Xitoyda Islom

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search
Xitoydagi musulmonlar statistikasi (2011)

Xitoyda Islom (伊斯兰教 Yīsīlánjiào yoki 回教 Huíjiào) diniga 1400 yildan beri amal qilinib kelinadi.[1] Soʻnggi taxminlarga koʻra, musulmonlar mamlakat aholisining 0,45-2,8 foizini tashkil qiladi. Xueylar Xitoydagi eng yirik musulmonlar guruhi boʻlsa-da, eng koʻp musulmon istiqomat qiladigan hudud Sinszyan-Uygʻur muxtor rayonidir. Rayonda koʻp sonli musulmon uygʻurlar yashaydi.

Xitoy hududida Islom dinini ilk bor 651-yilda Saʼd ibn Abu Vaqqos yetakchiligidagi diplomatik missiya targʻib qilganiga ishoniladi. 8-asrda asosan arablardan iborat musulmonlar Xitoyga savdo uchun sayohat qilgan. 760-yilda Yanchjoy qirgʻinida koʻplab musulmon arab oʻldirilgan. 878–879-yillarda Guanchjou qirgʻinida yana arablar nishonga olingan. Bunga qaramasdan, musulmonlar Sun sulolasi hukmronligi davrida (960–1279) import va eksport sanoatida muhim oʻrin tutishda davom etgan. Yuan sulolasi (1271–1368) davrida koʻplab musulmon samarali boshqaruv qobiliyatiga ega boʻlgani uchun Xitoyning turli burchagiga yuborilgan.

Min sulolasi (1368–1644) davrida avvalroq mamlakatga kelgan musulmonlar avlodlari xitoy tili shevalarida soʻzlasha hamda xitoy xalqlari ismlari va madaniyatini oʻzlashtira boshlagan. Ular oʻz taomlarini hamda arxitektura, jangovar sanʼat uslublari hamda kalligrafiyalarini ishlab chiqqanlar. Ushbu davr ayrim manbalarda Xitoydagi Islomning oldin davri oʻlaroq yuritiladi. Aynan shu davrda Nankin islomiy izlanishlarning muhim markaziga aylangan.

Sin sulolasi hukmronligi davirida (1636–1912) bir necha islomiy inqilob roʻy bergan. Xususan, 1855–1873-yillarda Yunnanda Pantay isyoni, 1862–1877-yillarda asosan Sinszyan, Shensi va Gansuda Dungan isyoni sodir boʻlgan. Majur hukumat barcha isyonchilarni qatl qilishni buyurgan, natijada Pantay isyoni ortidan bir million musulmon qirgʻin qilingan, Dungan isyoni ortidan esa bir necha million musulmon oʻldirilgan.[2]

1949-yilda Xitoy Xalq Respublikasi tuzilganidan keyin, hukumat ateizmni targʻib qila boshladi, boshqa dinlar qatori Islom dini repressiyaga uchradi. 1966–1976-yillardagi Madaniy inqilob davomida Xitoy kommunistik partiyasi koʻplab masjidlarni yopdi yoki buzib tashladi, Qurʼon nusxalarini yoʻq qildi. 1980-yillarda mamlakatda diniy repressiya qisman sustlashdi, musulmon guruhlar faoliyati qayta tiklana boshladi.

Xitoydagi musulmonlarning hozirgi kundagi soni haqida toʻliq maʼlumot yoʻq. Turli manbalarda Xitoyda 20 milliondan 35 milliongacha musulmon istiqomat qilishi xulosa qilingan. Mamlakatda rasman tan olingan 55 etnik ozchiliklar guruhlarining 10 tasi musulmon xalqlardir. Ayni damda Xitoyda taqriban 35-45 ming masjid, 40-50 ming imom hamda 10 Qurʼon institutlari bor. Keyingi yillarda Xitoy rasmiylari musulmonlarni, xususan, Sinszyan-Uygʻur muxtor rayonidagi uygʻurlarni keskin siquvga olib keladi.[3]

Manbalar[tahrir]

  1. Gladney, Dru C. (2003). "The China Quarterly - Islam in China: Accommodation or Separatism? - Cambridge Journals Online". The China Quarterly 174: 451–467. doi:10.1017/S0009443903000275. 
  2. Gernet, Jacques (1996). A History of Chinese Civilization. New York: Cambridge University Press. ISBN 0521497124. 
  3. Myers, Steven Lee (2019-09-21). "A Crackdown on Islam Is Spreading Across China". The New York Times. ISSN 0362-4331. https://www.nytimes.com/2019/09/21/world/asia/china-islam-crackdown.html.