-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil